Turizm | 14:17
443
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston 2030 yilgacha 20 mln sayyohni qabul qilishni rejalashtirmoqda

Qirg‘izistonning “Kabar” milliy axborot agentligi O‘zbekiston turizm salohiyatiga bag‘ishlangan maqola chop etib, 2030 yilgacha xorijiy sayyohlar sonini 20 millionga yetkazish va sohaning iqtisodiyotdagi ulushini oshirish rejalari haqida yozdi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

“Dunyo” AA xabar qilishicha, “O‘zbekiston 2030 yilgacha xorijiy sayyohlar sonini 20 millionga yetkazishni maqsad qilgan” sarlavhali maqolada mamlakatda turizmni rivojlantirish strategiyasi doirasida sohaning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini hozirgi 3,5 foizdan 7 foizgacha oshirish rejalashtirilgani qayd etilgan. Buning uchun investitsiyalarni faol jalb qilish, turizm xizmatlari sifatini oshirish hamda yangi ish o‘rinlari yaratish muhim yo‘nalishlar sifatida ko‘rsatilgan.

Maqolada keltirilishicha, hozirda O‘zbekistonga har yili 11 milliondan ortiq xorijiy sayyoh tashrif buyuradi. 2030 yilga borib mazkur ko‘rsatkichni 20 millionga yetkazish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, turizm xizmatlarining yillik eksportini 6 milliard dollarga chiqarish ham maqsad qilingan.

“Kabar” nashrida turizmni rivojlantirishning asosiy omillaridan biri sifatida infratuzilmani modernizatsiya qilish alohida ta’kidlangan. Xususan, turizm shaharlari o‘rtasida transport qatnovini yaxshilash, ichki aviaqatnovlarni ko‘paytirish hisobiga sayohat vaqtini kamida 3 barobarga qisqartirish rejalashtirilayotgani qayd etilgan.

Shu bilan birga, maqola muallifi O‘zbekistonda turistik yo‘nalishlarni diversifikatsiya qilish, hududlarning turizm salohiyatidan to‘liq foydalanish masalalariga ham alohida e’tibor qaratilayotganini bildirgan.

Mavzuga oid