Jahon | 14:39
771
3 daqiqa o‘qiladi

Mers: Shimoliy dengizda xavfsizlik masalasi ayniqsa dolzarb bo‘lyapti

Germaniya kansleri Fridrix Mers so‘nggi paytlarda Shimoliy dengizda xavfsizlik masalasi alohida dolzarb ahamiyat kasb etganini bildirdi. U bu haqda 26 yanvar, dushanba kuni Hamburgda o‘tgan Shimoliy dengiz masalalari bo‘yicha sammitda aytgan. Germaniya bu forumni ilk bor qabul qilmoqda.

Foto: Kay Nietfeld/dpa

Tadbirda to‘qqizta Yevropa davlati — Belgiya, Daniya, Fransiya, Irlandiya, Islandiya, Lyuksemburg, Niderlandiya, Norvegiya va Buyuk Britaniya vakillari qatnashmoqda. Shuningdek, Yevrokomissiya, NATO, korxonalar, assotsiatsiyalar va nodavlat tashkilotlardan 140 nafardan ortiq xodimlar ham taklifni qabul qilgan.

Sammit ishtirokchilari xavfsizlik bilan bir qatorda energiya ta’minoti va dengizda shamol energetikasini rivojlantirish masalalarini muhokama qilmoqda. Mersning aytishicha, “juda ko‘p miqdorda” shamol generatorlari allaqachon qurilgan va bu yo‘nalishda mamlakatlar “tez sur’atda oldinga siljishi kerak”. Kansler qo‘shimcha qilishicha, forum ishtirokchilarini birlashtirib turgan maqsad — “Shimoliy dengizni dunyodagi eng yirik toza energiya rezervuariga aylantirish”.

GFR hukumati ma’lum qilishicha, uchrashuvda qatnashgan mamlakatlar energetika vazirlari quvvati 100 GVtgacha bo‘lgan transchegaraviy energetik tarmoq yaratish bo‘yicha kelishib olgan. Bundan tashqari, Shimoliy dengiz davlatlari, shamol energetikasi sanoati va elektr uzatish tarmoqlari operatorlari o‘rtasida qo‘shma investitsiya pakti ham ko‘zda tutilgan.

Shimoliy dengiz masalalari bo‘yicha sammit birinchi marta 2022 yilda Daniyaning Esberg shahrida, 2023 yilda esa Belgiyaning Ostende shahrida bo‘lib o‘tgan. Bu format Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga javob sifatida yaratilgan bo‘lib, asosiy maqsad — qazilma yoqilg‘i importiga, ayniqsa RFdan bo‘lgan ta’minotga qaramlikni kamaytirish. Asosiy e’tibor mos investitsiya sharoitlarini yaratish, transchegaraviy rejalashtirish va juda muhim infratuzilmani himoya qilishga qaratilgan.

2025 yil oktyabr oyi boshida Daniya harbiy razvedkasi rahbari Tomas Arenkil Rossiya Harbiy-dengiz floti kemalari Daniya harbiy kemalari va vertolyotlariga qurollarini qaratganini, shuningdek Boltiq va Shimoliy dengizlarni bog‘laydigan Daniya bo‘g‘ozlarida navigatsiya tizimlari ishiga xalal berganini aytgan. Maxsus xizmat bu haqdagi hisobotida Rossiya g‘arbga qarshi gibrid urush olib borayotgani, maqsad esa “NATOning siyosiy birdamligini zaiflashtirish” va “qaror qabul qilish qobiliyati”ni izdan chiqarish ekanini qayd etgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid