O‘zbekiston | 16:26 / 28.01.2026
8063
2 daqiqa o‘qiladi

Ichki ishlar vazirining ikki o‘rinbosari ishdan ketdi

Ayubxon Rahmatullayev va Davron Nazarmuhamedov IIV rahbariyatini tark etdi.

Polkovnik Ayubxon Rahmatullayev boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari – Tezkor-qidiruv departamenti boshlig‘i lavozimidan ozod etildi.

Rahmatullayev muqaddam ichki ishlar vazirining o‘rinbosari – moliya va moddiy texnika ta’minoti bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan, 2021 yil martidan Andijon viloyati IIB boshlig‘i bo‘lgan, 2025 yil martida IIV rahbariga o‘rinbosarlikka qaytarilgandi.

Uning endi qaysi ishga o‘tayotgani hozircha ma’lum emas.

Shuningdek, general-mayor Davron Nazarmuhamedov O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining o‘rinbosari – Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamenti boshlig‘i lavozimidan ozod etilgan.

Davron Nazarmuhamedov 2014 yilga qadar Milliy xavfsizlik xizmati (hozirgi DXX) ijro apparatida ishlagan. 2014–2015 yillarda Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari – O‘zbekiston IIV Jinoyat qidiruv va terrorizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan. 2014–2015 yillarda prezidentning Tashkiliy-kadrlar ishlari bo‘yicha davlat maslahatchisi lavozimida ishlagan.

2017–2019 yillarda ham ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan, 2019 yil iyulida Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangandi.

2023 yil vazir o‘rinbosari lavozimiga qaytarilgandi. Uning keyingi faoliyati haqida hozircha ma’lumot yo‘q.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев

Mavzuga oid