Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Chexiya shaharlarida prezident Pavelni qo‘llab-quvvatlash mitinglari bo‘lib o‘tdi
Chexiyaning 400 dan ortiq aholi punktlari, jumladan Brno, Ostrava va Pardubitseda yashovchilar prezident Petr Pavel bilan bosh vazir Andrey Babish o‘rtasidagi bahs fonida Pavelni qo‘llab-quvvatlash aksiyalariga chiqdi.
Foto: Ožana Jaroslav/CTK/dpa/picture alliance
Chexiyada minglab odamlar 15 fevral, yakshanba kuni 400 dan ortiq aholi punktlarida ko‘chalarga chiqib, liberal va g‘arb tarafdori bo‘lgan prezident Petr Pavelni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Bu chiqishlar Pavel bilan hukumat rahbari — o‘ng populist va yevroskeptik Andrey Babish o‘rtasidagi keskinlashgan mojaro fonida bo‘lib o‘tdi.
Chexiyaning CTK axborot agentligi xabar berishicha, aksiyaga “Demokratiya uchun million lahza” tashabbusi chaqirgan. Shu ma’lumotlarga ko‘ra, Chexiyada aholisi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadigan Brno shahrida namoyishga 8000 dan 10 000 nafargacha odam chiqqan.
Aksiyalar Ostrava (Chexiyada aholisi bo‘yicha uchinchi shahar), Pardubitse, Karlovi Vari kabi shaharlarda ham o‘tkazilgan. Ayrim ishtirokchilar o‘zlari bilan Pavelning portretlarini olib chiqqan. Boshqalar esa hukumat a’zolarining ustidan chizib qo‘yilgan tasvirlari tushirilgan plakatlarni ushlab turgan.
1 fevral kuni Pavelni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘p ming kishilik miting Pragada bo‘lib o‘tgan edi. Tashkilotchilar bahosiga ko‘ra, unda 90 ming nafargacha odam qatnashgan. Keyingi mitingni Pragada 21 mart kuni o‘tkazish rejalashtirilgan.
Pavel bilan Babish o‘rtasidagi mojaro prezidentning “Avtomobilistlar o‘zlari uchun” partiyasining faxriy raisi Filip Turekni atrof-muhit vaziri etib tayinlashdan bosh tortganidan keyin avj olgan. Pavel bu qarorini Turekning avval aytgan ayrim bayonotlari, uning fikricha, demokratik davlatda vazir lavozimiga mos kelmasligi bilan izohlagan.
Prezident, shuningdek, Turekning partiyadoshi bo‘lgan tashqi ishlar vaziri Petr Masinkani mazkur tayinlov masalasida unga bosim o‘tkazishga urinish va amalda shantaj qilishda omma oldida ayblagan. Pavelni hozir muxolifatda bo‘lgan partiyalar vakillari qo‘llab-quvvatlagan.
Mavzuga oid
10:33 / 02.02.2026
Pragada prezidentni qo‘llab-quvvatlash mitingi o‘tkazildi
13:48 / 20.01.2026
Chexiya bosh vaziri: YeI Putin bilan muzokara olib borishi kerak edi
10:25 / 19.01.2026
O‘zbekiston, Polsha va Chexiya agrosohada hamkorlikni kengaytiradi
09:31 / 03.01.2026