Iqtisodiyot | 18:55 / 17.02.2026
902
2 daqiqa o‘qiladi

Yil boshidan beri O‘zbekistonda 1 mlrd kWh “yashil” energiya ishlab chiqarildi

Bugungi kunda O‘zbekistonda umumiy quvvati 5582 MW bo‘lgan 15 ta quyosh hamda 5 ta shamol elektr stansiyasi “yashil” energiya ishlab chiqaryapti.

Foto: Energetika vazirligi

2026 yil boshidan buyon quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmi 1 mlrd kWh’ga yetdi, deya xabar berdi Energetika vazirligi axborot xizmati.

“13 fevral soat 12:30 holatiga ko‘ra, O‘zbekistondagi quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan 2026 yil boshidan beri ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmi 1 mlrd kWh’ni tashkil qildi. Aytish joizki, bugungi kunda yurtimizda umumiy quvvati 5582 MW bo‘lgan 15 ta quyosh fotoelektr stansiyasi hamda 5 ta shamol elektr stansiyasi “yashil” energiya ishlab chiqaryapti”, deyiladi vazirlik xabarida.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanila boshlangan 2022 yili Navoiy va Samarqand viloyatlaridagi quyosh fotoelektr stansiyalari tomonidan 434 mln kWh, 2023 yilda esa 576,9 mln kWh elektr energiyasi ishlab chiqarilgan.

2024 yil 9 ta quyosh va 1 ta shamol elektr stansiyasi tomonidan ishlab chiqarilgan jami elektr energiyasi hajmi 4 mlrd 860 mln kWh bo‘lgan bo‘lsa, 2025 yilda barcha quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmi 10,5 mlrd kWh’ga yetgan.

2026 yil boshidan 13 fevral kuni soat 12:30 holatiga qadar quyosh fotoelektr stansiyalari tomonidan 396 mln kWh, shamol elektr stansiyalari tomonidan esa 604 mln kWh, jami 1 mlrd kWh elektr energiyasi ishlab chiqarilgan va bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 40 foizga ko‘p.

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров

Mavzuga oid