Texnologiya | 07:33
2175
4 daqiqa o‘qiladi

Mask Oyda elektromagnit katapulta qurmoqchi

SpaceX asoschisi Ilon Mask yaqinda sotib olingan xAI kompaniyasi xodimlariga Oyda sun’iy intellekt (SI) uchun ma’lumotlarni qayta ishlash markazi vazifasini bajaradigan sun’iy yo‘ldoshlar ishlab chiqarish zavodi qurish niyati borligini bildirdi. Bundan tashqari, u Oy yuzasiga ushbu apparatlarni kosmosga «otib chiqaradigan» katapulta o‘rnatish g‘oyasini ham ilgari surdi.

Foto: SpaceX

«Mening hisob-kitoblarimga ko‘ra, ikki–uch yil ichida SI uchun hisoblash quvvatlarini ta’minlashning eng arzon usuli — ularni kosmosda joylashtirish bo‘ladi», — dedi Mask.

xAI xodimlarining umumiy yig‘ilishida (uning videosi X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilingan) Mask bu fikrni yana tasdiqladi. Uning aytishicha, yaqin istiqbolda asosiy ustuvor vazifa — sun’iy yo‘ldoshlarni Yerdan uchirish bo‘lib qoladi. Ammo yangi o‘ta og‘ir Starship raketa tizimi kelajakda boshqa osmon jismlarida ham faoliyat yuritish imkonini beradi. Starship Oyga juda katta hajmdagi yuklarni yetkaza oladi, bu esa ilmiy va ishlab chiqarish maqsadlarida doimiy infratuzilma yaratish imkonini ochadi.

Mask rejasiga ko‘ra, Oydagi zavodlar mahalliy resurslardan foydalanib sun’iy yo‘ldoshlar ishlab chiqaradi va keyin ularni elektromagnit tezlatish majmuasi yordamida kosmosga uchiradi.

Mask Oyda shunday mass driver deb ataladigan qurilmalardan — ya’ni elektromagnit relsotronlardan foydalanish g‘oyasini ilgari surgan birinchi inson emas. U 1974 yilda bu konsepsiyani taklif qilgan kosmik vizioner Jyerard O’Nill izidan bormoqda. O’Nill, masalan, Oydan qazib olingan beysbol to‘pi kattaligidagi ruda bo‘laklarini kosmosga uchirishni taklif qilgan. Orbitada bu xomashyodan kosmik koloniyalar va quyosh elektr stansiyalari qurishda foydalanish mumkin bo‘lardi.

O’Nill bu g‘oya ustida Massachusets texnologiya institutida hamkasbi Genri Kolm va talabalar guruhi bilan ishlab, katapultaning birinchi prototipini yaratgan. Keyinchalik Kosmik tadqiqotlar instituti grantlari yordamida yanada takomillashtirilgan modellar ishlab chiqildi. Ular uzunligi atigi 160 metr bo‘lgan qurilma ham yukni Oy yuzasidan kosmosga chiqara olishini ko‘rsatdi.

O’Nill, Kolm va talabalar laboratoriya namunasini namoyish qildi, ularning hisob-kitoblariga ko‘ra uni bir necha kilometrli ishchi tizimgacha kengaytirish mumkin. Bunday tizim Yer–Oy tizimining Lagranj nuqtalaridan biriga yiliga 600 000 tonnagacha yuk yetkazib berishga qodir bo‘lar edi.

So‘nggi yillarda Oyda elektromagnit uchirish tizimlari istiqbolini General Atomics Electromagnetic Systems mutaxassisi Robert Piterkin ham qo‘llab-quvvatladi. U 2023 yilda AQSh Harbiy-havo kuchlarining Ilmiy tadqiqotlar boshqarmasi (AFOSR)ga «Milliy xavfsizlik va iqtisodiy o‘sish manfaatlari uchun resurslarni o‘zlashtirish maqsadida Oyda elektromagnit uchirish» nomli ma’ruza taqdim etgan.

Piterkinning ta’kidlashicha, Oy yuzasiga 100 tonnagacha yuk yetkaza oladigan Starship bunday dasturning asosiy elementiga aylanadi. SpaceX va NASA allaqachon Oy bazasini barpo etish rejalarini ishlab chiqmoqda va uning joylashuvi ishonchli elektromagnit uchirish tizimini joylashtirish imkoniyatidan kelib chiqib tanlanishi kerak, deb hisoblaydi u.

Ma’ruzada ta’kidlanishicha, Oy kremniy, titan, alyuminiy va temir kabi foydali resurslarga boy. Ayniqsa, suv qazib olish imkoniyati katta ahamiyatga ega.

«Yaqin kelajakda Oy iqtisodiyoti mahalliy resurslardan foydalanib, Oy orbitasidagi kosmik apparatlarni ta’mirlash, yonilg‘i quyish va ta’minot ishlarini Yerdan material tashishdan ko‘ra arzonroq amalga oshira oladi», — deb xulosa qildi Piterkin.

Shu tariqa, Maskning sun’iy yo‘ldoshlar uchun «Oy katapultasi» g‘oyasi fantaziyadan ko‘ra, kosmik texnologiyalar jadal rivojlanayotgan bir paytda yana dolzarb bo‘lib borayotgan eski konsepsiyaning zamonaviy talqinidir.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid