O‘zbekiston | 09:44
1300
3 daqiqa o‘qiladi

Lord Mandelson hibsdan so‘ng garov evaziga ozod qilindi

Londonda Peter Mandelson mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish gumoni bilan hibsga olinganidan so‘ng, garov evaziga ozod qilindi, deb xabar berdi Metropolitan Police.

Foto: Justin Tallis/AFP/Getty Images

Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, 72 yoshli erkak qo‘shimcha tergov ishlari davom ettirilishi munosabati bilan vaqtincha qo‘yib yuborilgan. BBC News uning seshanbaga o‘tar kechasi soat 02:00 lar atrofida Londondagi uyiga qaytib kelganini xabar qildi.

Mandelson dushanba kuni Kemden (shimoliy London)dagi manzilda qo‘lga olingan va so‘roq uchun politsiya bo‘limiga olib ketilgan. Hibsga olishdan oldin Kemden va Uilshirdagi ikki manzilda qidiruv o‘tkazilgan.

Tergov bu oy boshida paydo bo‘lgan ayblovlarga bog‘liq. Manbalarga ko‘ra, Mandelson hukumat vaziri bo‘lib ishlagan davrida bozor uchun muhim bo‘lishi mumkin bo‘lgan hukumat ma’lumotlarini marhum, sudlangan pedofil Jyeffri Epshteynga yetkazgan bo‘lishi mumkin.

Ayblovlar AQSh Adliya vazirligi o‘tgan oy e’lon qilgan hujjatlardan keyin yuzaga chiqqan. Ular orasida 2009 yilgi elektron xatlar bo‘lib, unda o‘sha paytdagi bosh vazir Gordon Braun hukumatiga oid ayrim siyosat choralari tilga olingan. Shuningdek, 2010 yilda bankirlar bonuslariga soliq va yevro hududi uchun qutqaruv paketi masalalari muhokama qilingani aytilmoqda.

BBC ma’lum qilishicha, Mandelson o‘zini jinoyat sodir etmagan deb hisoblaydi va moliyaviy manfaat ko‘zlamaganini bildirgan.

Piter Mandelson Britaniya siyosatchisi bo‘lib, 1980-yillardan boshlab Leyboristlar partiyasida faoliyat yuritgan. U “Yangi leyboristlar” harakatida muhim rol o‘ynagan va Toni Bleyrning 1997 yilgi saylovdagi yirik g‘alabasida ishtirok etgan.

U turli yillarda Britaniya hukumatida vazirlik lavozimlarida ishlagan, jumladan savdo va biznes masalalari uchun mas’ul bo‘lgan. 2025 yil fevralda u Buyuk Britaniyaning AQShdagi elchisi etib tayinlangan, ammo sentabr oyida lavozimidan ozod etilgan.

Britaniya hukumati Mandelsonning tayinloviga oid ayrim hujjatlarni mart oyi boshida e’lon qilishni rejalashtirgan. Bosh vazir Kir Starmer Mandelson tekshiruv jarayonida “yolg‘on ma’lumot bergan” bo‘lishi mumkinligini aytgan.

Konservatorlar rahbari Kemi Badenox uning hibsga olinishini hukumat uchun jiddiy siyosiy zarba deb baholadi.

Ayni paytda politsiya bilan Crown Prosecution Service o‘rtasida maslahatlashuvlar davom etmoqda. Tergov ishlari hali yakunlanmagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid