Turizm | 09:04
668
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston 2026 yilda 12 mln xorijiy mehmonni qabul qilishni rejalashtirmoqda

Belgiyaning Travel Tomorrow nashrida O‘zbekiston 2026 yilda 12 million xorijiy sayyohni qabul qilishni maqsad qilayotgani haqida maqola e’lon qilindi. Nashrda bu reja pandemiyadan keyin turizm sohasining tiklanishi va uni iqtisodiy o‘sish drayveriga aylantirishga qaratilgan strategiya bilan bog‘landi.

Foto: “Dunyo” AA

“Dunyo” AA xabar berishicha, Travel Tomorrow bosh muharriri Antonio Buskardini muallifligidagi materialda O‘zbekiston turizm rivojida yangi muhim bosqichni belgilagani qayd etilgan. Maqolada 2026 yilda 12 million xorijiy mehmonni qabul qilish rejasi 2026 yil Toshkentda bo‘lib o‘tgan mehmonxona biznesi forumida alohida ta’kidlangani keltirilgan.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat sayyohlarni joylashtirish infratuzilmasini faol kengaytirmoqda. Turizm qo‘mitasi ma’lumotlari asosida so‘nggi yillarda mingdan ortiq yangi joylashtirish vositalari — mehmonxonalar, xostellar va oilaviy mehmon uylari ishga tushirilgani ta’kidlangan.

Materialda O‘zbekistonda umumiy o‘rinlar soni qariyb 185,6 ming bo‘lgan 6 921 ta joylashtirish vositasi faoliyat ko‘rsatayotgani qayd etiladi. Bu o‘sib borayotgan sayyohlar oqimini qabul qilish bilan birga, xizmat sifati va hududlar kesimidagi imkoniyatlarni ham kengaytirishi aytilgan.

Shuningdek, Travel Tomorrow O‘zbekiston sayyohlik xaritasini Samarqand, Buxoro va Xiva kabi an’anaviy yo‘nalishlardan tashqariga kengaytirib, Qashqadaryo, Qoraqalpog‘iston va Farg‘ona vodiysi kabi hududlarni rivojlantirishga e’tibor qaratganini yozgan.

Raqamlashtirish masalasiga ham urg‘u berilgan: maqolada sayyohlik tajribasini shaxsiylashtirish, tashriflar oqimini optimallashtirish va xizmatlar samaradorligini oshirish uchun sun’iy intellekt hamda “aqlli” texnologiyalar joriy etilayotgani keltirilgan. Bu yondashuv 2030 yilgacha har yili 20 million xorijiy sayyohni jalb qilish maqsadiga erishishda muhim omil sifatida baholangan.

Ichki turizm haqida ham ma’lumot keltirilib, 2025 yilda Travel Uzbekistan dasturi doirasida 23,7 milliondan ortiq ichki sayohat amalga oshirilgani ta’kidlangan.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekistonga xalqaro tashriflar soni qariyb 11 millionga yetgan, turizmdan olingan daromad esa 4,4 milliard AQSh dollaridan oshgan. Maqolada barqaror investitsiyalar, yo‘nalishlarni diversifikatsiya qilish va raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali O‘zbekiston jahon bozorida raqobatbardosh sayyohlik yo‘nalishi sifatida o‘z mavqeini mustahkamlayotgani xulosa qilingan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid