Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Oliy sud: “Tal’at Shodmonov yana taftish shikoyati berishi mumkin”
Prokuror o‘rinbosariga aloqador odamlarni “bezovta” qilib qo‘ygani ortidan bosimga uchraganini aytgan sobiq IIB xodimi Tal’at Shodmonovda Oliy sudga yana taftish shikoyati berish huquqi bor. Oliy sudga ko‘ra, mahkama tomonidan sobiq xodimga berilgan javob xatlari uning taftish tartibida takroran shikoyat keltirishiga cheklov qo‘ya olmaydi.
Foto: Kun.uz
Hozirda ta’lim sohasida ishlaydigan, prokuror o‘rinbosarining bosimi ortidan nohaq sudlanib, ishdan bo‘shatilganini aytgan sobiq IIB xodimi Tal’at Shodmonov Oliy sudga yana taftish shikoyati berishi mumkin. Oliy sud matbuot xizmati rahbari Aziz Obidov sobiq xodimga aloqador holat yuzasidan bayonot berdi.
Ma’lum qilinishicha, 1988 yilda tug‘ilgan, Jomboy tumani IIB XOOB MTP profilaktika inspektori lavozimida ishlagan Tal’at Shodmonov JIB Samarqand shahar sudining 2017 yil 3 martdagi hukmiga muvofiq Jinoyat kodeksining 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 1-qismi va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 1-qismi bilan aybli deb topilgan. Unga 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda ish haqining 20 foizi davlat daromadi hisobiga ushlab qolish sharti bilan 2 yil 6 oy axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.
Tal’at Shodmonov Oliy majlis Senatining 2016 yil 12 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma to‘rt yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida”gi qarori 2-bandiga asosan tayinlangan asosiy jazodan ozod qilingan.
Samarqand viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2017 yil 11 apreldagi ajrimi bilan birinchi instansiya sudi hukmi, Samarqand viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati taftish instansiyasining 2025 yil 8 maydagi ajrimi bilan esa sud qarorlari o‘zgarishsiz qoldirilgan.
“2025 yil 5 avgust kuni Oliy sud jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi tomonidan sud qarorlari yuzasidan Tal’at Shodmonovning himoyachisi keltirgan shikoyat jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati taftish instansiyasida ko‘rib chiqish uchun asoslar yetarli emasligi sababli rad qilingan.
Ta’kidlash joizki, Tal’at Shodmonovga oid jinoyat ishi yuzasidan chiqarilgan sud qarorlaridan norozi bo‘lib, uning advokati Oliy sud raisi qabulida topshirgan shikoyat ish hujjatlari asosida o‘rganib chiqilgan. Natijada advokatning Tal’at Shodmonovga oid jinoyat ishini Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida ko‘rish haqidagi murojaati qanoatlantirilmasdan qoldirilgan. Bu haqda Oliy sud tomonidan 2025 yil 25 dekabrdagi 13-1158-25-sonli, keyinchalik esa 2026 yil 26 yanvardagi 03-11/26-62-sonli va 19 fevraldagi 03-11/26-14436-sonli xatlar bilan murojaatchiga ma’lum qilingan”, deyiladi bayonotda.
Qo‘shimcha qilinishicha, Tal’at Shodmonovga Oliy sud tomonidan berilgan javob xatlari uning taftish tartibida takroran shikoyat keltirishiga cheklov qo‘ya olmaydi. Sobiq IIB xodimi Oliy sudga yana taftish shikoyatini berishi mumkin.
Tal’at Shodmonov avvalroq Kun.uz’ga prokuror o‘rinbosariga aloqador odamlarni “bezovta” qilib qo‘ygani ortidan bosimga uchraganini aytib bergandi. Ma’lum qilishicha, qonuniy ishlaganiga qaramay unga nisbatan jinoiy ish ochilib, ish sudgacha borgan. Sudda esa ishni unga bosim qilgan prokuror o‘rinbosarining do‘sti bo‘lgan sudya ko‘rgan.
Mavzuga oid
09:30 / 26.02.2026
“Nohaq ayblashdi” – Samarqandda sobiq IIB xodimi Oliy suddan adolat kutyapti
19:17 / 19.12.2025
Oliy sud va Sudyalar oliy kengashi tarkibiga o‘zgartirishlar kiritildi
14:56 / 17.12.2025
Oliy sud: 273-modda bilan sudlanganlar soni 2,8 mingdan oshdi
16:30 / 05.09.2025