O‘zbekiston | 11:58
8701
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Surxondaryoga tashrif buyurdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga amaliy tashrif bilan bordi. Davlat rahbari safarni an’anaga ko‘ra Hakim at-Termiziy maqbarasini ziyorat qilishdan boshladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Safar doirasida Qur’on tilovat qilinib, xalq va yurtga tinchlik-farovonlik tilab duo qilindi.

Ziyoratdan so‘ng ulamolar bilan bo‘lib o‘tgan suhbatda islom dini rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk alloma Hakim Termiziyning ma’naviy-ma’rifiy merosini chuqur o‘rganish hamda uni yurtdoshlarimiz va xalqaro jamoatchilik o‘rtasida keng targ‘ib qilish masalalari muhokama etildi.

Shuningdek, muqaddas dinimizning ezgulik va insonparvarlik, mehr-shafqat kabi fazilatlari, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash va rivojlantirish, shu asosda yosh avlodni ezgu g‘oyalar ruhida tarbiyalash hamda ularning qalbida vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini yanada kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.

Ma’lum qilinishicha, keyingi yillarda ta’mirlanib, yanada obod va go‘zal majmuaga aylangan ushbu tabarruk maskanda ziyoratchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Atrof obodonlashtirilib, maqbaraning o‘zida ham katta hajmda ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, zamonaviy yoritqichlar, isitish va sovitish tizimlari o‘rnatilgan. Majmuada mikroiqlim yaratish maqsadida to‘rt mingdan ortiq — 40 turdagi ko‘p yillik manzarali daraxt va 20 mingdan ziyod mavsumiy gullar ekilgan.

Tashrif chog‘ida islom ilmlarining tafsir, hadis, fiqh, kalom, islom falsafasi, tasavvuf tarixi va tasavvufiy qarashlar kabi yo‘nalishlarida ko‘plab asarlar yozgan mutafakkir majmuasini obod saqlash, ziyoratchilar uchun qulayliklarni yanada kengaytirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid