Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xayrulla Ibodullayevga «Jasorat» medali tantanali topshirildi
26 fevral kuni O‘zbekistonning Sankt-Peterburg shahridagi Bosh konsulxonasida vatandosh Xayrulla Ibodullayevga «Jasorat» medali tantanali ravishda topshirildi. U Sankt-Peterburgdagi favqulodda vaziyatda o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, yuqoridan qulab tushayotgan yosh bolani qutqarib qolgani uchun ushbu mukofotga sazovor bo‘ldi.
Foto: TIV
26 fevral kuni O‘zbekistonning Sankt-Peterburg shahridagi Bosh konsulxonasida vatandosh Ibodullayev Xayrulla Saydullayevichga «Jasorat» medalini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekistonning Rossiya Federatsiyasidagi favqulodda va muxtor elchisi B.Asadov, Bosh konsulxona xodimlari, vatandoshlar hamda Rossiya ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Marosimda so‘zga chiqqan elchi B.Asadov O‘zbekiston prezidentining tegishli farmoniga muvofiq, Sankt-Peterburg shahrida sodir bo‘lgan favqulodda va murakkab vaziyatda o‘z joni va salomatligini xavf ostiga qo‘yib, ko‘p qavatli uyning yuqori qismida sodir bo‘lgan hodisada pastga qulab tushayotgan yosh bolaga amaliy yordam ko‘rsatgani va uning hayotini saqlab qolgani uchun X.Ibodullayev «Jasorat» medali bilan taqdirlanganini ta’kidladi.
Elchi ushbu mukofot nafaqat bir inson jasoratining e’tirofi, balki yurtdoshlarning insoniylik, bag‘rikenglik va yuksak ma’naviy qadriyatlarga sodiqligini ifodalovchi muhim ramz ekanini alohida qayd etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Xayrulla Ibodullayev yuksak e’tirof uchun davlat rahbariga minnatdorlik bildirib, bunday vaziyatda har bir o‘zbek farzandi bolaning hayotini saqlab qolishga intilishi tabiiy ekanini ta’kidladi. U o‘z harakatini qahramonlik emas, balki insoniy burch, deb hisoblashini aytdi hamda bildirilgan ishonch va e’tibor unga katta mas’uliyat yuklashini qayd etdi.
Marosim ishtirokchilari uning jasoratini yuksak baholab, bunday ezgu ishlar yosh avlod uchun ibrat namunasi bo‘lishini ta’kidladi.
Mavzuga oid
13:41 / 25.02.2026
Peterburg gubernatori Xayrullo Ibodullayevni ko‘krak nishoni bilan mukofotladi
21:11 / 23.02.2026
Rossiyada 7-qavatdan tushib ketgan bolaning hayotini saqlab qolgan o‘zbekistonlik erkak taqdirlandi
02:36 / 23.02.2026
Sankt-Peterburgda o‘zbekistonlik erkak 7-qavatdan tushib ketgan bolaning hayotini saqlab qoldi
19:18 / 06.02.2026