Foydali | 13:55
1620
10 daqiqa o‘qiladi

Eko-stikerni qanday olish mumkin?

2026 yil 1 yanvardan O‘zbekistonda avtomobillar uchun ekologik stikerlar berila boshladi. Ushbu tizimni joriy etish to‘g‘risidagi qaror 2025 yilda qabul qilindi.

Toshkent muntazam ravishda havosi eng iflos shaharlar ro‘yxatiga kirmoqda, asosiy chiqindilar manbai esa mamlakatdagi 4,7 milliondan ortiq avtomobillardir. Eko-stikerlar - havoni yuqori darajada ifloslantiruvchi transportlarni tartibga solish tizimi.

Eko-stikerni o‘zimiz onlayn rasmiylashtirdik va quyida bu tizim qanday ishlashi, kimga qanday rang berilishi va stikerni ortiqcha muammolarsiz qanday olish mumkinligi haqida batafsil aytib o‘tamiz.

Tizim qayerda amal qiladi va hududlarda qachondan joriy etiladi?

Toshkentda ekologik stikerlar tizimi 2026 yil 1 yanvardan ishga tushdi. 

Tizim o‘n yil davomida bosqichma-bosqich joriy etilishi ko‘zda tutilgan:

  • 2026 yil - Toshkentda;
  • 2028–2030 yillar - Nukus, viloyat markazlari va alohida ekologik hududlarda;
  • 2031–2035 yillar - butun O‘zbekiston hududida.

2028 yildan eko-stiker olinmaganligi uchun jarima qo‘llash rejalashtirilmoqda.

Eko-stikerlar qanday bo‘ladi va kimga qanday rangdagisi beriladi?

Tizim avtomobillarni ifloslantiruvchi tashlamalar darajasiga qarab uch toifaga ajratadi. Stiker rangi yonilg‘i turi va dvigatelning ekologik sinfiga (Yevro standarti) bog‘liq bo‘ladi.

Ekologik stikerlar namunalari.

Dizelga talab qat’iyroq. Dizelli avtomobil yashil stiker olishi uchun kamida Yevro-4 kerak bo‘ladi, benzinli avtomobilga esa Yevro-2 kifoya.

Quyidagi avtomobillarga yashil stiker diagnostikasiz beriladi:

  • elektromobillar;
  • gibridlar;
  • ishlab chiqarilganiga uch yildan oshmagan avtomobillar — Yevro-2 bo‘lsa ham;
  • muqobil yonilg‘ida yuradigan mashinalar (gazdan tashqari).

1986 yilgacha ishlab chiqarilgan avtomobillarga yashil stiker berilmaydi – faqat sariq yoki qizil ranglisi berilishi mumkin.

«Yevro» ekologik standarti nima degani?

Bu ajratmalar me’yorining xalqaro tizimidir. Raqam qancha katta bo‘lsa, dvigatel shunchalik ekologik hisoblanadi:

  • Yevro-0 – eng eski avtomobil;
  • Yevro-1, 2 – bazaviy me’yor;
  • Yevro-3, 4 – kamaytirilgan ajratma;
  • Yevro-5, 6 – zamonaviy standartlar.

Stiker berishda aynan mana shu ko‘rsatkichlar e’tiborga olinadi.

Stikerni almashtirish kerakmi?

Ekostiker muddatsiz davrga beriladi. Uchta holatdagina qayta rasmiylashtirish talab qilinadi:

  • avtomobil egasi almashganida;
  • avtomobilning old oynasi almashganida;
  • stikerga zarar yetganida.

Toifani tizimning o‘zi avtomatik aniqlaydi, eko-stikerning o‘zi alohida rasmiylashtiriladi.

Eko-stiker qanday olinadi?

Eko-stikerni my.gov.uz portalida yoki avtomobilni YHXB bo‘limida ro‘yxatdan o‘tkazayotganda rasmiylashtirish mumkin. Quyida portal orqali rasmiylashtirish tartibi keltiriladi.

1. Xizmatni toping

my.gov.uz ga kirib, qidiruv satriga «eko-stiker olish» deb yozing yoki «Transport» bo‘limiga o‘ting.

Davlat xizmatlari portali orqali eko-stikerga ariza berish.

2. Ma’lumotlarni tekshiring

Tizim quyidagi ma’lumotlarni bazadan avtomatik yuklaydi:

  • ma’lumotlar;
  • ishlab chiqarilgan yili;
  • yonilg‘i turi;
  • VIN.

Ma’lumotlar to‘g‘ri bo‘lsa, tasdiqlang.

Davlat xizmatlari portali orqali eko-stikerga ariza topshirishda avtomobilning ekologik toifasini avtomatik aniqlash.

3. Yetkazib berish manzilini tanlang 

Arizada tayyor bo‘lgan stiker jo‘natilishi uchun manzilni ko‘rsating.

Davlat xizmatlari portali orqali ekologik stiker olish uchun yaratilgan arizani tasdiqlash va yetkazib berish ma’lumotlarini to‘ldirish.

4. Yetkazib berish to‘lovini to‘lang

Eko-stiker berish xizmati bepul. Faqat pochta xizmati to‘lanadi - BHMning 5%i (20 600 so‘m).

To‘lov bank kartasi orqali amalga oshiriladi. Tasdiqlash tugmasi bosilganidan so‘ng jarayonni yakunlash uchun bank sms-kod jo‘natadi.

Eko-stikerni yetkazib berish uchun to‘lov qilish.

5. To‘lovni SMS-kod orqali tasdiqlash

«Keyingi» bosilgach, bank amaliyotni tasdiqlash uchun bir martalik SMS-kod jo‘natadi — to‘lov o‘tishi uchun uni kiritish lozim.

To‘lovni SMS-kod orqali tasdiqlash.

6. Tayyor bo‘lishini kuting

Holatni shaxsiy kabinetda kuzatib turing. Yetkazib berishga 10 kun vaqt ketishi mumkin.

 

Eko-stiker olishga berilgan ariza holati - raqami, berilgan vaqti va «qayta ishlanmoqda» maqomi.

Stiker qayerga yopishtiriladi?

Stiker old oynaning ichki tomoniga – haydovchidan o‘ngdagi pastki burchakka yopishtiriladi.

Muhim: Unda elektron o‘qish va haqiqiyligini aniqlash uchun RFID-chip mavjud. Uni qayta yopishtirish mumkin emas.

ECO PASS ekologik stikeri va uni avtomobil old oynasiga joylashtirish sxemasi.

Eko-stikerni shaxsan olish

Avtomobilni ro‘yxatdan o‘tkazish yoki qayta ro‘yxatdan o‘tkazishda eko-stiker YHXB bo‘limida avtomatik ravishda beriladi. Alohida ariza topshirish talab etilmaydi —toifa tizim ma’lumotlari asosida aniqlanadi.

Agar avtomobil allaqachon ro‘yxatdan o‘tkazilgan va portal orqali rasmiylashtirish noqulay bo‘lsa, YHXB bo‘limiga murojaat qilish mumkin. Agar ma’lumotlar bazasida avtomobilning ekologik sinfi haqida ma’lumot mavjud bo‘lmasa, u holda avtomobil diagnostikadan o‘tkazish uchun yo‘naltiriladi.

Toshkentda diagnostika xususan, «Fayzobod» ixtisoslashtirilgan markazida o‘tkaziladi.

Kim ariza berishi mumkin?

Hozirda Toshkentda ro‘yxatdan o‘tkazilgan avtomobillar uchun my.gov.uz portali orqali ariza berish imkoni mavjud.

Viloyatlarda ro‘yxatdan o‘tkazilgan transport vositalari uchun rasmiylashtirish tartibi mahalliy YHXB bo‘limlarida tizimga ulanish imkoniyatlari asosida belgilanadi. 

Qaysi hollarda diagnostika talab qilinadi?

Diagnostika ma’lumotlar bazasida avtomobilning tasdiqlangan «Yevro» ekologik sinfi mavjud bo‘lmagan hollarda o‘tkaziladi. Bu holatda transport vositasi ajratma gazlarini tekshirish uchun yuboriladi.

Natija tizimda avtomatik ravishda qayd etiladi va uning asosida ekologik toifa aniqlanadi.

  • Yil davomida bitta qayta tekshiruv bepul.
  • Keyingilari – 1 BHM miqdorida.

Mashina egasi natijadan norozi bo‘lsa, qayta diagnostika o‘tkazilishini talab qilishi mumkin.

Qaysi hollarda stiker berish rad etiladi?

Quyidagi hollarda eko-stiker berish rad etiladi:

  • avtomobilning ekologik sinfi to‘g‘risida ma’lumot yo‘q bo‘lsa va diagnostikadan o‘tmagan bo‘lsa;
  • VIN ma’lumotlari bazadagi ma’lumotlarga mos kelmasa;
  • import qilingan avtomobilda «Yevro» sinfini tasdiqlovchi hujjat yo‘q bo‘lsa.

Sabablar bartaraf qilinganidan so‘ng qaytadan ariza berish mumkin.

Eko-stiker yo‘qligi uchun qachondan jarima qo‘llanadi?

Eko-stiker yo‘qligi uchun jarima qo‘llash 2028 yildan keyin joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Buni Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati vakili Zoyir Yo‘ldoshev  tasdiqladi

Jarimaning aniq miqdori tasdiqlanmagan, qonunchilikka tegishli o‘zgartirishlar kiritish jarayoni ketmoqda.

Ekologik hududlar chegaralari va nazorat tartibi tasdiqlanmagunicha javobgarlik joriy etilmaydi.

Ekologik hududlar va kompensatsiya to‘lovlari

Ekohududlar — bu ajratma darajasi yuqori bo‘lgan avtomobillar kirishi cheklanishi mumkin bo‘lgan hududlardir. Bunday hududlarning chegaralari mahalliy hokimiyat tomonidan tasdiqlanadi va ular maxsus yo‘l belgilari bilan ko‘rsatiladi. Kirish butunlay taqiqlanmaydi, ammo ekologik sinfi past bo‘lgan avtomobillar uchun kompensatsiya to‘lovi nazarda tutilgan.

Yillik to‘lov miqdori:

  • sariq stiker – BHMning 1 baravari (412 000 so‘m);
  • qizil stiker – BHMning 3 baravari (1 236 000 so‘m).

Yashil avtomobillar pul to‘lamaydi. Alohida toifadagi transportlar to‘lovdan ozod qilinishi mumkin – ularning ro‘yxati mahalliy hokimiyat organlari tomonidan tuziladi.

Qanday avtomobillarga talab joriy etilmaydi?

Ekologik toifa berish va eko-stiker olish talablari barcha transport vositalariga nisbatan qo‘llanilmaydi.

Nizomga ko‘ra, tizim quyidagi transport vositalariga nisbatan tatbiq etilmaydi:

  • O‘zbekiston hududi orqali tranzit olib o‘tiladigan;
  • vaqtincha (to‘qson kalendar kungacha) O‘zbekiston hududida bo‘lgan;
  • elektromobillar va elektromototsikllar;
  • mototsikllar, skuterlar, mopedlar va uch g‘ildirakli transport;
  • tezkor va maxsus xizmatlarning yaltiroq mayoqcha bilan jihozlangan hamda maxsus rangli bo‘yoq sxemalar va yozuvlar bilan belgilangan transport vositalari;
  • jamoat transporti (taksi va yo‘nalishli taksidan tashqari);
  • qishloq xo‘jaligi texnikalari;
  • "nogironligi bo‘lgan shaxs" belgisi o‘rnatilgan transport vositasi.

Bu toifadagi transport vositalari uchun ekologik stiker olish talab qilinmaydi.

Bilish muhim

  • Ekologik sinf avtomatik aniqlanadi – alohida ekspertizadan o‘tish shartmas.
  • Tyuning yoki detallar almashganida sinf qayta belgilanmaydi.
  • Agar texpasportda sinfi haqida ma’lumotlar yo‘q bo‘lsa, tizim «qizil» deb belgilashi yoki rad etishi mumkin.
  • Yevro-2 benzinda yuradigan 80–85% avtomobillar yashil stiker olishi mumkin.
  • Eski, dizelda yuradigan avtomobillar sariq yoki qizil stiker olishi ehtimoli yuqori.
  • Ekologik sinf avtomobilning likvidligiga ta’sir qiladi.
  • Talablar muntazam kuchayib boradi va kelgusida «Yevro» standarti xarajatlarning asosiy omiliga aylanadi.
Назима Насирова
Muallif Назима Насирова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid