Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston aeroportlaridan Yaqin Sharq mamlakatlariga parvozlar vaqtincha to‘xtatildi
O‘zbekistondan Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar, Eron, Kuvayt va Isroil aeroportlariga parvozlar to‘xtatildi.
Foto: Kun.uz
Yaqin Sharqdagi joriy vaziyat munosabati bilan barcha rezident va norezident aviakompaniyalar O‘zbekiston aeroportlaridan Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar, Eron, Kuvayt va Isroil aeroportlariga amalga oshiriladigan parvozlarni vaqtincha to‘xtatib turadi. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar berdi. Cheklov qachongacha amal qilishiga aniqlik kiritilmagan.
Ta’kidlanishicha, hozirgi vaqtda rezident va norezident aviakompaniyalar tomonidan 2026 yil 28 fevralgacha jo‘nab ketgan yo‘lovchilarni O‘zbekistonga qaytarish maqsadida parvozlar amalga oshirilmoqda. Ushbu reyslar bo‘yicha ma’lumotlarni aniqlashtirish uchun faqat aviakompaniyalarning vakolatxonalariga murojaat qilish lozim.
28 fevral kuni AQSh va Isroil tomonidan Eron hududiga havo zarbalari boshlanishi ortidan ushbu mamlakat havo hududi yopilgan edi.
1 mart kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda turoperatorlar tomonidan tashkil etilayotgan umra safarlari vaqtincha kechiktirildi.
Mintaqada yuzaga kelgan vaziyat hanuz keskinligicha qolmoqda.