Jahon | 09:02
498
2 daqiqa o‘qiladi

Axel Springer nemis holdingi The Telegraph gazetasini sotib oldi

Britaniyaning The Telegraph gazetasini sotib olgan Axel Springer nemis media holdingi 170 yillik tarixga ega ushbu gazetani AQSh bozoriga olib chiqish va uni ingliz tilidagi dunyodagi eng ko‘p o‘qiladigan o‘ng-markazchi nashrga aylantirish niyatida.

Foto: REUTERS

Germaniyaning Axel Springer media holdingi 6 mart, juma kuni, Britaniyaning The Telegraph gazetasini 575 million funt sterling (taxminan 662 million yevro)ga sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishganini e’lon qildi. Bitim nashrning hozirgi egasi — Amerikaning RedBird investitsiya kompaniyasi va Abu-Dabining IMI media investitsiyalar jamg‘armasining qo‘shma korxonasi bo‘lgan RedBird IMI konsorsiumi bilan tuzildi.

Axel Springer rahbari Matias Dyopfner 170 yillik tarixga ega britan gazetasini AQSh bozoriga olib chiqish va uni “ingliz tilidagi dunyodagi eng ko‘p o‘qiladigan va intellektual jihatdan ilhomlantiruvchi o‘ng-markazchi OAV”ga aylantirish rejasi haqida ma’lum qildi. Bu maqsadga erishishda Politico va Business Insider kabi, allaqachon Axel Springer'ga qarashli bo‘lgan nashrlar tajribasi, shuningdek Germaniyada mashhur Bild va Die Welt gazetalarining tajribasi yordam berishi kutilmoqda.

“20 yildan ortiq vaqt avval biz The Telegraph'ni sotib olishga uringan edik, ammo o‘shanda buning uddasidan chiqa olmaganmiz. Endi esa orzumiz ushaldi”, — dedi Dyopfner.

2025 yil noyabrida Daily Mail tabloidi egasi bo‘lgan DMGT guruhi RedBird IMI bilan The Telegraph'ni 500 million funt sterlingga (taxminan 577 million yevro) sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishgan edi, ammo leyboristlar hukumati regulyator tekshiruvlarini boshlagan.

Axel Springer bilan tuzilgan bitimni ham Britaniya regulyatori tasdiqlashi kerak. Buyuk Britaniya madaniyat vaziri Liza Nendi ushbu bitimni o‘rganish niyatida ekanini bildirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid