O‘zbekiston | 16:43
2422
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda yo‘l o‘tkazgich o‘pirilib tushgan ko‘chaning ma’lum qismi vaqtincha yopildi

Toshkentda yo‘l o‘tkazgich devori o‘pirilib tushgan Temur Malik ko‘chasining ma’lum qismi vaqtincha yopildi. Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasi bo‘ylab harakatlanish cheklanmaydi, biroq undan Temur Malik ko‘chasiga tushish-chiqish yo‘llari berkiladi. Mazkur ko‘chadan harakatlanuvchi avtobuslar qatnoviga ham o‘zgartirishlar kiritildi.

Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanining Temur Malik va Buyuk Ipak yo‘li ko‘chalari kesishmasidagi tunnelning tirgak devori o‘pirilib tushishi ortidan ta’mirlash ishlari sababli ushbu ko‘chaning ma’lum qismida avtoulovlar harakati vaqtincha cheklandi.

Poytaxt hokimligi xabar qilishicha, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash hamda zarur texnik ishlarni amalga oshirish maqsadida Temur Malik ko‘chasining Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi bilan kesishmasidan Sultoniya ko‘chasi kesishmasigacha bo‘lgan qismi barcha avtoransport vositalari harakati uchun vaqtincha yopildi.

Shu o‘rinda, Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasi bo‘ylab harakatlanish cheklanmaydi, biroq Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasidan Temur Malik ko‘chasiga tushish-chiqish yo‘llari vaqtincha yopiladi, deya eslatdi hokimlik.

«Mazkur cheklovlar ishlar to‘liq yakunlangunga qadar amal qiladi. Haydovchilardan yo‘nalishlarni oldindan rejalashtirish, vaqtincha o‘rnatilgan yo‘l belgilariga hamda mas’ul xizmatlar xodimlari ko‘rsatmalariga qat’iy rioya etish so‘raladi», — deyiladi xabarda.

«Toshshahartransxizmat» kompaniyasining ma’lum qilishicha, Temur Malik ko‘chasi orqali harakatlanuvchi avtobus yo‘nalishlari harakatiga ham vaqtincha quyidagicha o‘zgartirishlar kiritiladi:

  • 49-sonli avtobus yo‘nalishining TTZ AShB tomon harakati T.Malik, Sho‘rtepa-2, Sho‘rtepa, T.Malik ko‘chalari orqali tashkil etiladi;
  • 128-sonli avtobus yo‘nalishining harakati ikki tomonlama T.Malik, Do‘rmon yo‘li, Mirzo Ulug‘bek, T.Malik ko‘chalari orqali tashkil etiladi;
  • 149-sonli avtobus yo‘nalishining harakati ikki tomonlama Mingbuloq, Sh. Burxonov, Mirzo Ulug‘bek, T.Malik ko‘chalari orqali tashkil etiladi.

Kompaniya, shuningdek, ko‘chalarda transport tirbandliklari ortishi va yo‘llardagi cheklovlar natijasida yo‘nalishlar harakatiga qo‘shimcha o‘zgartirishlar kiritilishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Ushbu o‘zgartirishlar sababli yo‘nalishlardagi avtobuslar oraliq interval vaqti rejadagidan ortishi holatlari yuzaga kelishi ehtimoli mavjud, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, «Buyuk Turon» ko‘prigi («Troitskiy most» ham deyiladi) – Temur Malik ko‘chasini rekonstruksiya qilish loyihasi doirasida 128,6 mlrd so‘mga qayta qurilgan bo‘lib, 2024 yil avgust oyida – Mustaqillik bayrami arafasida foydalanishga topshirilgan edi.

O‘shanda mamlakatda ilk bor qo‘llangan bu usulning afzalligi ko‘pligi, xususan, uning qurilish muddati boshqa ko‘priklarga nisbatan ikki barobar kam vaqt talab qilishi, xizmat ko‘rsatish muddati esa yuz yildan ortiqligi, ta’mirlash ishlari ham ancha arzon tushishi aytilgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid