O‘zbekiston | 17:25
742
2 daqiqa o‘qiladi

Yaqin Sharqdan qariyb 33 ming o‘zbekistonlik vatanga qaytarildi

AQSh va Isroilning Eronga qarshi harbiy harakatlari boshlanganidan buyon Yaqin Sharq mamlakatlaridan 32 ming 934 nafar O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarildi. Xususan, 12 mart kuni Qatardan 49 nafar, BAAdan 147 nafar, Erondan 5 nafar, Isroildan 4 nafar, Saudiya Arabistonidan 2735 nafar o‘zbekistonlikning qaytishi tashkil etilgan. 

Foto: Kun.uz

13 mart kuni soat 07:00 holatiga ko‘ra, AQSh va Isroilning Eronga qarshi harbiy harakatlari boshlanganidan buyon Yaqin Sharq mamlakatlaridan 32 ming 934 nafar O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarildi, deya xabar berdi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi.

12 mart kuni mamlakatning Qatardagi elchixonasi tomonidan 49 nafar fuqaro BAA va Saudiya Arabistoniga yetkazilib, so‘ngra Toshkentga uchib ketishlari ta’minlangan. Ayni paytda navbatdagi fuqarolar guruhi shakllantirilib, ularning Doha shahridan Dubay orqali O‘zbekistonga qaytishi masalalari ishlab chiqilyapti. BAAdagi diplomatik vakolatxonalar esa 147 nafar fuqaroning Toshkentga uchib kelishiga ko‘maklashgan.

Erondagi elchixona tomonidan 5 nafar o‘zbekistonlikning qo‘shni davlatlar hududi orqali chiqib ketishi ta’minlangan. Isroildagi diplomatlar tomonidan 4 nafar fuqaroning Misr orqali O‘zbekistonga qaytishi tashkil etilgan.

O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchixonasi, Jidda shahridagi bosh konsulxonasi va Transport vazirligi bilan hamkorlikda charter reyslari orqali 2735 nafar fuqaroning vatanga qaytishi ta’minlangan. Mazkur mamlakatda evakuatsiya tadbirlari yakunlandi.

«O‘zbekiston fuqarolarining xavfsiz tarzda vatanga qaytarilishini ta’minlash bo‘yicha diplomatik vakolatxonalar faoliyati davom etmoqda», deyiladi TIV xabarida. 

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid