Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yangi Toshkentdagi super favvora va masjidlardagi favqulodda ogohlantirish uskunalari – mahalliy dayjest
Yangi Toshkentda musiqali favvora majmuasi barpo etish rejalashtirilgan, uning tarkibida suvni 232 metr balandlikkacha otadigan super favvora bo‘ladi. Aholi punktlariga yaqin joylashgan masjidlarda odamlarni tezkor xabardor qiluvchi favqulodda ogohlantirish uskunalari o‘rnatiladi. Kunning shu va boshqa muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Yangi Toshkentda super favvora quriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent shahrida barpo etiladigan favvora majmuasi loyihasi bilan tanishdi.
Ta’kidlanishicha, Yangi Toshkentda qariyb 8 gektardan iborat maydonda musiqali favvora majmuasi barpo etish rejalashtirilgan. Loyihaga ko‘ra, suv yuzasining umumiy maydoni 6,3 gektarni tashkil etadigan havzada 1,5 gektar maydonda suv, musiqa va yorug‘lik uyg‘unligidagi shoularni o‘tkazish imkonini beradigan favvora barpo etiladi. Majmua tarkibida suvni 232 metr balandlikkacha ota oladigan super favvora, diametri 100 metrli suzuvchi platforma bo‘ladi. Favvora radiusi 185 metr bo‘lgan, 360 darajali suv ekranini hosil qilish hamda uning yuzasida turli tasvirlarni proyeksiya qilishga qodir bo‘ladi.
Yangi Toshkentda “Buyuk Ipak yo‘li” majmuasi quriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyevga Yangi Toshkent shahri hududida amalga oshirilishi rejalashtirilgan “Buyuk Ipak yo‘li” loyihasi taqdimot qilindi.
Maydoni 32 gektar bo‘lgan “Buyuk Ipak yo‘li” majmuasi Yangi Toshkentning muhim jamoat va madaniy makonlaridan biri bo‘lishi rejalashtirilgan. Bu yerda turar joylar, tijorat binolari, mehmonxonalar, madaniyat va ta’lim markazlari, shuningdek, boshqa zamonaviy infratuzilma obektlari quriladi. Konsepsiyaga ko‘ra, majmua hududida Buyuk Ipak yo‘li bilan bog‘liq turli sivilizatsiyalarga bag‘ishlangan mavzuli mahallalar tashkil etiladi. Har bir hudud Buyuk Ipak yo‘li bo‘yida joylashgan mamlakatlarni ifodalaydi.
272 ta masjidda favqulodda ogohlantirish uskunalari o‘rnatildi
BMT Taraqqiyot dasturi Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan hamkorlikda favqulodda holatlarda aholini tezkor xabardor qilishga qaratilgan innovatsion texnik yechimni joriy etdi.
Mazkur tashabbus doirasida aholi punktlariga yaqin joylashgan masjidlarga maxsus uskunalar o‘rnatiladi. Hozirga qadar bunday uskunalar Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatlaridagi 272 ta masjidda o‘rnatildi. Loyiha hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu tizim taxminan 6,5 million nafar aholini qamrab olish imkonini beradi. Shu jumladan, ayollar, erkaklar, bolalar hamda aholining zaif qatlamlariga tezkor axborot yetkazish imkoniyati kengayadi.
Hokimlarning budjet ochiqligi bo‘yicha majburiyati kuchaytirildi
Mahalliy budjetning qo‘shimcha mablag‘laridan foydalanishga oid qaror va farmoyishlarni 3 ish kuni ichida hokimlikning rasmiy sayti va openbudget.uz portaliga joylashtirish majburiy deb belgilandi.
Mahalliy budjetlar ochiqligini oshirish yuzasidan iqtisodiyot va moliya vazirining buyrug‘i bilan, shuningdek, “Ochiq budjet” portalida jismoniy shaxslar tomonidan muayyan davrda to‘langan daromad solig‘i, mol-mulk solig‘i va yer solig‘i hamda bu soliqlar hisobidan amalga oshirilgan xarajatlar (yo‘nalishlar kesimida) to‘g‘risidagi ma’lumotlar doimiy ravishda joylab borilishi belgilandi.
Mavzuga oid
21:32 / 24.03.2026
Davlat raqam belgilari uchun yangi ilova va navbatdagi moliyaviy piramida – mahalliy dayjest
20:52 / 18.03.2026
Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi va Toshkentda yashirilgan jinoyatlar – mahalliy dayjest
21:04 / 17.03.2026
Oltin qazib olish bo‘yicha 175 tonnalik marra va o‘z qoidabuzarligini internetda tarqatganlar uchun jazo – mahalliy dayjest
20:43 / 16.03.2026