O‘zbekiston | 21:32 / 24.03.2026
2210
4 daqiqa o‘qiladi

Davlat raqam belgilari uchun yangi ilova va navbatdagi moliyaviy piramida – mahalliy dayjest

Avtomobil davlat raqam belgilarini olish bo‘yicha yangi ilova yaratildi. FastAI moliyaviy piramidasi ommalashmoqda. Taksichilarni aldashning yangi firibgarlik usuli fosh etildi. Kunning shu va boshqa muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Avtomobil davlat raqam belgilarini olish bo‘yicha yangi ilova yaratildi

Yangi “AvtoRaqam” mobil ilovasi ishga tushirildi. Endi foydalanuvchilar davlat raqamlari kombinatsiyalarini real vaqt rejimida kuzatib, o‘ziga ma’qul variantni tanlab xarid qilishi mumkin.

Davlat raqam belgilarini jismoniy va yuridik shaxslar, shuningdek fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ham sotib olishi mumkin.

Yangi tizimda “chiroyli” kombinatsiyaga ega davlat raqamlari faqatgina “AvtoRaqam” ilovasi orqali beriladi. Oddiy davlat raqamlari esa “Random” — tasodifiy tanlash orqali ajratiladi.

FastAI moliyaviy piramidasi ommalashmoqda

O‘zbekistonda ketma-ket paydo bo‘lgan hamda ko‘plab insonlarni chuv tushirgan moliyaviy piramidalar asosan video ko‘rish va ularga layk bosish orqali pul topish yolg‘oniga qurilgandi. Bugunga kelib odamlarni bunday yolg‘onlarga ishontirish tobora qiyinlashib bormoqda. Shu sababli moliyaviy piramidalar yangi yolg‘onlar o‘ylab topishga kirishdi. Shulardan biri FastAI nomi ostida targ‘ib qilinayotgan platforma hisoblanadi.

FastAI moliyaviy piramidasi robot sotib olish orqali daromad ko‘rishni va’da qilmoqda. So‘nggi 2-3 yilda o‘nlab moliyaviy piramidalarga minglab odam chuv tushganiga qaramay, FastAI’ga ishonuvchilar ham topilmoqda. Biroq investor uchun “ishlashi” aytilayotgan robotning o‘zi yo‘q: uni ko‘rish yoki daromad keltirayotgan qanday ish qilayotganini bilish imkonsiz.

Taksichilarni aldashning yangi firibgarlik usuli fosh etildi

Qarshi shahrida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan taksi haydovchilarini aldash bilan shug‘ullangan firibgarlar fosh etildi. Ular o‘zlarini yo‘lovchi sifatida ko‘rsatib, turli bahonalar orqali haydovchilardan pul va bank ma’lumotlarini qo‘lga kiritgan.

Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, jinoyatchilar maxsus mobil ilovalar orqali taksi buyurtma qilgan. Manzilga yetib kelgan haydovchilardan esa “naqd pul yo‘qligi”ni bahona qilib, mablag‘ni karta orqali o‘tkazishni so‘ragan. Shu orqali ular haydovchilarning bank kartasi ma’lumotlari hamda SMS orqali keladigan tasdiq kodlarini qo‘lga kiritgan.

Endi ayrim o‘quvchilar davlat imtihonini topshirmaydi

O‘rta maxsus ta’lim tashkilotlarida yakuniy davlat attestatsiyasini o‘tkazish tartibiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi. Yangi tartibga ko‘ra, xorijiy tillar va umumta’lim fanlari bo‘yicha milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikatga ega o‘quvchilar mazkur fanlardan davlat imtihonini topshirmaydi va ularga maksimal ball qo‘yiladi.

Shuningdek, yakuniy attestatsiya sinovlarini uch yil mobaynida ham topshirmagan o‘quvchilar uchun davlat namunasidagi shahodatnomani olish maqsadida eksternat tartibida yakuniy attestatsiyadan o‘tish huquqi belgilandi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid