O‘zbekiston | 17:30
1894
5 daqiqa o‘qiladi

Odamzodni “mukammallashtirish” orzusi qanday yakunlandi? | 5 daqiqa

Agar insonga qo‘yib berilsa, u samolarda uchishni, dengizlarda suzishni, yana ko‘p-ko‘p narsalarni xohlaydi. Bu istaklar ilm tiliga tarjima qilinganda, insonni nomukammal yaratiqqa aylantirib qo‘yadi. Vaholanki, insonning yaralishi Yaratguvchining qo‘lida va U shunday bo‘lishini xohlagan. Biroq ilmiy kashfiyot egalari hamisha odamzodni o‘zgartirish, kuchliroq qilish istagida bo‘lishgan. Aleksandr Belyayevning “Amfibiya odam” romani aynan shu mavzu atrofida bahs yuritadi.

Asar voqealari iliq dengiz sohillarida, odamlar va tabiat o‘rtasidagi nozik chiziq buzilayotgan bir makonda kechadi. Bosh qahramon - Ixtiandr. U siz-u bizdan farq qiladi, ya’ni suv ostida yashay oladigan, jabralar orqali nafas oladigan “amfibiya odam”. U inson aqlining tabiat ustidan hukmronlik qilishga urinishining mahsuli. Uni doktor Salvator ismli olim yaratadi va tabiatni to‘liq anglash orqali uni o‘zgartirish mumkin, deb hisoblaydi.

Salvator o‘zini najotkor deb hisoblaydi. U bolani o‘limdan qutqaradi, unga yangi hayot berdim, deb hisoblaydi. Biroq olim bir narsani unutadi - inson faqat biologik mavjudot emas. U jamiyatning bir bo‘lagi. Ixtiandr esa jamiyatga sig‘maydi, ikki dunyo o‘rtasida qolib ketadi. U dengizda erkin harakatlansa-da, quruqlikka chiqqan zahoti nafaqat jismonan, balki ruhan nafas olishda qiynaladi.

Yigitning hayotini Guttiere ismli bir sohibjamol butunlay o‘zgartirib yuboradi. Muhabbat sabab Ixtiandr ilk bor o‘zini inson deb his qila boshlaydi. Lekin muhabbat Ixtiandrni qutqarmaydi. Aksincha, halokatga yetaklaydi. Chunki bu muhabbat jamiyatning qonunlariga to‘g‘ri kelmasdi. Guttiere oddiy inson, u jamiyat doirasida yashashga majbur. Ixtiandr esa bu doiradan tashqarida. Ularning munosabatini ikki olamning to‘qnashuvi, deyish mumkin edi. Belyayev muhabbatni ideallashtirmaydi, aksincha, ojiz qilib ko‘rsatadi, muhabbat jamiyatga qarshi kurasha olmaydi.

Asarda insonlarning ochko‘zlik yo‘lidagi harakatlariga alohida e’tibor berilgan. Ixtiandrning noyobligi kimlar uchundir boylik manbaiga aylanadi. Odamlar uni qo‘lga olish, foydalanish, pul topish vositasi sifatida ko‘rishadi. Shu o‘rinda insonning haqiqiy qiyofasi ochiladi: u nafqat tabiatni, balki bir-birini ham iste’mol qiladigan mavjudot.

Salvatorning maqsadi juda bahsli. U ilm orqali inson imkoniyatlarini kengaytirishni istaydi. Lekin uning yaratgan narsasi oqibat mukammal bo‘lib chiqmaydi. Balki yanada ko‘proq azobga mahkum qilingan mavjudot bo‘lib qoladi. Bu yerda yozuvchi juda nozik fikrni ilgari suradi: inson tabiatan nomukammal, lekin uni sun’iy ravishda “mukammallashtirish”ga urinish yanada katta nomukammallikni keltirib chiqaradi.

Avval ham bir o‘rinda aytgan edik. Odamlar o‘zi qabul qila olmagan har qanday “boshqacha” insonlarni yo‘q qilishga tayyor. Ixtiandrning aybi boshqacha edi. U yomon emasdi, xavfli emasdi. Faqat jamiyat standartlariga to‘g‘ri kelmasdi.

Asarda tabiat va inson munosabatlari haqida chuqur mulohazalar o‘rtaga tashlangan. Dengiz - erkinlikka qiyoslanadi. U yerda Ixtiandr o‘zini to‘liq, butun his qiladi. Quruqlik esa cheklovlar, qonunlar va sun’iylik makoni. Yozuvchi shu orqali haqiqiy hayot qayerda - tabiat qo‘ynidami yoki sivilizatsiya ichidami, degan savolni ko‘nglingizga solib qo‘yadi. Va yana bir gap, inson sivilizatsiya orqali rivojlanyaptimi yoki o‘zini yo‘qotyaptimi?

Aslida ham shu, insonni o‘zgartirishdan oldin, jamiyatni o‘zgartirish lozim. Aks holda har qanday “yangi inson” eski muammolar ichida yo‘qolib ketaveradi. Ilm qanchalik taraqqiy etmasin, agar insoniyat o‘zgarmasa, natija hamisha nolga teng bo‘lib qolaveradi.

Xulosa

Doktor Salvatorni sud qilishadi. Xudoning ishlariga aralashma, deyishadi. Biroq hamma uning ishlariga aralashish bilan ovvora bo‘lgan jamiyatda bu ayblovlarning o‘zi kulgili edi.

Asarda doktorning juda kuchli so‘ng so‘zi bor. Do‘stimiz Ixtiandrning taqdiri ham mavhum emas, mobodo bu asar haqida ko‘rgan filmingizda hammasini aytishgan, deb o‘ylasangiz, adashasiz. Xullas, bularning hammasini o‘zingiz o‘qib olasiz, deb ishonaman.

Исомиддин Пулатов
Tayyorlagan Исомиддин Пулатов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid