O‘zbekiston | 10:36
948
2 daqiqa o‘qiladi

Ochiq maydonlardagi vaqtinchalik inshootlar uchun xavfsizlik talablari kuchaytirildi

O‘zbekistonda ochiq maydonlarda o‘rnatiladigan monitor, sun’iy archa va boshqa vaqtinchalik inshootlar uchun xavfsizlik talablari kuchaytirildi. Yangi tartibga ko‘ra, bunday inshootlar faqat mutaxassislar tomonidan, loyiha hujjatlari asosida o‘rnatiladi.

Foto: Kun.uz 

Adliya vazirligi Ochiq maydonlarda o‘rnatiladigan monitor, sun’iy archa va boshqa vaqtinchalik inshootlarni o‘rnatish tartibi to‘g‘risidagi idoraviy hujjatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Hujjat 2026 yil 3 aprel kuni 3805-son bilan ro‘yxatdan o‘tgan.

Yangi tartibga muvofiq, vaqtinchalik inshootlar shamol, yomg‘ir va zilzila kabi holatlarga bardosh beradigan qilib qurilishi kerak. Shuningdek, ularda xavfsizlik belgilari, evakuatsiya yo‘llari va odamlarning xavfsiz harakatlanishi uchun zarur sharoitlar majburiy tarzda ta’minlanadi.

Hujjatda yo‘laklar va o‘rindiqlar bo‘yicha ham aniq texnik talablar belgilangan. Jumladan, yo‘lak uzunligi 30 metrdan oshsa, uning kengligi 1,6 metr, 30 metrdan kam bo‘lsa 1,2 metr bo‘lishi lozim. Qatorlar orasidagi yo‘laklar kengligi kamida 0,9 metr etib belgilangan.

Shu bilan birga, vaqtinchalik inshootlarda ishlatiladigan metall qismlar zanglashga qarshi, yog‘och qismlar esa olovga qarshi maxsus ishlovdan o‘tkazilgan bo‘lishi shart.

So‘nggi yillarda bayram tadbirlari, mavsumiy bezaklar uchun ochiq maydonlarda turli vaqtinchalik inshootlardan keng foydalanilmoqda. Yangi talablar ana shunday obektlarda xavfsizlikni kuchaytirish, favqulodda vaziyatlarda tez evakuatsiyani ta’minlash va fuqarolar uchun xavf-xatarlarni kamaytirishga qaratilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid