Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Urush qatnashchilariga 30 mln so‘m va xalqaro qidiruvga berilgan mansabdorlar – mahalliy dayjest
Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga 30 million so‘m miqdorida bir martalik pul mukofoti beriladi. «O‘zmetkombinat» va Humans rahbarlari xalqaro qidiruvga berildi. O‘rta Chirchiqdagi xonadonda chiqqan yong‘inda 4 kishi halok bo‘ldi. Jizzaxda FVB mansabdori pora olayotganda ushlandi. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Urush qatnashchilariga 30 mln so‘mdan bir martalik mukofot puli beriladi
Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga 30 million so‘m miqdorida bir martalik pul mukofoti beriladi. Bu haqda prezident huzurida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum bo‘ldi. Unda 9 may – Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan axborot berildi.
Shuningdek, bu kunda urush qatnashchilari, front orti mehnat faxriylari, keksalar va ustozlarga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, yolg‘iz va kam ta’minlangan faxriylarning turar joylarini obodonlashtirish, turli xotira va qadrlash tadbirlarini tashkil etish rejalashtirilgan. Mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan Vatan fidoyilarining xotirasi ham ulug‘lanadi. Ularning oila a’zolariga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatiladi.
«O‘zmetkombinat» va Humans rahbarlari xalqaro qidiruvga berildi
2024 yil oktyabrdan 2025 yil avgustgacha «O‘zbekiston metallurgiya kombinati» AJga rahbarlik qilgan Dilshod Ahmedov Interpol orqali qidiruvga berildi.
Qayd etilishicha, u Jinoyat kodeksining 167-moddasi bo‘yicha, ya’ni o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish jinoyatida gumon qilinmoqda. Hozircha O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi idoralari tomonidan unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi va yetkazilgan zarar miqdori bo‘yicha rasmiy ma’lumot berilmadi.
Shuningdek, Humans kompaniyasi asoschisi va rahbari Vladimir Dobrinin ham Interpol liniyasi orqali qidiruvga berildi. U qimor o‘yinlarini tashkil qilish va jinoiy daromadlarni legallashtirish ishi bo‘yicha tergovga tortilgan.
Bundan tashqari, «Ravshan Zolotoy» laqabi bilan tanilgan Ravshan Muhitdinov ham xalqaro qidiruvga berilgani ma’lum bo‘ldi. U Jinoyat kodeksining 173-moddasi 3-qismi (Mulkni qasddan yo‘q qilish yoki shikastlash) 242-modda 2-qismi (Jinoiy uyushma tashkil etish) va 277-moddasi 3-qismi (Bezorilik) bilan ayblanmoqda.
O‘rta Chirchiqdagi xonadonda chiqqan yong‘inda 4 kishi halok bo‘ldi
Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumani, O‘rta ovul mahallasidagi xonadonlardan birida 15 apreldan 16 aprelga o‘tar kechasi yong‘in sodir bo‘ldi. 1996 yilda tug‘ilgan Z.M. (erkak) va uning 3 nafar farzandi hodisa oqibatida vafot etdi. Shuningdek, uning onasi va turmush o‘rtog‘i shifoxonaga yotqizildi.
Qo‘shnilarning aytishicha, yong‘in paytida erkak yaqinlarini qutqarishga uringan. U xotini va onasini derazadan tashqari chiqarib yuborishga ulgurgan, ammo bolalarini qutqarishga harakat qilgan paytda o‘zi ham halok bo‘lgan.
Jizzaxda FVB mansabdori pora olayotganda ushlandi
Jizzax viloyati, Mirzacho‘l tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari umumiy ovqatlanish maskanida o‘tkazilgan tekshiruv chog‘ida yong‘in xavfsizligi talablari bo‘yicha aniqlangan kamchiliklar yuzasidan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirgan. U mazkur holatni “yopib qo‘yish” va to‘plangan hujjatlarni sudga yubormaslik evaziga 3 million so‘m talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda mansabdor shaxs pul mablag‘ini umumiy ovqatlanish maskani rahbaridan olgan vaqtida ushlandi. Holat yuzasidan unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, hozir tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mavzuga oid
20:48 / 16.04.2026
Bola hayotini saqlab qolgan murakkab operatsiya va QR-kod orqali to‘lov qoidalari – mahalliy dayjest
20:15 / 15.04.2026
Shaxmatdagi tarixiy yutuq va hududlarda kuchli shamol – mahalliy dayjest
20:57 / 14.04.2026
Tadbirkorlar uchun yengilliklar va Ohangaron tog‘larida yo‘qolgan bola – mahalliy dayjest
19:39 / 13.04.2026