Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Dolzarb 100 kun”: trillionlab tejamkorlik, kengaygan burg‘ilash va ochiq qolayotgan savollar
“O‘zbekneftgaz” AJ 2026 yil I choragi va “Dolzarb 100 kun” dasturi natijalarini e’lon qildi. Rasmiy raqamlarga ko‘ra, trillionlab so‘mlik tejamkorlikka erishilgan, ishlab chiqarish hajmi oshgan va yirik geologik, burg‘ilash loyihalari boshlangan. Biroq mutaxassislar bu ko‘rsatkichlar ortida samaradorlikning real iqtisodi va uzoq muddatlik barqarorlik masalalari ham borligini ta’kidlamoqda.
Dastur doirasida kompaniya faoliyatida moliyaviy optimallashtirish asosiy yo‘nalishlardan biri bo‘ldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, qisqa muddat ichida:
- 2,5 trillion so‘m miqdorida umumiy tejamkorlik va samaradorlikka erishilgan;
- 1,8 trillion so‘m ishlab chiqaruvchilar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlash va xarajatlarni optimallashtirish orqali tejalgan;
- 438 milliard so‘m esa qurilish va burg‘ilash loyihalarini qayta ko‘rib chiqish hisobiga qisqartirilgan.
Shuningdek, soha bilan bog‘liq bo‘lmagan aktivlarni optimallashtirish orqali qo‘shimcha 30 milliard so‘m xarajat kamaytirilgani aytiladi.
Geologiya-qidiruv yo‘nalishida ham sezilarli kengayish kuzatilmoqda. 3D seysmik tadqiqotlar hajmi 10 ming kvadrat kilometrga yetkazilib, bu o‘tgan yilga nisbatan 4 barobar ko‘p ekani qayd etilgan. 42 ta investitsiya bloki bo‘yicha ruxsatnomalar olingan.
Joriy yilda “O‘zbekneftgaz” tarixidagi eng yirik burg‘ilash dasturi amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Umumiy hisobda 102 ta quduq burg‘ilash ko‘zda tutilgan bo‘lib, shundan 57 tasi qidiruv, 45 tasi ishlatish quduqlari hisoblanadi.
Burg‘ilash jarayonlarida vaqt me’yorlarini qayta ko‘rib chiqish, texnologik jarayonlarni optimallashtirish va normativ hujjatlarni yangilash orqali tannarxni kamaytirish hamda samaradorlikni oshirish vazifalari belgilangan.
Hisobot davrida 17 ta quduqdan sanoat miqyosida gaz oqimi olingan, Qoraqalpog‘istonda 3 ta yangi kon aniqlangan. Bundan tashqari, 29 ta quduq ta’mirlangan va 11 ta texnologik tadbir amalga oshirilgan.
Ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari bo‘yicha ham o‘sish qayd etilgan:
- tozalangan tabiiy gaz – 4,789 mlrd m³
- gaz kondensati – 141,3 ming tonna
- suyultirilgan gaz –152,9 ming tonna
- oltingugurt – 48 ming tonna
- polietilen – 36,1 ming tonna
“Uzbekistan GTL” zavodida sintetik neft mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilga nisbatan 169 foizga oshgani aytiladi.
“Dolzarb 100 kunlik” dasturi doirasida investitsiya siyosatini qayta ko‘rib chiqish boshlangan. Mutaxassislarga ko‘ra, loyihalar iqtisodiy samaradorlik va strategik ahamiyat asosida baholanmoqda.
Xalqaro hamkorlik doirasida Xitoy kompaniyalari bilan geologiya-qidiruv va burg‘ilash texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha muzokaralar olib borilgan. Jumladan, 2026–2028 yillarda 14 300 kvadrat kilometr hududda geologik tadqiqotlar o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishilgani ma’lum qilindi.