Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Naqdsiz savdo bo‘yicha yangi talablar yumshatilishi mumkin
Lekin bu yumshatish benzin yoki gaz quyish bilan bog‘liq emas, faqat kafe-restoran va mehmonxonalarda sotiladigan spirtli ichimliklarga taalluqli bo‘lishi ehtimoli bor. 21 aprel kungi ochiq muloqotda tadbirkor alkogolni faqat naqdsiz sotish tartibi kuchga kirgach, turistlar bilan ishlash qiyinlashganini aytdi. Bunga javoban Soliq qo‘mitasi raisi Farrux Po‘latov “yaqin kunlarda yechim taqdim etish”ga va’da berdi.
Toshkentdagi do‘kon oynasiga yopishtirilgan e’lon
O‘zbekistonda kafe-restoranlar va mehmonxonalarda alkogol mahsulotlari uchun naqd pulda to‘lov qilishga ruxsat berilishi kutilmoqda.
Bu haqda 21 aprel kuni umumiy ovqatlanish sohasidagi tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda ma’lum qilindi.
Muloqotda so‘z olgan tadbirkor alkogol mahsulotlarini faqat naqdsiz sotish tartibi kuchga kirgach, turistlar bilan ishlash qiyinlashganini aytdi.
Soliq qo‘mitasi raisi Farrux Po‘latov bunga javoban yaqin kunlarda masalaga yechim berilishini ma’lum qildi.
“Bu – bizning aybimiz, e’tiborsizligimiz. Bu bo‘yicha ishlayapmiz va yaqin kunlarda yechim taqdim etamiz – to‘g‘rilab beramiz”, – dedi u.
Po‘latovning ta’kidlashicha, amaldagi tizimda mijozlar noqulay vaziyatga tushib qolmoqda – masalan, ovqat uchun naqd pul to‘lash mumkin, biroq alkogol uchun alohida karta orqali to‘lov qilish talab etiladi.
Mazkur muammoni bartaraf etish maqsadida Soliq qo‘mitasi tomonidan tegishli hujjat loyihasi ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, restoran va mehmonxonalarda alkogol uchun ham naqd, ham naqdsiz to‘lov imkoniyatini joriy etish rejalashtirilmoqda. Hozirda loyiha manfaatdor idoralar bilan kelishuv bosqichida.
Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov ham amaldagi tartib sayyohlar uchun jiddiy to‘siq bo‘layotganini qayd etdi:
“Agar xorijiy sayyoh mehmonxonada spirtli ichimliklarni naqd pulga sotib olmoqchi bo‘lsa, u Uzcard yoki Humo kartasini ochish uchun bankka borishiga to‘g‘ri keladi. Natijada ichishni xohlagan sayyoh ichgisi ham kelmay qolib, samolyotga o‘tirib, orqasiga qaytib ketyapti”.
Eslatib o‘tamiz, 1 apreldan boshlab O‘zbekistonda bir qator tovarlar, xususan alkogol va tamaki mahsulotlarini ham naqd pulga sotish taqiqlangan edi. Bunday xaridlar faqat naqd pulsiz shaklda amalga oshirilishi belgilangan.
Mazkur tartib doirasida benzin va dizel, metan va propan kabi yoqilg‘ilarni ham naqd pulga sotish to‘xtatilgani ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘lib kelmoqda.
Mavzuga oid
21:54 / 21.04.2026
“Soliq to‘lamayman deyishga or qilish kerak” - madaniyat vaziri
11:47 / 09.04.2026
“Obnalchi” korxonaning soliq majburiyati halol tadbirkor gardaniga yuklanyapti” – tadbirkorlar Soliq qo‘mitasidan norozi
19:26 / 08.04.2026
“San’atkorlar loyihani to‘liq o‘qimasdan shovqin ko‘tardi” – taklif etilayotgan hujjat taqdiri nima bo‘ladi?
14:54 / 07.04.2026