Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qo‘qondan Marg‘ilonga yangi poyezd va Angrenda yuk mashinasi ishtirokidagi fojia - mahalliy dayjest
Qo‘qon, Namangan, Andijon va Marg‘ilon shaharlarini bog‘lovchi yangi elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Toshkent viloyatida «Buxarskiy» laqabli shaxs yetakchilik qilgan jinoiy guruh a’zolari ushlandi. Angrenda yuk mashinasi ishtirokidagi mudhish «avariya»da 2 kishi halok bo‘ldi. Andijonda attraksion quladi, kamida 7 kishi jarohatlandi. Humo kartalari bo‘yicha SMS-xabarnoma narxi oshirilmasligi aytildi.
Prezident poyezdda Qo‘qondan Marg‘ilonga bordi
Qo‘qon, Namangan, Andijon va Marg‘ilon shaharlarini bog‘lovchi yangi elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Shavkat Mirziyoyev 27 aprel kuni jamoatchilik vakillari bilan birga ushbu yo‘nalishdagi poyezdda Qo‘qondan Marg‘ilonga bordi.
324 kilometrlik ushbu temiryo‘l halqasi vodiy viloyatlarini o‘zaro yanada yaqinlashtirib, aholi, tadbirkorlar va sayyohlar uchun yangi imkoniyatlar ochishi ta’kidlanmoqda. Yangi poyezd 6 vagondan iborat, 586 o‘rinli bo‘lib, soatiga 120 kilometrgacha tezlikda harakatlana oladi.
Chipta narxi 15 ming so‘m etib belgilangan. Kuniga 1,5 ming, yiliga qariyb 600 ming nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati hududda iqtisodiy faollikni oshirishga xizmat qilishi ta’kidlanmoqda.
Chirchiqda «Buxarskiy»lar jinoiy guruhi ushlandi
Toshkent viloyatida «Buxarskiy» laqabli shaxs yetakchilik qilgan jinoiy guruh a’zolari ushlandi. Ichki ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, bir guruh shaxslar Chirchiq shahrida ko‘cha usullari orqali turli masalalarga noqonuniy aralashib kelgan. Guruhga laqabi «Ikrom Buxarskiy» bo‘lgan 38 yoshli Ikrom Saidov yetakchilik qilgan. Shuningdek, uning 36 yoshli ukasi Islom Saidov ham guruh a’zosi bo‘lgan.
Ta’kidlanishicha, aka-ukalar va Chirchiq shahridagi kafelardan birining egasi Mirzohid Farmonov o‘rtasida doimiy kelishmovchiliklar bo‘lgan. Vazirlik xabarida aka-ukalar va kafe egasi guruh-guruh bo‘lib, atrofiga sport bilan shug‘ullanib yurgan bezorilarni to‘plab, uyda, ko‘chada, ishxonasida bir-birini urib, tan jarohati yetkazib, jinoiy harakatlarni sodir etib kelgani qayd etilgan. Ushbu shaxslar ushlanib, ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Angrenda yuk mashinasi ishtirokidagi mudhish «avariya»da 2 kishi halok bo‘ldi
Toshkent viloyatining Angren shahrida A-373 «Toshkent-O‘sh» xalqaro avtomobil yo‘lining 93-kilometrida Howo rusumli yuk mashinasi boshqaruvni yo‘qotib, oldindagi 4 ta avtomobil bilan to‘qnashdi. Oqibatda yengil mashinalardan birining haydovchisi va yo‘lovchisi voqea joyida halok bo‘ldi, yana to‘rt kishi shifoxonaga yotqizilgan. Haydovchi protsessual tartibda ushlangan.
Bu birinchisi emas. 2025 yil 7 sentabr kuni xuddi shu joyda 8 ta avtomobil ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan, oqibatda 11 kishi hayotdan ko‘z yumib, 5 kishi turli tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgandi. Shuningdek, 2021 yil may oyida MAN yuk avtomobili boshqaruvini yo‘qotib, yettita mashinani urib ketgan, oqibatda 7 kishi voqea joyida halok bo‘lgan, yana 14 kishi turli darajada tan jarohati olgandi.
Andijonda attraksion quladi, kamida 7 kishi jarohatlandi
Andijon viloyatida joylashgan Bobur nomidagi istirohat bog‘ida («Bog‘ishamol») zanjir uzilib ketishi oqibatida ichida odamlar bo‘lgan attraksion qulab tushdi. Guvohlarga ko‘ra, kamida 7 kishi jarohatlandi.
Andijon viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining ma’lumot berishicha, attraksionning temir konstruksiyasi singan, hodisa oqibatida 2 fuqaro yengil tan jarohati olgan. Ularga malakali tibbiy yordam ko‘rsatilgani ta’kidlanmoqda.
Humo kartalari bo‘yicha SMS-xabarnoma narxi oshirilmasligi aytildi
Humo kartalari bo‘yicha 13131 raqamidan kiruvchi SMS-xabar narxi 84,2 so‘m miqdorida saqlanib qoladi.
Avvalroq, 1 maydan boshlab narxlar 168,4 so‘mga oshirilishi haqida xabar berilgandi. Bu iste’molchilarning e’tirozlariga sabab bo‘ldi.
Shundan so‘ng Humo to‘lov tizimi operatori bo‘lgan Milliy banklararo protsessing markazi narx avvalgi darajada saqlanib qolishini e’lon qildi.
Mavzuga oid
19:08 / 24.04.2026
Credit House ishi bo‘yicha qamalganlar va Surxon daryosi o‘zaniga oqqan neft – mahalliy dayjest
19:02 / 23.04.2026
Bank kartasidagi kafolatli qoldiq va mast holdagi YPX xodimi – mahalliy dayjest
18:38 / 22.04.2026
San’atkorlarga tanbeh bergan vazir va o‘qituvchilardan uzr so‘ragan hokim – mahalliy dayjest
21:00 / 21.04.2026