Foydali | 13:56
861
10 daqiqa o‘qiladi

Talabaga mos noutbukni qanday tanlash mumkin?

Leksiyalardan tortib loyihalargacha bo‘lgan kundalik o‘quv vazifalari noutbukdan ishonchlilik va yaxshi samaradorlikni talab qiladi. Qurilma bu talablarga javob berishi uchun asosiy parametrlarga e’tibor qaratish juda muhim.

Foto: zsbooka.livejournal

Quyida noutbuk tanlash mezonlari va turli budjetlarga mos namunaviy modellar keltirilgan.

Noutbukda nimalar muhim

Bugungi kunda o‘qish raqamli servislarga to‘liq bog‘langan: videodarslar, hujjatlar, prezentatsiyalar va ta’lim platformalari. Shuning uchun noutbuk talabaning asosiy ish quroliga aylangan: vazifalarni qay darajada oson bajarish uning quvvati, avtonomligi va qulayligiga bog‘liq. Qurilma eng muhim paytda to‘xtab qolmasligi va kundalik yuklamaga dosh berishi uchun qaysi xususiyatlar kerakligi, qaysi biri uchun esa pul sarflash shart emasligini oldindan bilib olgan yaxshi.

1. Samaradorlik

Noutbukning samaradorligi haqida gap ketar ekan, eng asosiy unsur – bu protsessor. U qurilmaning miyasi: qanchalik kuchli bo‘lsa, noutbuk shunchalik tez o‘ylaydi va buyruqlarni bajaradi – dasturlar, sahifalar, fayllarni ochadi.

Hozirda protsessorlar bozorida ikkita asosiy ishlab chiqaruvchi bor:

  • Intel (Intel) – Amerika kompaniyasi, Core i3, i5, i7, i9 nomlari ostida protsessorlar ishlab chiqaradi;
  • AMD (Ryzen) – Intel raqobatchisi, o‘xshash quvvatli modellar ishlab chiqaradi.
    Intel va Ryzen protsessorlari
    Protsessorlarni qanday farqlash mumkin

Protsessorning raqami qanchalik katta bo‘lsa, u shunchalik kuchli bo‘ladi.

  • i3 / Ryzen 3 - bazaviy, Word, Zoom va brauzerda ishlashga mo‘ljallangan.
  • i5 / Ryzen 5 – oltin o‘rtalik: o‘qishga ham, yengil dizayn, montaj va kodlash ishlarini bajarish mumkin.
  • i7 / Ryzen 7 – yarim professional, og‘ir dasturlar bilan ishlaydiganlar uchun (video, 3D).
  • i9 / Ryzen 9 – asosan og‘ir o‘yinlar va ish stansiyalari uchun.

«Yangi avlod» nima degani

Protsessorlar har yili yangilanadi. Masalan, 12-avlod Intel Core i3 8-avlod i3 ga nisbatan yangiroq va kuchliroq. Shu bois avlod raqami (10, 11, 12, 13...) nomdan ko‘ra muhimroq.

Agar xarakteristikada Intel Core i5-12450H deb yozilgan bo‘lsa — undagi 12 raqami protsessorning avlodini bildiradi. 10-avloddan pastini olmaslik tavsiya qilinadi, chunki eski modellar ko‘pincha sekin ishlaydi va tez qizib ketadi.

Bu nima uchun muhim: bir vaqtning o‘zida bir nechta ish bajarilganida sekin ishlaydigan noutbuk yordamchidan ko‘ra asabga teguvchi qurilmaga aylanadi. Shu bois ikki asosiy unsur — protsessor va operativ xotira muhim hisoblanadi.

  • Bazaviy ishlar uchun (leksiya, brauzer, Word, Excel, Zoom) 8 GB operativ xotira va Intel i3 yoki Ryzen 3 va undan baland protsessor yetarli. Bunday noutbuk “uchmaydi”, lekin o‘qish uchun kerakli barcha vazifalarni bajara oladi.
  • Texnika va ijodiy yo‘nalishdagi talabalar uchun (arxitektura, dizayn, IT, montaj, 3D) - 16 GB operativ xotira va i5 / Ryzen 5 va undan baland protsessor kerak. Bu dasturlar katta quvvat talab qiladi.
  • Xulosa: eski “flagman”dan ko‘ra, o‘rta turkumdagi yangi protsessorni olgan yaxshi. Masalan, 12-avlod Intel i3 5-avlod i5 dan kuchliroq bo‘ladi.

2. Qulaylik va mobillik

O‘qish uchun mo‘ljallangan noutbuk yengil, ko‘tarib yurishga qulay va akkumulyatorda ko‘proq vaqt ishlaydigan bo‘lishi kerak. Ixcham o‘lcham, sifatli displey va avtonomlik kundalik foydalanishdagi qulaylikka to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qiladi.

O‘lcham va vazn

Talaba uchun maqbul variant - 13–14 dyuymli ekran va 1,5 kg.gacha og‘irlik. Bunday noutbuk ryukzakka oson joylashadi, yelkani og‘ritib yubormaydi va partaning yarmini egallamaydi.
 

noutbuklar o‘lchamlaridagi farq

Ekran

Yaxshisi, Full HD (1920×1080) ekranni tanlash kerak – unda matn va tasvir tiniq ko‘rinadi. Mat yuzali ekran nur qaytishini pasaytiradi va uzoq vaqt ishlaganda ko‘zlar charchashidan himoya qiladi.

ekranlar ko‘rinishidagi farq

Ko‘pchilik talabalar kuniga 6–8 soat vaqtini ekranga tikilish bilan o‘tkazadi – sifatsiz displey bosh og‘rishi va ko‘zlar qurishiga olib kelishi mumkin.

Klaviatura va tachpad

Ilmiy ishlar, kurs va diplom ishlari o‘z-o‘zidan yozilmaydi va bu jarayon qay darajada qulay bo‘lishini aynan klaviatura belgilaydi. Yoritiladigan tugmalar kechqurun yoki yorug‘ligi kam joyda matn terishni yengillashtiradi. Qulay tachpad esa yo‘lda yoki kafe­da ishlagan paytda asqotadi.

Agar konspekt yozishni yoki kechasi ishlashni rejalashtirgan bo‘lsangiz, tugmalari yoritiladigan modelni tanlang.

3. Avtonomlik - noutbuk elektrsiz qancha vaqt ishlaydi

O‘quv jarayoni uchun noutbukning akkumulyator quvvati bilan uzoq ishlay olishi muhim. Brauzer, videokonferensiyalar va ofis dasturlarida 6–8 soat ishlay olishi real mo‘ljal hisoblanadi.

Shuni hisobga olish kerakki, odatda amaldagi avtonomlik ishlab chiqaruvchi ko‘rsatganidan past bo‘ladi: agar model 10–12 soatni va’da qilsa, real foydalanishda bu ko‘pincha atigi 7–8 soatni tashkil etadi.

Tez quvvat olish

Agar noutbuk bir soatda 50% quvvat olsa, bu tushlik vaqtida yana 3-4 soat avtonomlikka ega bo‘lish mumkin degani. O‘rta klassdagi deyarli barcha zamonaviy modellar shunday texnologiyaga ega.

Batareya sig‘imiga qarab avtonomlikni qanday baholash mumkin

Akkumulyator hajmi vatt-soatlarda (Vt·s) o‘lchanadi. Bu ko‘rsatkich batareya qancha energiya to‘play olishi va noutbuk quvatlamasdan qancha vaqt ishlay olishini ko‘rsatadi.

O‘qish uchun:

  • 50 Vt·s va yuqori – 5-7 soat kundalik ishlar uchun;
  • 70–80 Vt·s — kun davomida o‘rtacha yuklamada ishlatilganida to‘liq o‘qish kuniga yetadi.

Vt·s ko‘rsatkichi qancha yuqori bo‘lsa, noutbuk real sharoitlarda shuncha uzoq vaqt ishlay oladi, ayniqsa, uni quvvatlash imkoni yo‘q bo‘lgan hollarda.

4. Ma’lumotlarni saqlash: qanday diskni tanlash kerak

Disk noutbukning ishlash tezligi va fayllarni saqlashdagi qulaylikni belgilaydi. Disklar turlari orasidagi farqlarni bilish zarur.

SSD nima va u nega zarur

SSD – eski “qattiq disk”lar (HDD) o‘rnini egallagan zamonaviy disk. U bir necha baravar tez ishlaydi: noutbuk 10 soniya ichida yonadi, dasturlar tez ochiladi, hech qanday shovqin bo‘lmaydi.

SSD va HDD disklar

Talabaga qanday sig‘imdagi disk kerak

  • 256 GB – eng kamida. Hujjatlar, brauzer, bir nechta dasturlar va filmlar uchun yetarli.
  • 512 GB - maqbul: ko‘proq media materiallarni saqlash mumkin.

Agar noutbuk bir necha yil ishlatish uchun olinsa – yaxshisi 512 GBli diskni tanlagan ma’qul.

Nimani olmaslik kerak

Hattoki boshqa ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lsa ham HDD diskli noutbuklar sekinroq ishlaydi. Agar tizim ishini eski disk sekinlashtirayotgan bo‘lsa, yangi protsessor ham muammoni hal qilmaydi.

Agar noutbuk shovqin solsa, yonishi ko‘p vaqtni olsa va papkalarni ochishda “o‘ylanib qolsa” - bu aniq HDD bilan bog‘liq. Bunday variant narxi jozibali bo‘lsa ham o‘qish uchun mos emas.

5. Talabaga qanday portlar kerak

O‘quv vazifalari ko‘pincha quloqchin, fleshka, proyektor va tashqi displeylarni ulashni talab qiladi. Shuning uchun noutbukda zarur portlar to‘plami yoki barcha kerakli portlarga ega qulay adapter bo‘lishi muhim.

noutbuk uchun universal adapter

 

kompyuter kabellarining turlari

O‘qishga mo‘ljallangan noutbuk qancha turadi

Bazaviy o‘quv ishlari – hujjatlar bilan ishlash (Word, Excel, PowerPoint), onlayn leksiyalarni ko‘rish, videoaloqa (Zoom, Google Meet), internet-serfingda ishlaydigan talabalar uchun.

Bu modellar kundalik vazifalarni bajara oladi, ammo bir vaqtning o‘zida bir nechta dastur bilan ishlaganda yoki foto/video tahrirlaganda sekinlashishi mumkin.

Universal modellar

Texnik, ijodiy yo‘nalishdagi yoki grafik redaktorlar (Photoshop, Illustrator), muhandislik dasturlari (AutoCAD), bazaviy videomontaj, dasturlashda ishlaydigan talabalar uchun.

Bu noutbuklar qulay ko‘p vazifalilikni ta’minlaydi va professional dasturlardan o‘rta darajada muammosiz foydalanish mumkin.

Yuqori samarali qurilmalar

Katta resurs talab qiladigan, professional videomontaj (Premiere Pro, DaVinci Resolve), 3D-modellashtirish (Blender, 3ds Max), dasturlash, dizayn, arxitektura sohalaridagi talabalar va professionallar uchun.

Avval foydalanilgan noutbukni qanday tanlash kerak

Bozorda qayta tiklangan va foydalanilgan noutbuklar juda ko‘p, ular 30–40% arzon turadi.

Sotib olishda nimalarga e’tibor berish kerak:

  • Batareya holatini tekshirish.
  • Korpus, klaviatura va ekranni ko‘zdan kechirish.
  • Original zaryad qurilmasi borligi va operatsion tizimni aniqlashtirib olish.

Asosiy xulosalar:

  1. O‘qish uchun o‘yin noutbuki kerakmas – u og‘irroq, shovqinli va tez “o‘tirib qoladi”.
  2. Protsessor (i3, Ryzen 3 va yuqori), 8 GB operativ xotira va SSD-diskka e’tibor qaratish kerak.
  3. Optimal ekran - 14–15 dyuym, og‘irligi 1,5 kg.gacha
  4. Avtonomlik – kamida 6 soat.
  5. Avval ishlatilgan noutbukni sotib olish mumkin, faqat kafolati bilan hamda yaxshilab tekshirgandan so‘ng.
Асал Равшанова
Muallif Асал Равшанова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid