O‘zbekiston | 16:20
14668
3 daqiqa o‘qiladi

Denovda «Shakki» laqabli zo‘ravon bir yigitni urib o‘ldirgani aytilmoqda

Tarmoqlarda paydo bo‘lgan videoda bir guruh shaxslar ota-bolani kaltaklagani, shundan so‘ng o‘g‘ilni mashinaga majburlab chiqarib, olib ketishgani ko‘rinadi.

Foto: Videodan kadr

27 aprel kuni Surxondaryo viloyatining Denov tumanida qotillik yuz bergan.

Tumandagi savdo nuqtalaridan biri hududidagi kuzatuv kamerasiga yozib olingan videoda Nexia va Lacetti rusumli yengil mashinalarda kelgan bir guruh shaxslar yo‘l chetida turgan ota va o‘g‘lini kaltaklashni boshlaganini ko‘rish mumkin. Biroz o‘tib ular o‘g‘ilni majburan mashinaga solib, olib ketishgan.

Kun.uz manbasiga ko‘ra, ushbu ish ortida Denovda «Shakki» laqabi bilan tanilgan zo‘ravon turibdi. U sheriklari bilan yigitni olib ketib, urib o‘ldirgani ta’kidlanmoqda.

Taxminlarga ko‘ra, ushbu jinoyatga yer bilan bog‘liq nizo sabab bo‘lgan. Vafot etgan yigit yer sotib olib, uni o‘z tanishi bo‘lgan «Shakki»ning nomiga rasmiylashtirgan. Keyinchalik u yerda do‘kon qurib, mulkni o‘z nomiga o‘tkazmoqchi bo‘lganida o‘rtada ziddiyat kelib chiqqan.

Kun.uz holat yuzasidan rasmiy munosabat olish maqsadida Surxondaryo viloyati IIBga so‘rov jo‘natdi.

Xabar yangilandi. Ushbu xabar e’lon qilingach, viloyat IIB quyidagicha rasmiy axborot taqdim etdi:

Joriy yilning 27 aprel kuni soat 17:50larda Denov shahri Bog‘ishamol mahallasi hududida joylashgan avtotransport yuvish shoxobchasi oldida, 1970 y.t. A.U. hamda uning farzandi 1994 y.t. A.A.ni, pul oldi-berdi masalasida oldindan o‘zaro ziddiyatda bo‘lgan jiyani 1989 y.t. Q.Sh. hamda uning sheriklari 1996 y.t. T.Sh., 1997 y.t. X.Sh. hamda 1996 y.t. T.Sh.lar urib, tan jarohati yetkazib, so‘ng Gentra avtomashinasiga o‘tkazib voqea joyidan olib ketishgan.

Shu kuni Denov tuman Tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan jabrlanuvchi A.A. hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohatlari oqibatida, ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan 28 aprel kuni vafot etgan.

Hozirda holat yuzasidan Denov tumani IIB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 104-moddasi 2-qismi “k, ye” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 4 nafar ishtirokchi protsessual tartibda qamoqqa olingan.

Исомиддин Пулатов
Tayyorlagan Исомиддин Пулатов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid