Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston va Chexiya o‘zaro savdoni 1 mlrd dollarga yetkazishga kelishib oldi
Chexiya bosh vazirining O‘zbekistonga tashrifi – o‘zaro munosabatlar tarixida yangi bosqichni boshlab beradi, dedi Shavkat Mirziyoyev. Ikki davlat yetakchilari Kengaytirilgan hamkorlikni ilgari surish to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiya imzoladi. O‘zaro savdoni 1 mlrd dollarga yetkazish, Chexiya kompaniyalari bilan texnologik hamkorlik dasturini yo‘lga qo‘yish, Toshkent va Praga o‘rtasida aviaqatnovlarni tiklash ko‘zda tutilmoqda.

Chexiya bosh vaziri Andrey Babish 29 aprel kuni rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi. Uni aeroportda bosh vazir Abdulla Aripov va boshqa rasmiylar kutib oldi.
30 aprel kuni Ko‘krasaroy qarorgohida martabali mehmonni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Chexiya bosh vaziri Andrey Babish tor doirada va ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokida muzokara o‘tkazdi.
Shavkat Mirziyoyevga ko‘ra, ushbu tashrif – O‘zbekiston – Chexiya munosabatlari tarixida sifat jihatidan yangi bosqichni boshlab beradi.
Prezident barcha sohalarda hamkorlik jadal rivojlanib borayotganini qayd etdi. Hukumatlar, vazirliklar va idoralar darajasida yaqin aloqalar o‘rnatilgan, ishbilarmonlik va gumanitar almashinuvlar faollashgan. Parlamentlarda “Do‘stlik guruhlari” tashkil etilgan. Hukumatlararo komissiya samarali ishlamoqda.
Keyingi yillarda tovar ayirboshlash qariyb ikki barobarga oshdi. O‘zbekistonda Chexiya kapitali ishtirokida 37 ta qo‘shma korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Muzokaralarda o‘zaro savdoni oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Tovar ayirboshlashni, shu jumladan, mahsulot turlarini kengaytirish orqali 1 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Birgalikdagi savdoni rag‘batlantirish maqsadida Chexiyada O‘zbekistonning birinchi sertifikatlash filiali tashkil etilmoqda. Chexiyalik hamkorlar bilan “Yevro-6” standartidagi avtomobillarni sertifikatlash va kvant etaloni bo‘yicha zamonaviy laboratoriya qurilmoqda.
Chexiyaning yetakchi kompaniyalari bilan mashinasozlik, “yashil” energiya, geologiya va muhim xomashyo, kimyo, farmatsevtika hamda boshqa sohalarda loyihalarni amalga oshirishni o‘z ichiga olgan Texnologik hamkorlik dasturini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Shuningdek, infratuzilmani rivojlantirish va “aqlli” shaharlar yaratish, muhandislik ishi va raqamlashtirish sohalarida kooperatsiya uchun mavjud istiqbollar qayd etildi.
Xususan, kuni kecha bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston – Chexiya biznes forumida e’lon qilingan loyihaviy tashabbuslar qo‘llab-quvvatlandi.
Tomonlar Eksport kreditlarini sug‘urtalash agentligi va Chexiya Eksport bankining O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash niyatini olqishladilar.
Iqtisodiy kun tartibidagi barcha masalalarni ilgari surish uchun Ishbilarmonlar kengashini tuzish va Hukumatlararo komissiyaning keyingi yig‘ilishini shu yil avgust oyida Toshkentda o‘tkazish taklif qilindi.

Madaniy-gumanitar sohada, shu jumladan, qo‘shma diplom dasturlari doirasida ta’lim va akademik almashinuvni kengaytirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani tasdiqlandi.
O‘zaro madaniyat va kino kunlari, ko‘rgazma va konsertlarni muntazam ravishda o‘tkazish, shuningdek, mamlakatlar o‘rtasida sayyohlar oqimini ko‘paytirish muhimligi ta’kidlandi. Shu maqsadda ikki mamlakat poytaxtlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviareysni qayta tiklash masalasi ko‘rib chiqiladi.
Tartibli mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Xalqaro kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi.
Yakunda qabul qilingan qarorlarni o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishib olindi.


Muzokaralardan keyin O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Chexiya Respublikasi Bosh vaziri Andrey Babish Kengaytirilgan hamkorlikni ilgari surish to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiyani imzoladi.
Shuningdek, iqtisodiyot, sanoat, ilmiy va texnologik hamkorlik, diplomatik kadrlarni tayyorlash, metrologiya laboratoriyasini birgalikda loyihalashtirish va tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash, metrologiya sohasidagi ilmiy-innovatsion hamkorlik, geologiya sohasidagi hamkorlik, elektropoyezdlarni yetkazib berish to‘g‘risida va boshqa ikki tomonlama kelishuvlar imzolandi.


O‘zbekiston – Chexiya oliy darajadagi muzokaralarining yakunida prezident Shavkat Mirziyoyev va bosh vazir Andrey Babish Faxriy mehmonlar xiyobonida birgalikda daraxt ekdi.
Marosim ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuv mustahkamlanib borayotgani, O‘zbekiston – Chexiya ko‘p qirrali munosabatlarini rivojlantirishda yangi bosqich boshlanganining ramzi bo‘ldi.

Mavzuga oid
09:15 / 29.04.2026
Chexiya bosh vaziri Andrey Babish O‘zbekistonga keladi
11:09 / 10.03.2026
Chexiyada og‘ir vaziyatga tushib qolgan fuqaro vatanga qaytarildi
14:52 / 28.02.2026
Nemsovning o‘ldirilganiga 11 yil: YeI jinoyat haqida eslatdi
12:11 / 16.02.2026