Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiyaning otashkesim taklifi, Erondagi urush narxi va Qodirovni qo‘llagan Putin – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Erondagi urush narxi
Chorshanba kuni Pentagon mulozimi AQShning Erondagi urushi hozirgacha 25 milliard dollarga tushganini ma’lum qildi. Bu harbiy mojaroning narxi bo‘yicha berilgan birinchi rasmiy hisob-kitobdir.
Nazoratchi vazifasini bajaruvchi Jyul Herst Vakillar palatasi qonun chiqaruvchilariga ushbu mablag‘larning katta qismi o‘q-dorilar uchun sarflanganini aytdi. 25 milliard dollarlik xarajat – NASAʼning joriy yilgi butun budjetiga tengdir.
Biroq Pentagon 25 milliard dollarlik raqamni qanday hisoblab chiqqani noaniqligicha qolmoqda. Chunki o‘tgan oyda Tramp ma’muriyati rasmiysi urushning dastlabki olti kunining o‘ziyoq — AQShga kamida 11,3 milliard dollarga tushganini taxmin qilgandi.
Mudofaa vaziri Pit Hegset qonun chiqaruvchilarga Eronda yadro quroli bo‘lmasligini hisobga olgan holda, bu xarajatlar o‘zini oqlashini aytdi.
AQSh 28 fevraldan boshlab Isroil bilan hamkorlikda Eronga zarbalar berishni boshlagandi. Hozirda ikki tomon mo‘rt sulhni saqlab turibdi. Pentagon Yaqin Sharqqa o‘n minglab qo‘shimcha kuchlarni, jumladan, mintaqada uchta aviatashuvchi kemani joylashtirdi. Ushbu mojaroda AQShning 13 nafar harbiysi halok bo‘ldi, yuzlab kishi yaralandi.
Urush boshlanganidan beri neft va tabiiy gaz yetkazib berishdagi uzilishlar, iste’mol narxlarining yuqoriligiga qo‘shimcha ravishda, AQShda benzin va o‘g‘it kabi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari narxi keskin oshgan.
Donald Trampning o‘zi esa kecha neft kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashib, «blokadani kerak bo‘lsa oylab davom ettirish va bu jarayonda Amerika iste’molchilariga ta’sirni minimallashtirish qadamlarini» muhokama qilgan.
«Ular yadroviy quroldan xoli bo‘lish to‘g‘risidagi kelishuvni qanday imzolashni bilishmaydi. Yaqin orada aqllarini yig‘ib olishsa yaxshi bo‘lardi!» dedi Tramp ijtimoiy tarmoqdagi postida. Ammo bunday kelishuv nimani ko‘zda tutishiga aniqlik kiritmadi.
Ushbu postda uning qora ko‘zoynak taqib, pulemyot ushlagan holda: «Endi yaxshi yigit bo‘lish davri tugadi» sarlavhasi ostidagi surati joylashtirilgan.
Eron esa, modomiki unga tahdid qilinayotgan ekan, bo‘g‘ozdagi harakatni to‘sishda davom etishga va’da bermoqda.
Putin va Tramp suhbati
Vladimir Putin 9 may – G‘alaba kuni munosabati bilan Ukraina urushida vaqtinchalik otashkesim rejimini joriy etishga tayyor. Putin bu haqida chorshanba kuni Donald Tramp bilan telefon muloqoti chog‘ida aytgan.
Tramp bilan muzokaralar Rossiya tashabbusi bilan bo‘lib o‘tdi va bir yarim soatdan ko‘proq davom etdi. Putin yordamchisi Yuriy Ushakovning so‘zlariga ko‘ra, suhbat «do‘stona ruhda, ochiq va ishchanlik kayfiyatida» o‘tdi.
Donald Tramp Oval kabinetda jurnalistlarga Putin bilan gaplashganini tasdiqladi. «Biz yaxshi gaplashib oldik, men uni anchadan beri taniyman», dedi u. Amerika prezidenti so‘zlariga ko‘ra, aynan u Rossiya yetakchisiga Ukrainadagi urushda «kichik sulh» tuzishni taklif qilgan. «O‘ylashimcha, u bunga rozi bo‘lishi mumkin», deya qo‘shimcha qildi Tramp. Uning so‘zlariga ko‘ra, suhbat asosan Ukraina mojarosiga qaratilgan.
Tramp, shuningdek, Putin Eron yadro dasturi atrofidagi vaziyatni hal qilishda yordam berishga tayyorligini bildirganini, biroq unga javoban shunday deganini ma’lum qildi: «Men sizning Ukraina urushini tugatish bilan shug‘ullanishingizni afzal ko‘rgan bo‘lardim».
9 may uchun o‘t ochishni to‘xtatish taklifi «Pasxa sulhi» sxemasini takrorlaydi: biroq o‘shanda har ikki tomon bir-birini minglab qonunbuzarliklarda ayblagandi.
Avvalroq Kreml joriy yil Moskvada 9 may kuni o‘tkaziladigan parad — Ukrainadan kelayotgan «terrorchilik tahdidi» tufayli qisqartirilgan shaklda o‘tishini ma’lum qilgan.
Xususan, paradda harbiy texnika kolonnasi, tanklar va raketalar bo‘lmaydi, kursantlar ham qatnashmaydi. Ammo Rossiya qurolli kuchlarining barcha turdagi harbiylari va aviatsiya parvozlari namoyish etiladi.
Seulda sobiq prezidentning jazo muddati uzaytirildi
Chorshanba kuni Janubiy Koreya apellyatsiya sudi mamlakatning sobiq prezidenti Yun Sok Yolga nisbatan odil sudlovga to‘sqinlik qilish ishi bo‘yicha chiqarilgan hukmni 5 yildan 7 yilga oshirdi.
Shu yilning yanvar oyida quyi sud Yun Sok Yolni mansab vakolatini suiiste’mol qilganlik va boshqa ayblovlar bilan 5 yilga ozodlikdan mahrum etgan edi.
Alohida o‘tkazilgan sud jarayonida esa Yun 2024 yilda kutilmaganda harbiy holat joriy etgani uchun «isyon ko‘tarish» jinoyatida aybdor deb topilib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan.
Yunga qo‘yilgan ayblovlar uning 2024 yildagi qisqa muddatli harbiy holat harakati bilan bog‘liq.
Shuningdek, Yunning rafiqasi, sobiq birinchi xonim ham hafta boshida korrupsiyaga oid boshqa jinoyatlari uchun uzoqroq muddatga qamoq jazosiga hukm qilindi.
Hozirda Yun prezidentlik davri bilan bog‘liq jami sakkizta sud jarayoniga duch kelmoqda. U barcha ayblovlarni rad etib keladi.
Ukraina zarbalari masofasini oshirmoqda
29 aprelga o‘tar kechasi Ukraina Rossiya ichkarisiga — 1500 km masofadagi Ural tog‘lari yaqinida joylashgan neft haydash stansiyasiga dronlar bilan zarba berdi. Prezident Volodimir Zelenskiy Kiyev o‘z zarbalari masofasini oshirishda davom etishini ta’kidladi.
«To‘g‘ri chiziq bo‘ylab masofa 1500 kilometrdan oshadi. Biz bu masofalarni yanada uzaytirishda davom etamiz», dedi Zelenskiy.
U buni «Rossiyaning urush salohiyatini cheklashda Ukraina qurollaridan foydalanishning yangi bosqichi» deb atadi. Shuningdek, u Rossiya ichkarisidagi obektga berilgan zarba oqibatlari aks etgan videoni joylashtirdi.
Keyinchalik Ukraina Xavfsizlik xizmati tunda Perm shahri yaqinidagi neft haydash stansiyasiga zarba berilganini aniqlashtirdi. Perm gubernatori ham sanoat obektida yong‘in chiqqanini ma’lum qildi.
«Transneft» kompaniyasiga tegishli ushbu stansiya Rossiya neft transporti uchun «strategik muhim» tugundir.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaning Rossiya g‘arbidagi asosiy portlariga bergan uzoq masofali zarbalari natijasida Moskva eksportidagi yo‘qotishlar yangi darajaga yetgan.
Fevral oyida Ukraina dronlari chegara punktidan taxminan 1750 km uzoqlikdagi Komi respublikasida joylashgan Uxta neftni qayta ishlash zavodiga ham zarba bergandi.
Qodirov yana lavozimida qoladi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Kremlda Checheniston yetakchisi bilan uchrashib, Qodirovning mintaqa rahbari sifatidagi navbatdagi muddatga nomzodini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
«Umid qilamanki, respublika aholisi sizni qo‘llab-quvvatlaydi — sizning rahbarligingiz ostida respublikada juda ko‘p ishlar amalga oshirildi va u so‘nggi yillarda tubdan o‘zgardi», degan Putin.
Qodirov fevral oyidayoq, agar Putin uni qo‘llab-quvvatlasa, bo‘lajak saylovlarda ishtirok etishini aytgan edi. «Novaya Gazeta Yevropa» manbalariga ko‘ra, Rossiya prezidenti administratsiyasi Qodirovning yangi muddatini o‘tgan kuzdayoq ma’qullagan, biroq o‘sha paytda Putin hali yakuniy qarorga kelmagandi.
Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda Qodirovning og‘ir kasalligi haqidagi mish-mishlar yillardan beri davom etib kelmoqda. Tasdiqlanmagan xabarlarga ko‘ra, unga 2019 yildayoq pankreonekroz — «oshqozon osti bezi to‘qimalarining nobud bo‘lishi» tashxisi qo‘yilgan.
Checheniston rahbari saylovi joriy yil sentabr oyida bo‘lib o‘tadi. Qodirov mintaqani 2007 yildan beri boshqarib kelmoqda.
Mavzuga oid
14:30 / 29.04.2026
OPECʼdan chiqayotgan BAA, AQShga kelgan qirol Charlz, Ukraina va Isroil o‘rtasida diplomatik mojaro – kun dayjesti
14:48 / 28.04.2026
Putin-Aroqchi uchrashuvi, Eron taklifini rad etgan Tramp va Indoneziyada to‘qnashgan poyezdlar – kun dayjesti
15:39 / 27.04.2026
Trampning eronliklarga taklifi, Kolumbiyada terakt va Suriyada Bashar Asadga qarshi sud – kun dayjesti
15:43 / 25.04.2026