Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Balkonda kir yoyishga taqiq, BSKga esa aniq majburiyatlar. Ko‘p kvartirali uylar uchun yangi qoidalar tasdiqlandi
Ko‘p kvartirali uylarni saqlash va ulardan foydalanish qoidalari joriy etildi. Unga ko‘ra, ko‘p kvartirali uylarning kirish yo‘lagi va zinapoyasi haftada kamida 1 marta tozalanadi. Balkon va lodjiyaning tashqi qismida kir, kiyim-kechak, gilam va boshqalarni osib qo‘yish taqiqlanyapti. Shuningdek, uy hayvonlarini umumiy foydalanishdagi zinapoya va balkonda saqlashga ruxsat berilmaydi.
Foto: Kun.uz
Adliya vazirligi «Ko‘p kvartirali uylarni saqlash va ulardan foydalanish qoidalari»ni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Yangi qoidalarga ko‘ra, ko‘p kvartirali uylar uchun boshqarish organlari tomonidan umumiy texnik pasport yuritiladi.
Boshqarish organlari yuk ko‘taruvchi konstruksiyalar, kuzatuv kameralari va domofonlar soz holatda saqlanishi, xomashyo, materiallar, yoqilg‘i, inventar va xo‘jalik anjomlarini sotib olish ishlarini amalga oshiradi.
Ko‘p kvartirali uyning fasad qismlarida va umumiy foydalanish hududlarida mulkdorlar umumiy yig‘ilishining qarori bilan me’morchilik detallari, reklamalar, afishalar, va e’lonlarni o‘rnatish mumkin bo‘ladi. Uylarda shovqin darajasi belgilangan sanitariya me’yorlaridan oshmasligi shart.
Uylar (zinapoyalar, liftlar, chiqindi kamerasi, chiqindilarni to‘plash moslamalari yerto‘lalari va boshqalar), tutash hududlar zaruratga ko‘ra, boshqarish organi tomonidan deratizatsiyalanadi, dezinseksiya va dezinfeksiyalanadi.
Uylarning yerto‘la qismidagi quvurlarda avariya holati yuzaga kelishi oqibatida suv yoki oqova suv to‘planib qolsa, boshqarish organi 24 soat mobaynida yerto‘ladagi suv va oqova massalarini chiqarib yuborishi lozim.
Boshqarish organi tomonidan haftada bir marta ko‘p kvartirali uylarning kirish yo‘laklari va lift xonalarini tozalash hamda doimiy ravishda lift uskunalarini texnik monitoring qilish amalga oshiriladi. Shuningdek, BSK tomonidan kirish yo‘laklari va zinapoyalar yoritish chiroqlari bilan ta’minlanishi, haftada bir marta tozalanishi, bir oyda kamida bir marta devorlari bilan qo‘shib yuvilishi kerak. Energiya iste’molini kamaytirish maqsadida kirish yo‘laklari va zinapoyalarga energiya tejamkor sensor lampalar o‘rnatilishi maqsadga muvofiq.
Nimalar taqiqlanyapti?
Yangi hujjatga ko‘ra, ko‘p kvartirali uylarda quyidagilar taqiqlandi:
- yong‘in xavfini keltirib chiqaruvchi uskunalarni balkon va lodjiyaga o‘rnatish;
- balkonda og‘ir buyumlarni saqlash;
- balkon va lodjiyaning fasad (tashqi) qismida kir, kiyim-kechak, gilam va boshqalarni osib qo‘yish (ichki qismi bundan mustasno);
- uy hayvonlarini umumiy foydalanishdagi joylarda, zinapoyada, cherdakda, yerto‘lada, shuningdek umumiy foydalanishdagi oshxonada, balkonda va lodjiyada saqlash;
- kirish yo‘laklarining zinapoya maydonida va zinapoyaning ostida yonuvchi materiallarni saqlash;
- umumiy issiqlik parametrlariga ta’sir ko‘rsatuvchi qayta rejalashtirish (rekonstruksiya) ishlarini amalga oshirish, qo‘shimcha isitish yuzalariga (isitilmaydigan yuzalar) issiqlik uskunalarini o‘rnatish, shuningdek, umumiy mulk tarkibiga kiruvchi issiqlik tizimlariga o‘zgartirish kiritish.
Shuningdek, avtotransport vositalarini ko‘p kvartirali uylar va unga tutash yer uchastkalaridagi gazonlar usti, xiyobon, bolalar maydonchalari, trotuarga, kirish yo‘laklari qarshisiga qo‘yish taqiqlanadi.
Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organi aholiga qulaylik yaratish maqsadida quyidagilarni amalga oshirishi lozim:
- ko‘p kvartirali uyga tutash yer uchastkasida o‘rindiqlar o‘rnatishi;
- tegishli masofada chiqindilarni tashlash uchun chiqindilarni ajratuvchi urna joylashtirish.
Uylarga tutash yer uchastkalarida quyidagi umumiy foydalanish maydonchalari bo‘lishi kerak:
- maktabgacha va maktab yoshidagi bolalar o‘ynashi uchun;
- katta yoshdagi aholining dam olishi uchun;
- jismoniy tarbiya mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanish uchun;
- maishiy chiqindilarni yig‘ish uchun;
- it va boshqa uy hayvonlarini sayr qildirish uchun;
- velosiped va boshqa mobil vositalarni (samokat, nogironligi bo‘lgan shaxslar va bolalarning aravachalari) saqlash uchun.
Uylarga tutash yer uchastkasi hamda infratuzilma obektlari obodonlashtirilishi, daraxtlar va o‘simliklarga, o‘tish yo‘lkalari va trotuarlarga suv sepish uchun muhandislik-texnik qurilmalar bilan jihozlanishi, elektr yoritish tizimiga ega bo‘lishi kerak.
Ko‘p kvartirali uylarda boshqarish organi issiqlik tizimlari ishlashini nazorat qilishi, yaxshi isimaslik yoki issiqlik energiyasining haddan tashqari ko‘p sarfini keltirib chiqaradigan nosozliklar va uning oqibatlarini darhol bartaraf etishi shart.
Ko‘p kvartirali uylarga o‘rnatilgan yong‘in avtomatikasi tizimlarini (avtomatik yong‘in signalizatsiyasi, yong‘indan xabardor va evakuatsiya qilish, tutunga qarshi shamollatish tizimlari hamda avtomatik yong‘in o‘chirish qurilmalari va boshqa avtomatik yong‘inga qarshi himoya texnik uskunalarini) ishchi holatda saqlab turish uchun boshqarish organlari shtatida yong‘in xavfsizligi bo‘yicha kamida bir nafar mutaxassis bo‘lishi lozim.
Mavzuga oid
09:00 / 15.02.2026
Svetga ulangan “kvartplata” va homiysiz qolgan klublar - hafta dayjesti
15:45 / 09.02.2026
Ko‘p kvartirali uylar: viloyat bosh muhandislari vazir o‘rinbosariga bo‘ysunadi
14:50 / 07.02.2026
Ko‘p kvartirali uylarda to‘lovlar faqat “Mening uyim” orqali yuritiladi
09:18 / 15.01.2026