Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Svetga ulangan “kvartplata” va homiysiz qolgan klublar - hafta dayjesti
Kommunal soha bo‘yicha yangi qaror: “kvartplata”dan qarzi borlar svetga pul to‘lolmaydi. Korrupsiya reytingida O‘zbekistonning o‘rni yomonlashyapti: Akmal Burhonov xalqaro tashkilotdan norozi. Jamoatchilik nigohi yana sud tizimida: Li 9 va BYD to‘qnashuvining hukmi bekor qilindi. Sertifikatlash sohasida islohot: mahsulot sifatini davlat emas, bozor nazorat qiladi.
Ortda qolayotgan haftaning O‘zbekiston hayotiga oid shu va boshqa asosiy yangiliklari – Kun.uz dayjestida.
Ko‘p qavatli uylar boshqaruvida yangi tizim
“Qarzing bo‘lsa, chiroqsiz qolasan” degan qoidaning qo‘llanish doirasida kengayyapti. 2026 yil 1 iyuldan e’tiboran, ko‘p kvartirali uylarni boshqaruvchi shirkatlar yoki boshqaruv kompaniyalariga majburiy to‘lovni – xalq tilida aytganda “kvartplata”ni har oyning 15-sanasigacha to‘lamagan mulkdorlar, to qarzini uzmagunicha, elektr energiyasiga to‘lov qilolmay qoladi. Bunday tartib 5 fevral kungi prezident qarorida ko‘rsatilgan.
Shu tariqa, “kvartplata” – elektr energiyasining billing tizimiga ulanayotgan uchinchi majburiy to‘lov bo‘lyapti. O‘tgan yildan boshlab chiqindidan qarzdorlik uchun shunday tartib o‘rnatilgan, keyinroq 2026 yil 1 yanvardan Namangan viloyatida mol-mulk va yer solig‘idan qarzi 1 mln so‘mdan oshgan jismoniy shaxslar uchun ham bu cheklovni qo‘llab ko‘rishga qaror qilingan edi.
Tarmoqlarda: “Keyinchalik ichimlik suvi va issiq suvdan qarzdorlik uchun ham elektr to‘lovi cheklab qo‘yilsa kerak”, degan taxminlar yangrayapti. Faollar chiqindini olib ketish xizmati bo‘yicha ham, boshqaruv-servis kompaniyalari bo‘yicha ham qator e’tirozlar borligini ta’kidlamoqda. Bu e’tirozlar haqli ekanini rasmiylar ham tasdiqlaydi. Payshanba kuni Raqobat qo‘mitasi Chiqindilarni boshqarish agentligiga so‘rov yuborganini ma’lum qildi. Qo‘mitaga ko‘ra, ko‘plab hududlarda chiqindilarni o‘z vaqtida olib ketmaslik, shartnoma shartlariga amal qilmaslik, aholi zimmasiga asossiz qarzdorlik hisoblash va buning oqibatida elektr energiyasi to‘lovini nohaq cheklab qo‘yish holatlari kuzatilyapti. So‘rovda iste’molchilar huquqini buzayotgan bunday tizimli kamchiliklarga barham berish talab qilingan.
Uy-joylarni boshqarishdagi muammolar esa ikki oy avval Senatda muhokama qilingan va hukumatga so‘rov yuborilgan edi. Senatorlarga ko‘ra, ko‘plab holatlarda boshqaruv-servis kompaniyasini tanlashda mulkdorlarning ishtiroki chetga surib qo‘yilgan, uyni boshqaruv kompaniyasiga biriktirishda ochiq tanlovlar o‘tkazilmagan, bir qator kompaniyalar bir vaqtning o‘zida yuzlab uylarni boshqarish huquqini qo‘lga kiritgan. Shuningdek, aslida bajarilmagan ishlar uchun majburiy badallar hisoblangan holatlar ham oz emas. Mulkdorlardan undirilgan mablag‘larning talon-toroj qilinishi bilan bog‘liq o‘nlab jinoyat ishlari ochilgan.
5 fevral kungi qarorni hukumat Senatning ana shu so‘roviga javob sifatida ko‘rsatsa, ajab emas. Qarorga asosan, 1 iyuldan boshlab Toshkent shahridagi ko‘p kvartirali uylar boshqaruvi “Mening uyim” tizimi orqali raqamlashtiriladi. Bunda: mulkdorlarning umumiy yig‘ilishini chaqirish, o‘tkazish va qaror qabul qilish, shartnomalar tuzish, boshqaruvchining hisobdorligi, murojaatlarni qabul qilish va ularni ko‘rib chiqish faqat “Mening uyim” tizimi amalga oshiriladi. 2027 yildan boshlab bu tartib butun respublikaga tatbiq etiladi.
Agar mulkdorlar boshqaruv kompaniyasidan norozi bo‘lsa, o‘zaro kelishgan holda uni javobgarlikka tortishi mumkin. Buning uchun mulkdorlarning 50 foizdan ortig‘i 1 oy ichida “Mening uyim” ilovasi yoki saytiga kirib, “Boshqaruvchining faoliyatidan noroziman” tugmasini bosishi kerak. Shunda kommunal sohaga mas’ul hududiy bosh muhandis kelib, holatni o‘rganadi va boshqaruvchiga nisbatan chora ko‘radi.
Qarorda boshqaruvchi kompaniyalarning hisobdorligini oshiruvchi mexanizm ham ko‘zda tutilgan: ular har chorakda qilingan xarajatlar haqida “Mening uyim” platformasiga hisobot kiritib borishi kerak. Aks holda, majburiy badal to‘lovlarini hisoblash to‘xtatib qo‘yiladi. Boshqaruvchi hisobotni kechikib kiritgan taqdirda ham, to‘lovlar hisoblanmagan davr uchun qayta hisob-kitob qilinmaydi.
Korrupsiya reytingida pasayish
Korrupsiya darajasi bo‘yicha xalqaro reytingda O‘zbekistonning o‘rni yana yomonlashdi. Transparency International e’lon qilgan indeksga ko‘ra, O‘zbekiston 2025 yil yakunlari bo‘yicha 182 ta davlat orasida 3 pog‘onaga pasayib, 124-o‘ringa tushdi. Xalqaro kuzatuvchilar o‘zbek rasmiylarining korrupsiyaga qarshi sa’y-harakatlariga 100 baldan 31 ball berishgan. Bu ko‘rsatkich ketma-ket ikki yildan buyon pasayayotgani e’tiborli.
Transparency International tuzadigan bu nufuzli reyting – O‘zbekiston o‘zi uchun muhim deb belgilagan xalqaro indekslar qatoriga kiradi. Lekin bu degani, hukumat uni so‘zsiz e’tirof etadi degani emas. O‘tgan hafta Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov Transparency International'ga e’tirozlari borligini aytgandi.
“Men Transparency International tashkilotining rahbariyatiga, vakillariga ham ko‘p marotaba aytganman: ko‘rsatib beringlar metodologiyani, qaysi asosga ko‘ra bizniki past, qaysi asosga ko‘ra bu davlatdan bizniki yomon? Ko‘p savol beraman, lekin afsuski, qaysi mezon asosida ular baholashini biz bilmaymiz. [...] Bizning tahlillarimiz asosida aytishim mumkinki, o‘sha bizdan yuqorida turgan davlatlardan ko‘ra ko‘proq aksilkorrupsiya islohotlari O‘zbekistonda o‘tkazildi”, – degandi u.
Burhonovga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekistonda 5222 ta korrupsion jinoyat aniqlangan. Bu – 2024 yilga nisbatan salkam 500 taga kam. O‘tgan yili 12 ta tuman hokimi, 300 dan ortiq hokim yordamchilari korrupsiyaga qo‘l urgan.
Aksilkorrupsiya agentligi rahbari davlat xizmatchilarining mol-mulki va daromadlarini deklaratsiyalashga doir qonun haqidagi savolni Adliya vazirligiga burib yubordi.
“Biz qonun loyihasini takomiliga yetkazishni tugatdik. Hozir jamoatchilik muhokamasiga qo‘yish jarayonidan o‘tmoqda. Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yadigan idora bor, men ular uchun javob berolmayman”, – dedi u.
Burhonov korrupsionerlar reyestri ham kechikayotganiga izoh berarkan, agentlikda qonunchilik tashabbusi huquqi yo‘qligini aytdi, va yana qonun “takomillashtirilayotgani”, unga to‘siq bo‘luvchi “siyosiy masala” yo‘qligini qo‘shimcha qildi.
Sudyalar deklaratsiya topshiradi
Davlat xizmatchilarining aktivlarini deklaratsiyalash talabi birinchilardan bo‘lib sudyalarga nisbatan joriy etilishi mumkin. Bu masala payshanba kuni Sudyalar oliy kengashi raisi Xolmo‘min Yodgorov va Prezident administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Nodira Hakimovaning davlat rahbari huzuridagi taqdimotida muhokama qilindi.
Rasmiy relizda aytilishicha, sudyalar va ularning oila a’zolari mol-mulkini deklaratsiya qilish, komplayens nazorat o‘rnatish, sud apparati xodimlarini ishga olishning ochiq tartibini yaratish kabi tashabbuslar ilgari surilgan. Nodira Hakimovaning so‘zlariga ko‘ra, deklaratsiyalash 2027 yildan boshlanadi va sud tizimining ichki tartibi sifatida joriy etiladi. Sudyalar topshirgan deklaratsiyalar keng jamoatchilikka ochiqlanadimi-yo‘qmi, bunga hali aniqlik kiritilmadi.
Hafta davomida sud tizimidagi yana bir shov-shuvli voqeaning davomiga guvoh bo‘ldik. O‘tgan yili sentabr oyida Toshkent shahri markazidagi Mustaqillik shohko‘chasida BYD va Li 9 avtomobillari to‘qnashgan, Li 9 ag‘anab ketgan edi. Hodisa videolaridan ko‘rish mumkinki, 60-62 km/soat tezlikda harakatlanayotgan BYD ogohlantirish ishorasini bergan holda chapki bo‘lakka o‘tayotgan paytda, ortidan katta tezlikda kelgan Li 9 kelib urilgan. Voqeani ko‘rib chiqqan Mirzo Ulug‘bek tuman sudi dekabr oyidagi qarori bilan, BYD haydovchisining zimmasiga salkam 800 mln so‘m zararni to‘lash majburiyati yuklangan.
Sudning ta’kidlashicha, Yo‘l harakati qoidalarining 53-bandiga binoan, BYD haydovchisi qayta tizilayotgan paytda boshqa haydovchilarning harakatiga xavf tug‘dirmasligi kerak edi. Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, YTH paytida Li 9ning tezligi qancha bo‘lganini aniqlash imkonsiz, lekin uning tezligi ruxsat etilgan 60 km/soat bo‘lgan taqdirda ham, avariyaning oldini olib bo‘lmas edi. Ekspertizaning bunday bahsli xulosasi va sudning shu xulosaga tayanib qaror chiqarishi yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgandi.
Juma kuni Toshkent shahar sudlari bu borada bayonot bilan chiqdi. Ma’lum bo‘lishicha, BYD haydovchisining shikoyatini ko‘rib chiqqan apellyatsiya sudi holat bo‘yicha “surishtiruv ishlari to‘liq o‘tkazilmagan” degan xulosaga kelgan va birlamchi sud qarorini bekor qilib, ishni surishtiruv organiga qaytargan. Ayni paytda Li 9 haydovchisi bu qaror ustidan taftish instansiyasiga arz qilish huquqiga ega.
Metan-shoxobcha qurishga “hech qanday ruxsat yo‘q”
2025 yildan boshlab, O‘zbekistonda metan-shoxobcha qurish taqiqlangan. 6 fevral kuni qoraqalpog‘istonlik tadbirkorlar bilan uchrashuvda rasmiylar buni ochiqchasiga tan oldi. Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev tadbirkorning murojaatiga javoban “hozir metan-shoxobcha qurishga ruxsat yo‘q”ligini, soha mas’ullari hozirgi mavjud shoxobchalarga ham gaz yetkazib berolmayotganini aytdi.
“Hozir metan-zapravka qurishga ruxsat yo‘q. Bor metan-zapravkalarga bular gaz yetkazib berolmayapti. Farhod O‘rozboyevich, buni tadbirkorlarga aytmaganmisizlar? […] Qurganingiz bilan pulingiz shunday yotadi. Sizga metan bermaydi. Qurilishni boshlamaslik kerak. Nega buni hokimiyat aytmaydi?” – deya e’tiroz bildirdi bosh vazir o‘rinbosari.
Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi Farhod Ermanov taqiq haqida tadbirkorlar xabardor qilinganini aytdi:
“Hokimlarning ham, muovinlarining ham xabarlari bor. Tadbirkorlarga ham bu masala bo‘yicha aytganmiz. O‘tgan yildan boshlab metan zapravka qurilishiga taqiq qo‘yilgan. Hech qanday ruxsat yo‘q”.
Ayni paytda, gaz ta’minoti uchun eng asosiy mas’ul idora bo‘lmish “O‘zbekneftgaz”da rahbar almashganidan keyingi o‘zgarishlar davom etyapti. Kun.uz manbasiga ko‘ra, kompaniya Superliganing yangi mavsumi oldidan O‘FAga xat yuborib, “Nasaf”, “Bunyodkor” va “Buxoro” klublarini moliyalashtirishni to‘xtatishini ma’lum qilgan.
Bu qaror – “O‘zbekneftgaz”ning yangi rahbariyati oldiga kompaniyani moliyaviy sog‘lomlashtirish vazifasi qo‘yilgani bilan bog‘liq. Kompaniyaning yangi raisi Abdug‘ani Sanginov 30 yanvar kuni prezident huzuridagi taqdimotda sohaga oid bo‘lmagan aktivlardan voz kechish va homiylik to‘lovlarini to‘xtatish rejalari haqida axborot bergan edi. Avvalroq “O‘zbekneftgaz”ning sobiq rahbari davrida katta talon-torojlikka yo‘l qo‘yilgani ma’lum bo‘lgandi.
Futboldan tejalgan mablag‘lar hisobiga, neft-gaz sohasidagi oyliklarni oshirishga qaror qilingan ko‘rinadi. Kompaniyaning seshanba kungi xabariga ko‘ra, 1 apreldan boshlab “O‘zbekneftgaz” tizimidagi korxonalarda ishlovchi 32 mingdan ortiq xodimning maoshi 10 foizga oshiriladi. Bundan tashqari, yana 7 mingta xodimni kompaniya hisobidan issiq ovqat bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yiladi.
Aholini gaz va neft mahsulotlari bilan ta’minlash asosiy vazifasi bo‘lgan davlat kompaniyasi futbolga pul ajratishni nihoyat bas qilgani – e’tirofga loyiq. Aslini olganda, maktablarining 88 foizi kanalizatsiyaga ulanmagan, har ikkita maktabning birida ichimlik suvi mavjud bo‘lmagan mamlakatda davlat tashkilotlari, soliq to‘lovchilarga tegishli kompaniyalar va ayniqsa hokimliklar 35 yildan beri professional futbolni moliyalashtirib yurishi – achinarli hol.
Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?
Toshkent shahri ko‘chalariga panjaralar qaytyapti. Poytaxtning qator ko‘chalarida piyodalar yo‘lni belgilanmagan joydan kesib o‘tmasligi uchun panjaralar o‘rnatilmoqda. Ko‘pchilikning yodida bo‘lsa kerak, bu to‘siqlar 7 yil oldin olib tashlangan, o‘shanda bunday panjaralar haydovchilar uchun ham, piyodalar uchun ham yo‘l sathini ko‘rishni yomonlashtirib, avariyalarga olib kelishini rasmiylarning o‘zi ham tan olgan edi. Tanqidlardan keyin Toshkent shahar hokimligi bayonot bilan chiqib, piyodalar o‘tish joylariga 10-15 metr qolganda, shuningdek, qayrilish va burilish joylarida panjaralarning balandligi pasaytirilishini ma’lum qildi. Hafta davomida bu mavzuning rosa muhokama bo‘lishiga Mirzo Ulug‘bek ko‘chasidagi holat ham turtki berdi. Bu ko‘chadagi yangi panjaralar o‘rnatilganidan 1 hafta o‘tib olib tashlangan. Bunga, panjaraning bo‘yi pastroq bo‘lib qolgani sababligi aytilyapti. Tez orada bu yerga boshqatdan, endi balandroq panjaralar o‘rnatiladi.
Raqamlashtirish vaziri Sherzod Shermatov elektron hukumat tizimlari kiberhujumga uchraganiga izoh berdi. U 15 millionta vatandoshning ma’lumotlari tarqab ketganini rad etib, 3 ta idoraga qilingan kiberhujum natijasida o‘zbekistonliklarning 60 mingga yaqin datasi o‘g‘irlanganini ma’lum qildi. “15 mln unikal odamning internetda sotuvda turgan ma’lumoti yo‘q. Agar bo‘lsa, topinglar, olinglar, ko‘ringlar. Unaqa ma’lumot yo‘q”, dedi vazir. Shermatovga ko‘ra, firibgarlar tarqalib ketgan pasport ma’lumotlarini qo‘lga kiritgani bilan, fuqaroning ishtirokisiz hech narsa qilolmaydi, lekin baribir bu ma’lumotlardan aldov quroli sifatida foydalanishi mumkin.
Sertifikatlash sohasida islohot bo‘lishi kutilyapti. Payshanba kuni prezident huzuridagi yig‘ilishda texnik tartibga solish sohasini xalqaro talablar asosida tubdan yangilashga qaror qilindi. Asosiy o‘zgarish – bozor nazorati tizimiga o‘tilishi bilan bog‘liq. Bu tizimda mahsulot sifati va xavfsizligini kafolatlash ishlab chiqaruvchining zimmasida bo‘ladi; davlat nazoratidan bosqichma-bosqich voz kechilib, bozor nazorati tamoyillariga o‘tiladi. Yig‘ilishda ishtirok etgan taniqli tadbirkor Zafar Hoshimov mahalliy sanoat uchun bu yangilikning ahamiyatini valuta konvertatsiyasining ochilishiga tenglashtirdi.
Huquq-tartibot idoralarida uzoq yillar ishlagan ayrim xodimlar pensiyaga kuzatilyapti. Bu haqda davlat rahbari yanvar oyidagi selektorda topshiriq bergan, huquq-tartibot sohasiga yosh va talabchan rahbarlar korpusi kerakligini aytgandi. Shundan keyin avvaliga prokuratura tizimida ko‘p yillar ishlagan xodimlardan bir guruhi pensiyaga kuzatildi. Joriy haftada esa Toshkent shahri va Samarqand viloyati bojxona boshqarmalari boshliqlari, Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari pensiyaga chiqarildi. Shuningdek, Milliy gvardiyada ham yoshi katta ofitserlarning bir guruhi tantanali tarzda nafaqaga kuzatib qo‘yildi.
Muallif – Komron Chegaboyev
Boshlovchi – Umarshoh Saydaliyev
Tasvir ustasi – Shohruz Abdurayimov
Surdotarjimon – E’zoza Ahmedova
Mavzuga oid
08:14 / 08.02.2026
OneID'ga kiberhujum, haydovchilarga ogohlantirish va Samarqanddagi shov-shuv - hafta dayjesti
09:05 / 01.02.2026
Qamoqdagi kattakonlar, antikorrupsiya vertikali va tug‘ilishning pasayishi - hafta dayjesti
09:57 / 25.01.2026
Iqtisodiyotda kutilmagan o‘sish va pul o‘tkazmalarida yangi qoidalar - hafta dayjesti
09:00 / 18.01.2026