Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Elektrdagi yo‘qotishlari yuqori bo‘lgan 44 ta hududning elektr korxonasi rahbari ishdan olindi
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov “Hududiy elektr tarmoqlari” AJda tanqidiy yig‘ilish o‘tkazdi. Unda elektr energiyasi yo‘qotishlari 20 foizdan yuqori bo‘lgan hududlar kesimida 44 ta tuman va shahar elektr korxonalari rahbarlari lavozimidan ozod etildi.
Foto: Energetika vazirligi
Jo‘rabek Mirzamahmudov energiya samaradorligi va energiya resurslari yo‘qotishlarini kamaytirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan tanqidiy yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJda o‘tkazilgan yig‘ilishda tarmoq rahbarlari, hududiy elektr va gaz korxonalari mutasaddilari ishtirok etgan.
Qayd etilishicha, Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan olib borilgan o‘rganishlarda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida hududlarda ishchi guruhlar tuzilgan. Ular 106 140 ta transformator punktining texnik holatini o‘rganib, 25 668 tasi ta’mirtalab ekanini aniqlagan. Hozirda ularni ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Yig‘ilishda yuqori yuklamali tarmoqlarda simlarni almashtirish, zarur hududlarda elektr tarmoqlarini tezkor modernizatsiya va rekonstruksiya qilish, noqonuniy holatlarning oldini olish choralarini kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar berilgan.

Shuningdek, elektr energiyasi yo‘qotishlari 20 foizdan yuqori bo‘lgan hududlar kesimida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning Andijon filialidagi 14 ta, Jizzaxdagi 7 ta, Samarqanddagi 10 ta, Qashqadaryodagi 4 ta, shuningdek Sirdaryo, Toshkent va Farg‘ona filiallaridagi 2 tadan tuman va shahar elektr korxonalari rahbarlari lavozimidan ozod etilgan.
Yig‘ilishda gaz ta’minoti bilan bog‘liq masalalar ham tanqidiy ko‘rilib, jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun “Hududgaz Xorazm” gaz ta’minoti filiali rahbarini ishdan olish bo‘yicha topshiriq berilgan.
Avvalroq energiyani tejash maqsadida gaz va svet iste’moliga cheklov kiritish taqiqlangani xabar qilingandi.
Mavzuga oid
09:13 / 25.04.2026
Toshkentda elektr korxonasi muhandislari 8 ming dollar bilan ushlandi
17:58 / 17.03.2026
Namanganda soliq qarzdorligi 1 mln so‘mdan oshsa, elektr uchun to‘lov cheklanadi
07:24 / 14.03.2026
Dunyo neft xaritasi: global ta’minot qaysi mintaqalarga bog‘liq?
18:02 / 12.03.2026