O‘zbekiston | 07:36
1593
2 daqiqa o‘qiladi

Qonun talablarini buzgan ikki nafar sudya ishdan bo‘shatildi

Sudyalar oliy kengashi 6 may kuni ayrim sudyalarning vakolat muddatini tugatish va lavozimidan ozod etish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Foto: panthermedia/vostock-photo

Qarorga (.pdf) ko‘ra, Xorazm viloyati Tuproqqal’a tuman sudi tergov sudyasi Sherali Seytirzayev o‘z arizasiga binoan lavozimidan ozod etildi. Shuningdek, Farg‘ona viloyati Bag‘dod tuman sudi raisi Otabek Siddiqov ham arizasi asosida sudyalik lavozimidan ozod qilingan.

Yana ikki sudyaning vakolati intizomiy va qonuniy asoslar bilan muddatidan ilgari tugatildi. Xususan, Samarqand viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi Farruh Samatov sudyalik sha’ni va qadr-qimmatiga dog‘ tushiradigan, sud obro‘siga putur yetkazadigan nojo‘ya xatti-harakat sodir etgani hamda Sudyalar odobi kodeksi talablarini buzgani uchun lavozimidan ozod etildi.

Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi Fahriddin Xalilov esa odil sudlovni amalga oshirish chog‘ida qonuniylikni buzgani uchun sudyalik vakolatidan muddatidan ilgari mahrum qilindi. Qarorda qayd etilishicha, mazkur hujjat qabul qilingan kundan e’tiboran kuchga kirgan.

Shuningdek, kengash qarori (.pdf) bilan bir qancha tayinlovlar amalga oshirildi.

Shavkatjon Mirzaliyev Toshkent viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha Nurafshon shahar sudining tergov sudyasi lavozimiga, Shoxan Bekturganov Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudining sudyasi lavozimiga, Farruh Bozorboyev Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudining sudyasi lavozimiga tayinlandi. Dildora Anvarova poytaxt jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudining tergov sudyasi bo‘ldi.

Bundan tashqari, Botirjon Sagatov Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudining sudyasi lavozimini, Iqbol Zokirov esa Namangan viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudining tergov sudyasi lavozimini egalladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid