Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
12 ballni “urgan”lar 49 nafarga yetdi: yarmidan ko‘pi poytaxtda
Jarima balli 12 ballga yetgan haydovchilar soni keskin ko‘paya boshladi. Shunday birinchi haydovchi aniqlangandan bir hafta o‘tib ular soni 49 nafarga yetdi. 29 ta holat Toshkent shahrida kuzatilgan.
Sun’iy intellekt chizgan surat
8 may holatiga jarima balli 12 ballga yetgan haydovchilar soni 49 nafarga yetdi. Bu haqda Kun.uz’ga YHXX axborot xizmati rahbari Zoyir Yo‘ldoshev xabar berdi.
Unga ko‘ra, eng ko‘p holat Toshkent shahrida kuzatilgan: poytaxtda 29 nafar haydovchining jarima balli 12 balldan oshgan. Keyingi o‘rinlarni 8 ta holat bilan Farg‘ona va 3 ta holat bilan Buxoro viloyati egallagan. Shuningdek, Toshkent va Andijon viloyatlarida 2 tadan, Qoraqalpog‘iston respublikasi hamda Samarqand, Namangan, Surxondaryo, Xorazm viloyatlarida 1 tadan holat qayd etilgan.
Faqat 4 ta hudud – Navoiy, Qashqadaryo, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida hozircha jarima balli 12 ballga yetgan haydovchi yo‘q.
“Transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilganlar yana bu huquqni qaytarib olish uchun avvalgiday faqat imtihon topshirmaydi, nazariy va amaliy bilimlar bo‘yicha avtomaktablarda o‘qishi ham talab etiladi. Bunda nazariy imtihonda avvalgidek 20 savoldan 18 tasiga emas, 50 ta savoldan 46 tasiga to‘g‘ri javob berishi lozim bo‘ladi. Qoida buzmaganlarga esa jarima ham, jarima balli ham yo‘q”, deydi Zoyir Yo‘ldoshev.
Uning qo‘shimcha qilishicha, 49 ta holatning barchasi ko‘rib chiqish uchun sud organiga yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 34-1-moddasiga ko‘ra, bir yil ichida jarima ballari 12 ballga yetgan haydovchilar kamida 6 oy muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilinadi.
Avvalroq jarima balli 12 ballga yetgan birinchi haydovchi ma’lum bo‘lgani xabar qilingandi.
Mavzuga oid
13:00 / 02.05.2026
Jarima balli 12 ballga yetgan birinchi haydovchi ma’lum bo‘ldi
12:45 / 01.05.2026
1 iyundan boshlab jarima maydonchasidan mashinani onlayn olib ketish mumkin bo‘ladi
22:36 / 02.04.2026
Mashina sizniki, rulda boshqa odam: jarima balli haqiqiy huquqbuzarga yozilishi uchun nima qilish kerak?
09:05 / 27.03.2026