Jahon | 10:11
11050
16 daqiqa o‘qiladi

Oddiy jangchi Boqijonni izlab – Jyersi orolidagi lagerdan qochgan o‘zbek askarining siri

Ikkinchi Jahon urushi davrida fashistlar Germaniyasi tomonidan bosib olingan Jyersi oroliga minglab asirlar keltirildi - ulardan tunnellar va bunkerlar qurish uchun foydalanilgan. Ko‘plab mahbuslarning taqdiri haligacha noma’lum, ammo BBC ulardan biri - mahalliy fermerlar oilasi o‘z uyida yashirgan sovet/o‘zbek askari Boqijonning taqdirini aniqladi. 80 yildan ortiq vaqt davomida oila u haqda hech narsa bilmagan.

Foto: BBC

BBC jurnalisti Olga Ivshina ta’sirli voqea haqidagi surishtiruviga asoslanib, katta maqolani yozdi.

«Qara, uning surati hali ham oshxonamda, ota-onamning surati yonida turibdi», deydi zamonaviy kiyingan, oq sochli, keksa ayol Dulsi Le Breton.

Oq-qora suratdan inglizcha kostyum kiygan, o‘rta yoshlardagi tabassumli erkak bizga qarab turibdi. Bu Boqijon — Fransiya va Britaniya o‘rtasidagi La-Mansh bo‘g‘ozida joylashgan mitti Jyersi orolida nemis istehkomlari qurilishida qatnashishga majbur etilgan ikki mingga yaqin sovet asirlaridan biri. O‘shanda u 33 yoshda, Dulsi esa 7 yoshda edi.

«Hali ham esimda, u men bilan o‘ynardi: biz arg‘amchi ustidan sakrashni yaxshi ko‘rardik, keyin u menga ingliz tilida ertaklar o‘qir edi. Urushdan keyin uni topishga harakat qildik. Yillar davomida unga nima bo‘lganini bilishni orzu qilardim», deydi Dulsi. Iyun oyida u 90 yoshga to‘ladi.

Dulsi Le Breton

To‘rt yil oldin mahalliy tarixchi Kris Eddi Jyersi oroli okkupatsiyasi so‘nggi guvohlarining hikoyalarini yozib olishga qaror qildi. Shu asnoda u Dulsi bilan tanishdi, uning oilasi bilan sovet soldati o‘rtasidagi ajoyib tanishuv tarixini birinchi marta eshitdi.

Dulsining xotiralarini Jyersi orolidagi gazetalar qayta bosib chiqardi, lekin hech kim Boqijonning to‘liq ismini va urush tugagandan keyin unga nima bo‘lganini aniqlay olmadi.

«Rossiyada bir necha bor qarindosh-urug‘larim va do‘stlarim uchun Ikkinchi jahon urushida bedarak yo‘qolgan jangchilar haqida ma’lumot izlashga to‘g‘ri kelgan edi, shuning uchun men Boqijonning taqdirini kuzatishga qaror qildim», deydi Olga Ivshina (BBC jurnalisti).

Birinchi qism. Boqijon qanday qilib «Tom»ga aylangani haqida

1940 yilning yozida, Fransiya fashistlar Germaniyasiga taslim bo‘lganidan so‘ng, Britaniya Normandiya orollarini himoya qilmaslikka qaror qildi va Jyersi orolidan qo‘shinlarini olib chiqdi - rasman orol Birlashgan Qirollik tarkibiga kirmaydi, ammo aynan Buyuk Britaniya uning mudofaasi va xalqaro aloqalari uchun javobgar edi.

6,5 ming aholi Britaniyaga evakuatsiya qilindi, ammo 40 mingga yaqini orolda – nemis armiyasi bilan yuzma-yuz qoldi.

1941 yil kuzidan boshlab natsistlar orolga keng ko‘lamli istehkomlar tarmog‘i - tankka qarshi devorlar, bunkerlar va tunnellar qurish uchun asirlarni olib kela boshladi. Eng og‘ir ishlarga sovet hududlarida qo‘lga olingan tinch aholi va harbiy asirlar jo‘natildi. Ular orasida 1941 yilning yozida hozirgi Ukraina hududida qurshovga tushib, asirga olingan Boqijon ham bor edi.

Natsistlar Normandiya orollariga o‘nlab mamlakatlardan minglab asirlarni olib keldi. Ammo ular aynan sovet harbiy asirlariga eng yomon munosabatda bo‘lgan.

«Arzimagan nojo‘ya ish uchun bizni qattiq kaltaklashdi. Agar ishlay olmasak, bizni och qoldirib, yana urishardi. Nemislar bizning kasal ekanimizga hech qachon ishonmagan. Uch oy ichida mening 44 kishidan iborat guruhimdan 20 dan ortig‘i ochlikdan o‘ldi», deb yozdi Boqijon o‘z kundaliklarida.

Le Bretonlar oilasi Boqijon yozgan 22 varaq sarg‘aygan qog‘oz, daftar va qo‘lbola bloknotni avaylab saqlaydi. Bu qog‘ozlarda hatto o‘ta holdan toygan holatda ham jim qurbon bo‘lishdan bosh tortgan odamning hikoyasi keltirilgan:

«Nemis qo‘lida tayoq ko‘tarib oldimga kelganida, unda mujassam bo‘lgan barcha shafqatsizlikni ko‘rib, g‘azabim qaynab ketdi. Men belkurakni ko‘tarib unga tashlandim va: «Avval seni o‘ldiraman, keyin meni o‘ldirishing mumkin», deb baqirdim. U kulib yubordi, lekin nari ketdi va shundan keyin meni urishga hech qachon jur’at etmadi».

Istehkomlar qurilishiga Yevropa va Shimoliy Afrikaning o‘nlab mamlakatlaridan ishchilarni majburan haydab keltirishgan, ammo natsistlar aynan sovet asirlarini Untermensch - «noraso odam» toifasiga kiritib, eng og‘ir sharoitlarga joylashtirgan, deydi Jyersi oroli tarixchisi Kris Eddi.

«Karerda ertalab soat 6 dan kechqurun soat 6 gacha tosh qazib olardik. Sho‘rva va ozgina sariyog‘ qo‘shilgan juda kichkina non bo‘lagi asosiy tushlik ovqatimiz edi. Nonushta berilmagan. Nemislar hatto qishda ham bizga issiq suv va sovun bermasdi, garchi ba’zilarimiz juldur kiyimda va yalangoyoq bo‘lsak-da, hech qanday qo‘shimcha kiyim berishmagan», deyiladi Boqijon kundaliklarida.

Jyersi muzeyida mahbuslardan biri yasagan qo‘lbola poyabzal hali ham saqlanmoqda: tagcharm o‘rniga qarag‘ay taxtasi, siyqalangan gilamdan paypoq, zanglagan temirdan orqa qismi va tugma o‘rniga sim. Bunday «poyabzal» tosh konlarida o‘tkir tog‘ jinslariga oyoqni shilmaslikdan yordam bergan.

«1943 yilning 27 aprelida o‘zimni o‘limga shunchalik yaqin his qildimki, tavakkal qilib qochishga qaror qildim», deb yozadi Boqijon. Uch oy davomida u dalalarda yashirinib, kartoshka po‘chog‘i, xom bryukva yoki sabzi bilan oziqlandi.

Ba’zan Boqijon shu yerlik fermerlarning uyiga borib, ozgina ovqat va bir varaq qog‘oz so‘rardi. Qalamning bir parchasi bilan inglizcha so‘zlarni yozib qo‘yardi. Uch oy ichida u uch mingta so‘zni yodlab oldi.

Boqijon o‘zi uchun yangi bo‘lgan tilni bir oz o‘rganib olgach, bir kuni bir necha marta ovqat bergan Le Bretonlarning uyini taqillatdi. «Ba’zan uyingizda tunab qolsam bo‘ladimi?» deb so‘radi.

Jon Le Breton, 39 yoshli baquvvat fermer, maslahatlashish uchun rafiqasi Fillisni chaqirdi. Asirni qabul qilib, Le Bretonlar nafaqat o‘z hayotini, balki to‘rt nafar yosh farzandlarining xavfsizligini ham xavf ostiga qo‘ygan. Qochib ketgan asirlarga yordam berganlik uchun shafqatsiz jazo ko‘zda tutilgan edi: sovet askarini yashirgan 53 yoshli mahalliy fuqaro Luiza Guld konslagerga yuborilgan va u yerda gaz kamerasida halok bo‘lgan.

Xavf-xatarga qaramay, Le Bretonlar Boqijonga qolishga ruxsat berdi. Bolalar ortiqcha gapirib qo‘yishmasin deb, Fillis uni hammaga «Tom» deb tanishtirdi. Ular ikki yildan ortiq birga yashadi.

Ikkinchi qism. Umiddan umidsizlikka va aksincha

1945 yil may oyida Jyersi nemislardan ozod qilinganidan ko‘p o‘tmay, orolga sovet elchixonasining harbiy attashesi keldi. U sobiq sovet asirlarini vataniga qaytarishni tashkil qilishi kerak edi.

Xayrlashishga vaqt oz edi. Jon Le Breton «Tom»ni o‘zining eng yaxshi kostyumiga kiyintirdi va mahalliy ateleda suratga oldi — surat hali ham Dulsi stolida turibdi.

Boqijon Le Bretonlarga esdalik uchun qo‘lbola uzuklar sovg‘a qildi. U ketayotib, hayotini saqlab qolgan oila bilan aloqada bo‘lishga va’da berdi.

Ko‘p o‘tmay Le Bretonlar undan xabar ola boshladi — Boqijon o‘zi va boshqa sobiq asirlar Yevropa orqali olib o‘tilguncha uchta xat yozib ulgurgan edi.

Keyin xatlar to‘xtadi.

SSSRda sobiq harbiy asirlarni jiddiy tekshiruv va saralash kutardi: asirlik yoki nemis nazorati ostida yashash faktining o‘zi odamni Stalin davlati uchun shubhali qilib qo‘ygan. Bu mantiq 1941 yil avgustdagi 270-sonli buyruqda ham o‘z aksini topgan bo‘lib, amalda asirga tushishni qochoqlik va xoinlikka tenglashtirgan.

Tekshiruvdan so‘ng ba’zilar uyiga qo‘yib yuborildi yoki armiyaga qaytarildi, boshqalari ishchi batalonlariga, maxsus posyolkalarga yoki qamoq/lagerlarga yuborildi. Arxiv ma’lumotlariga ko‘ra, 1946 yil 1 martga kelib SSSRga 4,2 millionga yaqin repatriantlar — sobiq harbiy asirlar va ostarbayterlar — majburiy mehnatga olib ketilgan fuqarolar qaytib kelgan. Ularning 58 foizi uyiga, 19 foizi armiyaga, 14,5 foizi ishchi batalonlariga, 6,5 foizi esa NKVD tizimiga — qamoqxonalar, lagerlar yoki boshqa majburiy saqlash joylariga o‘tkazilgan.

Ammo sobiq harbiy asirlar uchun filtrlash oddiy fuqarolarga qaraganda ancha qattiq amalga oshirilgan. Tarixchi Sheyla Fitspatrik keltirgan arxiv ma’lumotlariga ko‘ra, 1946 yil 1 martga kelib, sobiq sovet harbiy asirlarining taxminan 15 foizi tekshiruvdan so‘ng NKVDga topshirilgan. Fuqarolik repatriantlari orasida bu ulush 2 foizdan kam edi.

Le Bretonlar «Tom»ga nima bo‘lganini bilishga harakat qildi, lekin ular uning urushdan oldingi hayoti haqida juda kam bilardi. U o‘z xatini ingliz tilida «Boqijon Akrom» deb imzolagan va bu bir vaqtning o‘zida ikkita muammoni keltirib chiqardi: birinchidan, «Akrom» ismi familiyami yoki otasining ismini ko‘rsatadimi, ikkinchidan, sovet kotiblari urush yillari hujjatlarida buni rus tilida qanday qayd etgan.

«Biz undan ancha vaqt xabar kutdik, men hozir ham unga nima bo‘lganini, nima uchun xat yozmay qo‘yganini bilishga umid qilaman. Biz uni juda-juda yaxshi ko‘rardik. Bizning aziz Tomimiz! U shunchaki ajoyib inson - juda mehribon va yoqimtoy edi», deb eslaydi Dulsi.

Uning ota-onasi allaqachon vafot etgan: Jon Le Breton 1975 yilda, 71 yoshda edi. Fillis — 1993 yilda 82 yoshda edi. Ular natsistlardan qutqarilgan odamning taqdirini bilolmay ketdi. Oilaning Boqijonni yaxshi eslaydigan oxirgi kishisi Dulsi o‘ziga yordam berishni, biror ma’lumot topib berishni so‘radi.

Sovet harbiy hujjatlarining raqamlashtirilgan arxivlarida — halok bo‘lganlar haqidagi xabarlarda, shaxsiy tarkib ro‘yxatlarida, mukofot varaqalarida «Boqijon» nomi bir necha variantda uchraydi. «Akrom» yoki «Akromov» varianti o‘nlab topiladi. Asta-sekin qidiruv uch kishigacha qisqardi, ammo biri yoshiga mos kelmadi, ikkinchisi esa 1945 yil aprel oyida halok bo‘lgan ekan, bu vaqtda Boqijon tirik va Le Bretonlarnikida edi.

Bir kishi qoldi — Boqijon Akramov, 1910 yilda tug‘ilgan. Ochiq manbalarda faqat bitta hujjat — 1985 yilda I darajali Vatan urushi ordeni bilan taqdirlanganligi haqidagi kartochkani topish mumkin. Hujjatda Boqijonning yashash joyi sifatida hozirgi O‘zbekiston — Namangan shahri ko‘rsatilgan.

Uchinchi qism. Mukofot

Boqijon Akramovning 1985 yilda yashagan aniq manzilini bilishning birdan-bir yo‘li — mukofot varaqasining asl nusxasi saqlanayotgan Mudofaa vazirligining Podolskdagi Markaziy arxividan ma’lumot olishdir.

U yerda, Boqijon Jyersi orolini tark etganidan 81 yil o‘tib, BBC uning qadrdon Namangandagi manzilini topdi.

BBC O‘zbek xizmati jurnalisti Luiza Xudoyqulova bir paytlar Boqijon Akromov yashagan uy eshigini taqillatdi. Sersoqol, barvasta bir kishi chiqdi: «Assalomu alaykum, muhtarama! Kimsiz? Bobomning suratlarini qayerdan oldingiz?».

Jyersi orolining shimoliy chekkasida bir bino bor. Bu Dulsi Le Breton kasallikdan tiklanayotgan pansionat. Bugun Dulsi mehmon kutyapti. Ulardan biri — tarixchi Kris Eddini yaxshi taniydi, ammo ikkinchi mehmonning ismini unga aytishmadi. Faqat bu odam olib keladigan yangiliklar uni albatta xursand qilishini aytishdi. Uning karavoti yonidagi tumbochkada onasi, dadasi va Tomning surati.

«Dulsi, bugun men bilan Olga keldi, deb salomlashadi Kris. — Biz sizga Tom amaki haqida gapirib bergani keldik. Biz uning oilasini topdik».

Uzoq o‘n soniya davomida Dulsi goh Krisga, goh menga qarab turdi va bu hazil emasligiga ishonch hosil qilish uchun indamadi.

«Aql bovar qilmaydi, tezroq gapiring!», nihoyat qo‘llarini silkitadi Dulsi.

Jyersi shahridan 6 ming kilometr narida Boqijon Akramovning nevara-chevaralari yashil dasturxon yozilgan an’anaviy pastak stol atrofida chordana qurib o‘tirishibdi. Hamma ekranga diqqat bilan qaraydi, ekranda Dulsining hayron bo‘lgan yuzi ko‘rinadi. Keksa ayol buni tush emasligiga hamon ishongisi kelmayapti.

Boqijon Akramov uzoq umr ko‘rib, 1996 yilda 86 yoshida vafot etdi. Uning bir qizi bor edi, u ham o‘sha yili vafot etdi, lekin uning to‘rtta nabirasi qoldi.

«Dulsi, biz bobom urush paytida qayerda bo‘lganini, nima bilan shug‘ullanganini bilmasdik. U doim bu haqda gapirishdan bosh tortardi. Lekin sizga o‘xshagan yaxshi odamlar tufayli u tirik qoldi! Endi biz hammamiz bu dunyoda mavjudligimizning sababi aynan sizning oilangiz ekanini bilamiz. Rahmat sizga, so‘z topolmayapman», deydi Boqijonning nabirasi Shamsiddin Oxunboyev ko‘z yoshlarini artib.

Uning so‘zlariga ko‘ra, oilasi doim aqlli va qobiliyatli Boqijonni nima uchun malakali yoki mas’uliyatli ishga olishni qayta-qayta rad etishganidan hayron bo‘lgan. Boqijon ko‘p yillar Namangandagi zavodda oddiy bog‘bon bo‘lib ishladi. Endi taxmin qilish mumkinki, bu nemis asirligida bo‘lgan sovet fuqarolarini uzoq yillar davomida ta’qib qilgan tamg‘a bilan bog‘liq edi.

Shamsiddinning aytishicha, bobosi bir kuni yuvinish uchun undan yordam so‘radi. Shunda u bobosining oyog‘ida eski chuqur yaralardan qolgan chandiqlarni ko‘rdi, ehtimol, Boqijon Jyersi orolidagi lagerda parchalashga majbur bo‘lgan tog‘ jinslarining izlari.

«Dulsi, sizni doim uyimizda kutib qolamiz, O‘zbekistonga taklif qilamiz!», deydi Shamsiddin.

«Voy-voy-voy!», quvonch bilan javob berdi Dulsi va videomuloqotning har ikki tomonidagi barcha ishtirokchilar kulib yuborishdi.

«Ota-onam qiyinchilikka duch kelgan odamga yordam berishni to‘g‘ri deb bilgani uchun unga yordam berishdi. Ular Xudoga ishonishgan», deb tushuntirdi Dulsi. Ular Jyersida sovet askarlariga yordam bergan yagona odamlar emasdi. Bunday hikoyalar o‘nlab bo‘lgan va men odamlar ularning barchasini bilishini va eslab qolishini juda xohlardim».

O‘zbekiston hukumati bu voqeani BBC nashridan bilib oldi va Jon va Fillis Le Bretonlarni «jasorat va rahm-shafqat» uchun mamlakatning oliy davlat mukofotlaridan biri - «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirladi. Orden Dulsi va uning ukasi Alan Le Bretonga topshirildi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid