Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Ajrashishni qiyinlashtirish bilan oilani saqlab bo‘lmaydi» - huquqshunos oilaviy ajrimlar sabablari haqida
O‘zbekistonda oilaviy ajrimlarni kamaytirish maqsadida yarashtirish muddatini olti oydan bir yilgacha uzaytirish taklif qilindi. Biroq mutaxassislar fikricha, ajrashish jarayonini sun’iy ravishda cho‘zish har doim ham oilani saqlab qolmaydi, ayrim holatlarda bu yanada og‘ir ijtimoiy va psixologik oqibatlarga olib kelishi mumkin.
O‘zbekistonda har yili o‘n minglab oilalar ajrim uchun sudlarga murojaat qiladi. Mutaxassislarga ko‘ra, rasmiy statistikada faqat yuridik ajrimlar aks etadi, amalda esa yillab alohida yashab, rasman nikohdan chiqmagan oilalar ham ko‘p.
Qanchalik yashiramiz desak, fojia bilan tugayapti
Huquqshunos Feruza Muhitdinovaning ta’kidlashicha, ajrimlarga sabablar turlicha: uchinchi shaxs aralashuvi, moddiy yetishmovchilik, xiyonat, oilaviy zo‘ravonlik va oilaviy hayotga tayyor emaslik.
“Yoshlar qaynona-qaynota aralashuvidan shikoyat qiladi. Kattalar esa turmush o‘rtog‘ining boshqa insonga qiziqib qolganini aytadi. Ayrim er-xotinlar esa allaqachon birga yashamaydi: ayol bolasi bilan boshqa uyda yashaydi, er esa umuman boshqa hayot kechiradi, ham aliment to‘lamaydi, ham qaramaydi, boshqa bilan yashaydi yoki xorijga ishga ketgan. Lekin unutmaslik kerak, bu yoqda bola ta’minoti borligini”, deydi u.
Muhitdinovaga ko‘ra, ajrashishni qiyinlashtirish orqali barcha oilalarni saqlab qolish mumkin emas. Chunki ayrim holatlarda munosabatlarni majburan davom ettirish fojialarga olib kelishi mumkin.
“Qanchalik yashiramiz desak, fojia bilan tugayapti. O‘z joniga qasd qilayotganlar bor, bir-birini o‘ldirganlar bor. Jazo muassasalarida shunday ayollarni ko‘rdikki, qilgan ishidan afsuslanmaydi. Shuning uchun oila-nikoh munosabatlarida ajrimga murojaatga kelganda psixologlar bo‘lishi kerak. Ular ko‘rishi kerak, bularga shuncha muddat berish kerakmi, yo‘qmi? Bo‘lmaydigan bo‘lsa, biz bir insonni tabiiy yashash huquqidan mahrum bo‘lishiga olib kelmaylik. Shuning uchun bir tomonlama qarash ertaga boshqa bir natijaga olib kelishi mumkin. Ikkinchidan urra-urra deb hisobot uchun to‘y qilishadi. Milliardlab ketkazilayotgan to‘ylar ham bor. Orzu-havasga berilib, uy-joylarni sotganlarni ko‘ryapmiz. Qarzga botishib, keyin qarz evaziga deb oila ajrab ketyapti. Shuning uchun har bittamiz bugun unib-o‘sib kelayotgan o‘sha maktabdan, bolalar bog‘chasidan oila institutini tarbiyaga kiritishimiz kerak”, deydi u.
Yoshlarning oila qurishga bo‘lgan orzusini o‘ldiryapmiz
“Boladan o‘ch olib, otasiga ko‘rsatmaymiz degan bunaqangi o‘zlaricha jazoni to‘xtatishsin. Bola ota-onani ko‘rishga haqqi bor, huquqi bor. Ajrimlar yoki ularga berilgan uzoq muddatlar orqali biz unib-o‘sib kelayotgan yoshlarning oila qurishga bo‘lgan orzusini o‘ldiryapmiz. Ular “katta bo‘lsam oila qurmayman, menga kerak emas, oilada janjal bo‘lar ekan”, deyapti.
Bu janjallar nimadan kelyapti? Xarakter kelishmasligi, uchinchi shaxs aralashuvi, oilaga tayyor emaslik, moddiy yetishmovchilik, zo‘ravonlik va xiyonat — bularning barchasi ajrimga olib kelayotgan omillar. Shuning uchun ularni chuqur o‘rganish va qonunchilikda alohida mexanizmlar ishlab chiqish kerak.
Men o‘ylaymanki, yarashtirish muddatini uzaytirish orqali oila saqlanib qolsa - bu yaxshi. Lekin buning oqibati salbiy holatlarga olib keladigan bo‘lsa, ertaga biz ularning fojiasiga sababchi bo‘lib qolishimiz mumkin”, deydi huquqshunos.
To‘liq ko‘rsatuvni Kun.uz’ning YouTube sahifasida tomosha qiling.
Mavzuga oid
21:28 / 28.01.2026
O‘zbekistonda nikohdan ajrashish holatlari oshdi
15:20 / 06.01.2026
Ajrimdan keyin erkak ayolni uy bilan ta’minlashi shartmi? Qonun tahlili
15:56 / 14.10.2025
Prezident nikoh shartnomasi tuzish afzalliklarini targ‘ib qilish kerakligi haqida gapirdi
09:34 / 28.09.2025