O‘zbekiston | 15:51
2184
5 daqiqa o‘qiladi

800 ga yaqin davlat xizmatida byurokratiya nolga tushirilishi aytildi

O‘zbekistonda 783 ta davlat xizmatiga “nol byurokratiya” tamoyili joriy etilishi mumkin. Prezident huzuridagi taqdimotda aytilishicha, bu orqali 550 turdagi davlat xizmati elektron shaklga o‘tkazilib, xizmat ko‘rsatish bosqichlari 2 karra qisqaradi. 80 turdagi xizmat proaktiv va kompozit shaklga o‘tkaziladi. Yana 80 turdagi xizmatni ko‘rsatish muddati 2-3 karra qisqartiriladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida byurokratiyani qisqartirish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda davlat organlarida 5 650 ta funksiya, biznesni tartibga soluvchi 42 mingdan ziyod majburiy talab va 1 041 ta davlat xizmati mavjud.

“Bunday ko‘p funksiya va talablar tizimni samarasiz, qimmat va ba’zan adolatsiz qilib qo‘yishi mumkin. Shu bois, faqat deregulyatsiya, raqamlashtirish va soddalashtirish – eng to‘g‘ri yo‘l”, – dedi davlat rahbari.

O‘zbekistonni 2030 yilga qadar “ortiqcha byurokratiyadan xoli hudud”ga aylantirish maqsadida Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda “Byurokratiyani bartaraf etish – 2030” dasturi boshlangan. Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi huzurida alohida loyiha ofisi tashkil etilgan.

Dastur doirasida davlat organlari funksiyalarini 30 foizga qisqartirish, biznesga qo‘yiladigan talablarni 20 foizgacha maqbullashtirish, elektron davlat xizmatlari ulushini 90 foizdan oshirish ko‘zda tutilgan.

Taqdimotda davlat xizmatlarini “servis davlat” modeli asosida tubdan takomillashtirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi. Bunda asosiy e’tibor davlat xizmatini birorta ortiqcha hujjat talab qilmasdan, tez, shaffof va qulay ko‘rsatishga qaratiladi.

Xususan, 783 ta davlat xizmatiga “nol byurokratiya” tamoyilini joriy etish taklif qilindi. Bu orqali 550 turdagi davlat xizmati elektron shaklga o‘tkazilib, xizmat ko‘rsatish bosqichlari 2 karra qisqaradi. 80 turdagi xizmat proaktiv va kompozit shaklga o‘tkaziladi. Natijada aholining turli idoralarga kelish uchun sarflanadigan yiliga 35 milliard so‘mgacha transport xarajati tejaladi.

Yana 80 turdagi xizmatni ko‘rsatish muddati 2-3 karra qisqartirilib, o‘rtacha muddat 13 kundan 6 kunga tushiriladi. 10 ta xizmat to‘liq avtomatlashtiriladi. 25 ta xizmat bo‘yicha to‘lovlarning kamaytirilishi natijasida aholi ixtiyorida yiliga 851 milliard so‘mgacha mablag‘ qoladi.

Shuningdek, 10 ta xizmatni xususiy sektorga o‘tkazish, 15 ta ma’lumot va hujjatni raqamlashtirish belgilanmoqda. Bu orqali 270 dan ortiq xizmatda ushbu ma’lumot va hujjatlarni qayta so‘rash amaliyoti bekor qilinadi.

Majburiy talablarni qayta ko‘rib chiqish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Masalan, bozorlar faoliyatiga doir 20 ga yaqin hujjatda 500 dan ziyod talab tarqoq holda yuritilmoqda. Ularni tizimlashtirish orqali talablarning 30 foizdan ortig‘ini maqbullashtirish mumkinligi qayd etildi.

Sanitariya talablariga muvofiqlik dalolatnomasi va ko‘rikdan o‘tadigan xodimlar ro‘yxatini elektron tizim orqali shakllantirish imkoniyati ham ko‘rsatib o‘tildi. Bu orqali yiliga 1 milliard so‘m budjet mablag‘ini tejash, xodimlarning 24 ming ish soatini amaliy faoliyatga yo‘naltirish mumkin bo‘ladi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, ma’muriy yukni qisqartirish iqtisodiyotga yiliga 1,5 milliard dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri samara beradi. Tartibga solish sifatini yaxshilash qo‘shimcha 800 million dollar xorijiy investitsiya jalb etishga xizmat qiladi. Davlat va biznes o‘rtasidagi jarayonlarni soddalashtirish hisobiga mehnat unumdorligi yiliga 750 million dollarga oshadi. Umumiy hisobda byurokratiyani qisqartirish choralari 2026-2030 yillarda iqtisodiyotni qo‘shimcha 13 milliard dollarga o‘stirish imkonini beradi.

Taqdimotda reestr.gov.uz yagona platformasi orqali davlat funksiyalari, majburiy talablar va davlat xizmatlari reyestrlarini yuritish, idoralar faoliyatini “Bureaucracy radar” asosida baholash, sun’iy intellekt orqali tahlil qilish va “Biznes kalkulyator” orqali tadbirkorlar xarajatini hisoblash tizimini joriy etish taklif qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat xizmatlari inson qadri, tadbirkorlar uchun qulay muhit va davlat boshqaruvi samaradorligi bilan bevosita bog‘liq ekanini ta’kidladi. Har bir vazirlik va idora o‘z funksiyalarini qayta ko‘rib chiqishi, ortiqcha talab va hujjatlarni bekor qilishi, xizmatlarni raqamlashtirishni jadallashtirishi zarurligi qayd etildi.

Mutasaddilarga byurokratiyani bartaraf etish bo‘yicha qaror loyihasini kiritish, unda har bir vazirlik va idora kesimida raqamlashtirish, davlat xizmatlarini soddalashtirish hamda xususiy sektor ulushini oshirish bo‘yicha aniq rejalarni belgilash topshirildi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid