O‘zbekiston | 21:11
472
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 086-shakldagi tibbiy ma’lumotnomani onlayn yuklab olish imkoniyati paydo bo‘ldi

Endilikda 086-shakldagi tibbiy ma’lumotnomani my.gov.uz portaliga kirib, «Sog‘liqni saqlash» bo‘limidan onlayn yuklab olish mumkin. Buning uchun avvalo tegishli tibbiyot muassasasida shifokorlar ko‘rigidan o‘tgan bo‘lish shart.

O‘zbekistonda 086-shakldagi tibbiy ma’lumotnomani onlayn olish imkoniyati yaratildi, deya xabar bermoqda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali.

Ilgari ushbu hujjatni olish uchun tibbiyot muassasasiga qayta borish va navbatda turish talab etilgan bo‘lsa, endi bu jarayon raqamlashtirildi.

Mazkur ma’lumotnoma quyidagi shaxslarga taqdim etiladi:

  • OTM, litsey va kollejlarga hujjat topshiruvchi abituriyentlar;
  • ishga kiruvchi nomzodlar va sportchilar;
  • sudyalik lavozimiga tayinlanuvchilar;
  • «Muruvvat» va «Saxovat» uylariga yo‘llanma oluvchi keksalar hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar.

Ma’lumotnomani olish uchun foydalanuvchi my.gov.uz portaliga kirib, «Sog‘liqni saqlash» bo‘limiga o‘tishi, «086-shakldagi tibbiy ma’lumotnomani olish» xizmatini tanlashi va tayyor hujjatni yuklab olishi kerak bo‘ladi.

Muhim eslatma: ma’lumotnoma portalda shakllanishi uchun fuqaro avval tegishli tibbiyot muassasasida shifokorlar ko‘rigidan o‘tgan bo‘lishi lozim. Shifokorlar xulosasi bazaga kiritilgach, hujjatni masofadan turib olish mumkin. Xizmatdan foydalanish mutlaqo bepul va hech qanday hujjat talab etilmaydi.

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid