Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida byurokratiyani qisqartirish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda davlat organlarida 5 650 ta funksiya, biznesni tartibga soluvchi 42 mingdan ziyod majburiy talab va 1 041 ta davlat xizmati mavjud.

“Bunday ko‘p funksiya va talablar tizimni samarasiz, qimmat va ba’zan adolatsiz qilib qo‘yishi mumkin. Shu bois, faqat deregulyatsiya, raqamlashtirish va soddalashtirish – eng to‘g‘ri yo‘l”, – dedi davlat rahbari.

O‘zbekistonni 2030 yilga qadar “ortiqcha byurokratiyadan xoli hudud”ga aylantirish maqsadida Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda “Byurokratiyani bartaraf etish – 2030” dasturi boshlangan. Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi huzurida alohida loyiha ofisi tashkil etilgan.

Dastur doirasida davlat organlari funksiyalarini 30 foizga qisqartirish, biznesga qo‘yiladigan talablarni 20 foizgacha maqbullashtirish, elektron davlat xizmatlari ulushini 90 foizdan oshirish ko‘zda tutilgan.

Taqdimotda davlat xizmatlarini “servis davlat” modeli asosida tubdan takomillashtirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi. Bunda asosiy e’tibor davlat xizmatini birorta ortiqcha hujjat talab qilmasdan, tez, shaffof va qulay ko‘rsatishga qaratiladi.

Xususan, 783 ta davlat xizmatiga “nol byurokratiya” tamoyilini joriy etish taklif qilindi. Bu orqali 550 turdagi davlat xizmati elektron shaklga o‘tkazilib, xizmat ko‘rsatish bosqichlari 2 karra qisqaradi. 80 turdagi xizmat proaktiv va kompozit shaklga o‘tkaziladi. Natijada aholining turli idoralarga kelish uchun sarflanadigan yiliga 35 milliard so‘mgacha transport xarajati tejaladi.

Yana 80 turdagi xizmatni ko‘rsatish muddati 2-3 karra qisqartirilib, o‘rtacha muddat 13 kundan 6 kunga tushiriladi. 10 ta xizmat to‘liq avtomatlashtiriladi. 25 ta xizmat bo‘yicha to‘lovlarning kamaytirilishi natijasida aholi ixtiyorida yiliga 851 milliard so‘mgacha mablag‘ qoladi.

Shuningdek, 10 ta xizmatni xususiy sektorga o‘tkazish, 15 ta ma’lumot va hujjatni raqamlashtirish belgilanmoqda. Bu orqali 270 dan ortiq xizmatda ushbu ma’lumot va hujjatlarni qayta so‘rash amaliyoti bekor qilinadi.