Jamiyat | 16:25
467
4 daqiqa o‘qiladi

“Ajrim – muammoning boshlanishi emas, natijasi”: mutaxassislar oila qurishdan oldin psixologik tayyorgarlikni kuchaytirishni taklif qilmoqda

O‘zbekistonda ajrimlar soni ortidan asosiy savol yana kun tartibiga chiqmoqda: muammo oilalar buzilayotganidami yoki oila qurish jarayonining o‘zidami? Mutaxassislar fikricha, ajrimlar – bu ko‘p holatda oldindan yechilmagan psixologik, tarbiyaviy va munosabatlarga oid muammolar oqibati.

Psixologiya fanlari doktori, professor Xo‘jageldi Alimovning aytishicha, ko‘pchilik oilalarda nizolar va ruhiy bosim birinchi navbatda bolalar taqdiriga ta’sir qilmoqda. Bunda ajrimning o‘zi emas, unga olib kelgan muhit xavfliroq hisoblanadi.

“Bir sud jarayonida qatnashdim. Ikkita o‘g‘li bor, oila ajrashyapti. So‘z beryapti, so‘zda faqat bir-birini yomonlash bilan shug‘ullanyapti. O‘rtada bolaga hech kim qarayotgani yo‘q. Eng qizig‘i, yana u yerda ta’kidlashyaptiki: katta o‘g‘li shu janjallarning ichida yaxshigina, normal o‘sib kelayotgan 13-14 yashar bola duduq bo‘lib qolibdi. Xudo ko‘rsatyapti ularga: “Hoy, bu qilgan ishlaring uchun mana bu bola jazosini olyapti, ko‘rmayapsizlarmi?” Ularning ko‘zi ko‘rayotgani yo‘q. Nega? Chunki ular juda xudbin, faqat o‘zini o‘ylayapti. U bola ertaga stress bilan, norozilik bilan o‘sadi, turli-tuman ruhiy holatlarning buzilishi bilan o‘sadi va u ham kelajakda o‘sha oilaning buzilishiga sabab bo‘ladigan bir muhitda oila quradi”, deydi professor.

Alimovning ta’kidlashicha, muammoni ajrim paytida emas, oila qurilishidan oldin hal qilish kerak.

“Yangi oila qurayotgan yoshlarni psixologik ko‘rikdan o‘tkazish kerak. Masalan, ikkita xolerikning bir oilada yashashi. Ikkalasi ham janjalkash. Oldindan prognoz qilish mumkinki, bu oilada, albatta, janjal ko‘p bo‘ladi. Endi sodda qilib aytyapman, bu ancha murakkabroq. Psixolog o‘shalarni aniqlasin, ko‘rsin va ularga oldindan prognoz bersin: “Mana, sizlarning oilalaringda mana shunday muammolar chiqadi. Ikkalang ham xolerik ekansizlar, ikkalang ham janjalkash, salga sakrab ketar ekansizlar”, deb ko‘rsatishi kerak. Yangi oila barpo bo‘lishidan oldin bu jarayonni yo‘lga qo‘yish kerak”, deydi Alimov.

Mutaxassislar fikricha, hozirgi kunda nikohdan oldingi tayyorgarlik kurslari formal tusda qolmoqda. Yoshlar esa bu mavzularni jiddiy qabul qilmayapti.

“FHDYo organlarida oilaga tayyorgarlik kurslari tashkil qilingan. Lekin bormaydi o‘sha yoshlar, barmoq orasidan qarashadi. Chunki bu kurslar mexanizmlari, tomonlari mustahkam ishlab chiqilmagani uchun ommalashmayapti. Bu qonun bilan juda jiddiy qilinishi kerak. Hozir tibbiy ko‘rikdan o‘tish qonun kuchiga kirgan va o‘tmasdan turib nikohdan o‘ta olmaydi. Maktablarda psixolog shtatlari bor, lekin ular ham qog‘ozda ishlaydi. Shularga ham yo‘naltirilgan topshiriqlar berilsa, masalan, o‘sha yuqori sinflarda o‘qiydiganlar bilan individual ishlash. O‘sha bolalar bilsin o‘zi xolerikmi, melanxolikmi, flegmatikmi? Keyin u o‘shani bilib, ya’ni senga mana bunaqasi to‘g‘ri keladi, ertaga oila qurishingda shuni ahamiyatga olib yur, degan tavsiyalar berilsa, hozirgi yoshlarimiz bunaqa narsalarni rosa yaxshi eslab qoladi va ertaga hayotida shuni qo‘llaydi”, deydi huquqshunos Iroda Qahhorova.

Suhbat davomida mutaxassislar ajrimlar bilan kurashish faqat yarashtirish muddatini uzaytirish yoki sud jarayonlarini qiyinlashtirish bilan hal bo‘lmasligini ta’kidladi. Ularning fikricha, asosiy e’tibor oila qurishdan oldingi psixologik tayyorgarlik, munosabat madaniyati va yoshlarning ruhiy savodxonligini oshirishga qaratilishi kerak.

Гулмира Тошниёзова
Muallif Гулмира Тошниёзова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid