Iqtisodiyot | 16:10
1008
2 daqiqa o‘qiladi

BP Ustyurtdagi yirik gaz loyihasiga qo‘shildi

«O‘zbekneftgaz», Ozarboyjonning SOCAR va Buyuk Britaniyaning BP (sobiq British Petroleum) kompaniyalari o‘rtasida mahsulot taqsimotiga oid bitim imzolandi. Kelishuv Ustyurtdagi gaz konlaridan 6 ta blokni qamrab oladi. Loyihadagi ulushlar quyidagicha taqsimlangan: BP - 40 foiz, SOCAR - 30 foiz, «O‘zbekneftgaz» - 30 foiz.

Foto: Energetika vazirligi

«O‘zbekiston neft va gazi — 2026» xalqaro konferensiyasi doirasida «O‘zbekneftgaz», Ozarboyjonning SOCAR va Buyuk Britaniyaning BP kompaniyalari o‘rtasida mahsulot taqsimotiga oid bitim imzolandi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.

Marosimda energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, «O‘zbekneftgaz» boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov, SOCAR prezidenti Rovshan Najaf hamda BPʼning Ozarboyjon, Gruziya va Turkiya bo‘yicha mintaqaviy prezidenti Jovanni Kristofoli ishtirok etdi.

Mahsulot taqsimoti bitimi Qoraqalpog‘istondagi Ustyurt mintaqasida joylashgan Boyterak, Terengquduq, Birqori, Haroy, Qoraqalpoq va Qulboy bloklarini qamrab oladi.

«Mazkur loyiha kompaniyaning O‘zbekistondagi ilk tashabbusi bo‘lib, u «O‘zbekneftgaz» va SOCAR bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Katta resurs salohiyatiga ega bo‘lgan ushbu loyiha neft-gaz resurslarini qidirish va o‘zlashtirish ishlarini amalga oshirish, uzoq muddatli manfaatlar yaratishga xizmat qiladi. Shuningdek, mazkur mahsulot taqsimotiga oid bitim (MTB) BP kompaniyasining kidiruv portfelini kengaytirish va uzoq muddatli o‘sish strategiyasining muhim qismi ekani qayd etildi», deyiladi vazirlik xabarida.

Loyihadagi ulushlar quyidagicha taqsimlangan: BP — 40 foiz, SOCAR — 30 foiz, «O‘zbekneftgaz» — 30 foiz.

Ma’lumot uchun, 2025 yil 24 iyulda SOCAR va «O‘zbekneftgaz» o‘rtasida O‘zbekiston hududida joylashgan investitsiya bloklarida geologiya-qidiruv ishlari loyihasini amalga oshirish bo‘yicha «Qidiruv, ishlab chiqish va mahsulot taqsimoti to‘g‘risida»gi bitim imzolangandi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, loyiha doirasida 100 mln tonnagacha neft va 35 mlrd kub metr gaz zaxiralari aniqlanishi mumkin. Rejalashtirilayotgan investitsiyalar hajmi 2 mlrd dollar miqdorida baholangandi.

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid