Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bolalar o‘tin emas: vaziyat jiddiy, vazirlik jim
“Siqilib ketsa-da amallab yetib oladi” – ona shunday o‘yda 57 nafar bola qo‘y kabi ustma-ust ortilgan 8 o‘rindiqli mashinaga o‘z farzandini 58-yo‘lovchi qilib mindirishi fojia. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi shuncha vaqtdan buyon aytib kelinayotganiga qaramay masalaga arzirli yechim topmagani, umuman, bolalar hayotiga befarqlarcha munosabatda bo‘layotgani yana bir fojia. Nurota tumanida 13 nafar bog‘cha bolasini tashib ketayotgan Matiz avariyaga uchragani esa haqiqiy fojia.
Kunida singan ko‘za
Kun.uz bundan roppa-rosa bir yil avval bolalarni bog‘chalarga tashishda Damas mashinalari avtobusga aylantirilayotgani haqida lavha tayyorlab, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining bu boradagi harakatsizligini tanqid ostiga olgandi. Biroq bo‘y-basti bilan ko‘rinib turgan muammoni ko‘rib ko‘rmaganga, bilib bilmaganga olgan vazirlik o‘tgan davrda ushbu masalaga arzirli yechim topolmadi. Nomigagina o‘tkazilgan ayrim targ‘ibot tadbirlari esa birovga chivin chaqqanchalik ta’sir qilmadi.
Bunday e’tiborsizlik o‘z so‘zini aytdi: Navoiy viloyatining Nurota tumanida 13 nafar bog‘cha bolasini olib ketayotgan Matiz yo‘l transport hodisasiga uchradi.
Hodisa 5 may kuni ertalab sodir bo‘lgan. Tumandagi oilaviy bog‘chalardan birining rahbari bo‘lgan 34 yoshli ayol haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan holda 13 nafar tarbiyalanuvchi va o‘zining 3 oylik chaqalog‘ini Matiz mashinasiga mindirib tashigan.
Ayol bolalarni yashash xonadonlaridan bog‘chaga olib ketayotgan bo‘lgan. U harakat paytida boshqaruvni yo‘qotgan va mashina yo‘ldan chiqib ketib, ag‘darilgan. Oqibatda ayol vafot etgan, bolalar esa turli darajada tan jarohatlari olgan. Hatto bir bola koma holatiga tushib qolgan.
8 o‘rindiqda 58 bola
Nurotadagi holatdan so‘ng hududlardagi yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmalari bolalarni tashish bilan bog‘liq aniqlangan holatlarni e’lon qila boshladi. Va jarayonda vaziyat bir yil avvalgisidan ham yomonlashgani ma’lum bo‘ldi.
Avvaliga Samarqandda haydovchi Damas’da 28 nafar bolani tashib ketayotgani aniqlandi. Andijondagi holat esa bu borada “rekord” o‘rnatdi: Izboskan tumanida 8 o‘rindiqli mikroavtobusda 20 emas, 30 emas, 58 nafar bolani olib ketayotgan haydovchi ushlandi. Haydovchi davlat-xususiy sheriklik asosidagi «Xadichabegim» bog‘chasining 58 nafar tarbiyalanuvchisini olib ketayotgan bo‘lgan.
Bolalar hayoti xavfda edi...
Buxoroda kuzatilgan holat bundan ham jiddiyroq: 40 nafar bog‘cha bolalarini olib ketayotgan avtobus haydovchisi mast ekani ma’lum bo‘ldi.
Buxoro viloyati yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari Romitan tumanida 40 nafar bog‘cha bolalarini olib ketayotgan avtobus haydovchisini to‘xtatgan. Afsuski, haydovchi spirtli ichimlik ta’sirida ekani aniqlangan. Zudlik bilan uning harakati to‘xtatilib, bolalarning xavfsizligi ta’minlangan.
Shu kabi holat o‘tgan yilning sentabrida Navoiy viloyati Navbahor tumanida ham kuzatilgandi. O‘shanda mast holatdagi haydovchi Damas’da 23 nafar bolani tashib ketayotgani aniqlangan. Uning hatto haydovchilik guvohnomasi ham, avtomobilni boshqarish huquqi ham bo‘lmagan. Haydovchi bir kun oldin charchagani uchun pivo ichganini aytgan.
Vazirlik yechim topishi kerak
8 o‘rinliqli mashinada 58 nafar bolani tashib ketayotgan haydovchi odam tashish qoidalarini buzgani uchun ba’zaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida jarimaga tortiladi.
Hududlarda bolalarni bog‘chaga tashish ota-ona va Damas’chilar o‘rtasida asosan og‘zaki kelishuv bilan amalga oshiriladi. Ota-ona bolasi uchun kunlik yoki oylik yo‘l haqi to‘laydi, haydovchi xizmat ko‘rsatadi.
Haydovchi berilayotgan yo‘l puli “qoplamasligi” ortidan bolalarni imkon qadar bir reysda bog‘chaga tashib borishga urinadi. Bunga ota-onalar ham qarshi emas. Chunki agar bolasini o‘rindiq soni bo‘yicha tashishni talab qilishsa haydovchi narxni ko‘tarishi mumkin. Yoki Navoiydagi bo‘lgani kabi bog‘cha mudiralari tashish xizmatini ham zimmasiga olib, qo‘shimcha daromadni ko‘zlashadi.
Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ma’lumotiga ko‘ra, respublika bo‘ylab 1−12 may kunlari o‘tkazilgan reyd tadbirlarida bolalarni mashinada me’yordan ortiq tashish bilan bog‘liq 170 ta qoidabuzarlik aniqlangan. Bu masala jiddiy ekanini ko‘rsatadi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi oilaviy yoki xususiy bog‘chalarda bolalarni xavfsiz tashish borasida yangi talablarni ishlab chiqishi yoki aniq yechim topishi zarur. Yo‘qsa, bunday e’tiborsizlik og‘ir oqibatlarga olib borishi hech gap emas.
Mavzuga oid
21:51 / 08.05.2026
Andijonda mikroavtobusda 58 nafar bolani tashiyotgan haydovchi aniqlandi
20:48 / 06.05.2026
5 kunda 40 ta holat: bolalar buyum emas
17:06 / 06.05.2026
Sangardakda yo‘qolgan 2 yoshli bola: otasi farzandini o‘g‘irlab ketishganidan shubha qilmoqda
15:40 / 06.05.2026