Iqtisodiyot | 20:45
1543
2 daqiqa o‘qiladi

Qurilish vazirligi binosi 196 mlrd so‘mga sotildi. Bu dastlabki xususiylashtirishdan 14 mlrd so‘mga yuqori narx

Bundan besh oy oldin xususiylashtirilib yana qayta auksionga chiqarilgan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi binosi 196,6 mlrd so‘mga sotildi. Auksion 10 daqiqa davom etdi, yagona narx taklifi «Hamkorbank» tomonidan berildi. Vazirlik binosi birinchi auksionga nisbatan 14,4 mlrd so‘m qimmatroqqa sotildi.

Foto: e-auksion.uz

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining Shayxontohur tumanida joylashgan ma’muriy binosi auksionda 196,6 mlrd so‘mga sotildi.

15 may kungi savdo 187,2 mlrd so‘m boshlang‘ich narx bilan boshlandi. Auksion faqatgina bitta narx taklifidan iborat bo‘ldi va 10 daqiqa davom etdi.

Yakunda 196,6 mlrd so‘mlik taklif bilan «Hamkorbank» ATB g‘olib bo‘ldi.

Yetti qavatli bino Abdulla Qodiriy va Abay ko‘chalari kesishmasida, O‘rda massivi tomonda joylashgan. Binoning umumiy maydoni 11 725 kvadrat metrni, unga tutash hudud esa 0,48 gektarni tashkil etadi.

Obektda barcha kommunikatsiyalar — elektr energiyasi, gaz, suv ta’minoti va kanalizatsiya mavjud. Xaridor obektni shaharsozlik hujjatlariga muvofiq ofislar va xizmat ko‘rsatish faoliyati uchun ishlatishi kerak. 

Dastlabki xususiylashtirish

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining binosi bundan 5 oy oldin ham xususiylashtirilgandi. 16 dekabr kungi savdo 130,3 mlrd so‘m boshlang‘ich narx bilan boshlangandi va 8 ta qadamdan iborat bo‘lib, 1 soat-u 7 daqiqa davom etgandi. Yakunda 182,2 mlrd so‘mlik taklif bilan “O‘zshahar qurilish invest” MChJ g‘olib bo‘lgandi.

“O‘zshahar qurilish invest” 2024 yil 26 noyabr holatiga davlatniki bo‘lgan: kompaniyaning 90 foiz ulushiga Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, 10 foiziga “Qurilish Invest Development” MChJ egalik qilgan. Davaktiv Kun.uz’ning ushbu kompaniyaning qachon va qancha narxga xususiylashtirilgani haqidagi savollarini javobsiz qoldirgandi. Sotilgan bino nega yana qayta auksionga chiqarilganining sabablari ma’lum emas.

Avvalroq Qurilish vazirligi Yangi Toshkentga ko‘chib o‘tishi hamda u yerda Transport va suv xo‘jaligi vazirliklari bilan bitta yangi binoda joylashishi ma’lum qilingandi.

Достон Аҳроров
Muallif Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid