Foydali | 16:46
703
7 daqiqa o‘qiladi

To‘lov qilishda qaysi usullarni tanlaymiz va bunda kim yetakchilik qilmoqda?

Aprel oyi oxirida beshta to‘lov kompaniyasi birinchi chorak bo‘yicha hisobotlarini e’lon qildi. Barcha kompaniyalar daromadining qariyb 90 foizi bir xil turdagi tranzaksion komissiyalardan - P2P o‘tkazmalari, xizmatlar uchun to‘lovlar va sotuvchilardan olinadigan ekvayring komissiyalaridan kelib tushgan.

Kun.uz

 

Har bir kompaniya o‘z yo‘nalishini ushbu umumiy asos ustiga qurmoqda: obunalar, marketpleyslar, mini-ilovalar, ekotizimlar. Bu servislar to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘p daromad keltirmaydi, ammo foydalanuvchini ilovada ushlab turadi va kompaniya asosiy daromad topadigan servislardan tez-tez foydalanishga undaydi.

Biz kompaniyalar foydalanuvchilarni o‘z ilovalarida qanday ushlab qolayotganini ko‘rsatish uchun ularning hisobotlari va mahsulotlarini o‘rganib chiqdik.  

Birinchi chorakdagi moliyaviy ko‘rsatkichlar 

* Paynet’ning 449,5 mlrd so‘mlik foydasining 321,1 mlrd so‘mi Humo to‘lov tizimi operatori sotib olingandan keyin sho‘’ba korxonalardan olingan bir martalik dividend daromadi hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu moddani hisobga olmaganda, operatsion foyda 128 mlrd so‘m atrofida bo‘lgan. 

To‘lov servislari nima orqali pul ishlaydi?

Hisobotlarda daromadning mahsulotlar bo‘yicha aniq taqsimoti keltirilmagan. Ammo daromad va xarajatlar tuzilmasi, shuningdek kompaniyalarning ommaviy materiallaridan ko‘rinib turibdiki, ularning barchasida asosiy oqim tranzaksion komissiyalardir. Ular uchta qismdan shakllanadi:

 

  • P2P o‘tkazmalari uchun komissiyalar (obunasiz kartalar orasidagi o‘tkazma uchun 1%);
  •  xizmatlar uchun to‘lov komissiyalari (kommunal xizmatlar, aloqa, soliqlar, jarimalar), 
  • shuningdek ekvayring, ya’ni karta yoki QR orqali to‘lov qabul qilgani uchun sotuvchilardan olinadigan komissiyalar.

 

Ushbu uchala qism ham aslida bir xil narsaning turli ko‘rinishlari: amalga oshirilgan tranzaksiyadan olinadigan foizdir.

Unda nega obunalar, keshbeklar, mini-ilovalar va hamkorlik servislari kerak?

Ular alohida yirik pul oqimi emas, balki foydalanuvchini ushlab qolish vositalaridir. Kompaniya obunaning o‘zidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri daromad qilmaydi, lekin obunachi ilovadan tez-tez foydalana boshlaydi, kompaniya esa har bir tranzaksiyadan o‘z komissiyasini oladi.

Shuning uchun bu kompaniyalar hisobotlarini «ular foydalanuvchini qanday ushlab qolyapti» degan yondashuv orqali bilan o‘qish qiziqroq.

Click superapp qurmoqda. Payme esa payme plus obunasiga urg‘u bermoqda. Paynet jismoniy tarmoq, Humo karta infratuzilmasi va o‘zini o‘zi band qilganlar uchun mo‘ljallangan Xolis platformasiga tayanmoqda. Beelab esa VEON’ning Hambi superappi doirasida Beepul’ni moliyaviy qism sifatida rivojlantirmoqda.

Click superapp orqali hayotimizni qanday yengillashtirmoqda?

2026 yil birinchi choragi hisobotiga ko‘ra, Click 209,4 mlrd so‘m sof tushum va 78,6 mlrd so‘m sof foyda oldi. Click superapp modelini rivojlantirmoqda, unda kundalik hayotdagi aksariyat ssenariylar uchun o‘z servislari va hamkor mini-ilovalar jamlangan.

Click Avto. Avtomobil e’lonlari agregatori va avtomobil bilan bog‘liq servislar: YHXBda ro‘yxatdan o‘tkazish, sug‘urta, tonirovka, yo‘lda yordam, evakuator, ijara, elektromobillarni quvvatlash. Joylashtirilayotgan e’lonlar JShShIR orqali tekshiriladi.

Click Uy. Kommunal xizmatlar bo‘yicha shaxsiy hisoblar, uy xarajatlari statistikasi va maishiy xizmatlarga buyurtma berish (elektrik, santexnik, ta’mirlash).

Click Travel. Aviachiptalar, turlar va eSIM-servislari to‘plami (Globi eSim, Fly eSim, SalomSIM, Beeline eSIM).

Mini-applar. Click ichida transport (MyTaxi, FacePay Metro, ioka), ovqatlanish (MaxWay, Bellissimo Pizza, Safia, Rakat Osh), xaridlar (Buchet, Rebus, Brandshop, Uzbek Soul, Topbox), salomatlik (Med24, Paramedics, SwissLab) va ta’lim (Osnova, StudyGO, Bilimdor, Kotib Assist AI) kabi toifalarda o‘nlab hamkor servislar mavjud.

Payme obunani qanday kengaytirmoqda?

2026 yil birinchi choragi hisobotiga ko‘ra, Payme 230,1 mlrd so‘m sof tushum va 104,0 mlrd so‘m sof foyda olgan. Asosiy P2P o‘tkazmalar va xizmatlar uchun to‘lovlardan tashqari, Payme’da to‘lovli obuna va ilova ichidagi alohida servislar to‘plami mavjud.

Payme Plus obunasi uchta tarifga bo‘linadi:

Monitoring (4 990 so‘m). Faqat xarajatlar tahlili, P2P va keshbeksiz. Eng ommaviy tarif, obunachilarning 40 foizi undan foydalanadi. 

Asosiy. Xarajatlarni monitoring qilish, firibgarlikdan bazaviy himoya va hamkorlardan xaridlar uchun «Keyinroq to‘lash» bo‘lib to‘lash imkoniyatini o‘z ichiga oladi.

Hammasi kiritilgan (39 990 sum). Oyiga 5 mln so‘mgacha komissiyasiz P2P, 90% to‘lovlarga 1% keshbek, yiliga 5 mln so‘mgacha firibgarlikdan himoya, Yandex Plus va Setanta Spors’ga obunalar. 10%ga yaqin foydalanuvchilarga ega. 

Ilova ichida alohida servislar mavjud:

Payme GO va Tez QR. Do‘konlar va kafelarda QR orqali to‘lov va 3% gacha keshbek.

Payme avia. 10% keshbekli aviachiptalar.

Visa Direct. Xalqaro o‘tkazmalar.

Keyinroq to‘lash va muddatli to‘lov. To‘lovni keyinchalik amalga oshirish imkoniyati bilan xarid qilish. 

Mening uyim va davlat xizmatlari. Kommunal to‘lovlar va davlat xizmatlari.

Paynet qanday qilib eng yirik o‘yinchi bo‘lib qolmoqda

2026 yil birinchi choragi hisobotiga ko‘ra, Paynet 558,5 mlrd so‘m sof tushum va 449,5 mlrd so‘m sof foyda oldi. Bu foydaning 321,1 mlrd so‘mi sho‘’ba korxonalardan olingan bir martalik dividendga to‘g‘ri keladi; bu modda hisobga olinmasa, operatsion foyda 128 mlrd so‘m atrofida. Jismoniy tarmoq. Mamlakat bo‘ylab 24/7 ishlaydigan 37 000 dan ortiq terminal va 7 000 agentlik nuqtalari hamda mobil ilova.

Xizmatlar uchun to‘lov. Kommunal to‘lovlar, aloqa, internet, soliqlar va jarimalar.

Kengaytirilgan tizim. Bo‘lib to‘lash, oltin xaridi, investitsiyalar, kriptohamyon, transchegaraviy o‘tkazmalar va agentlar orqali naqd pul yechish.

Paynet Xolis. O‘zini o‘zi band qilganlar va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun platforma: aylanmadan 4% o‘rniga 1% soliq, QR orqali to‘lovlarni bepul qabul qilish va kassa apparatisiz avtomatik fiskalizatsiya. 2025 yil oxiriga kelib 200 mingga yaqin foydalanuvchi.

Humo. 2024 yil dekabrda Paynet Humo milliy to‘lov tizimi operatorini sotib olib, naqdsiz to‘lovlar kartalar infratuzilmasining bir qismi ustidan nazoratni qo‘lga kiritdi.

 

Мирзабек Аҳмедов
Muallif Мирзабек Аҳмедов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid