Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qimor va ichkilikbozlikka taqiq. Toshkent shahar hokimligi xodimlarining odob-axloq qoidalari tasdiqlandi
Toshkent shahar hokimligi xodimlariga qimmatbaho sovg‘alar olish, xizmat guvohnomasi yoki xizmat avtomobilidan shaxsiy maqsadlarda foydalanishni taqiqlayapti. Shuningdek, ichkilikbozlik, dabdababozlik va qimor o‘ynamaslik talablari ham qo‘yilyapti.
Foto: Kun.uz
Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov tomonidan 15 mayda imzolangan farmoyish bilan hokimlik hamda tizim tashkilotlari xodimlarining yangi odob-axloq qoidalari tasdiqlandi.
Xodimlar mehnat faoliyati davomida va ishdan tashqari vaqtda xulq-atvorning quyidagi umumiy qoidalariga amal qilishi lozim:
· davlat xizmatining obro‘siga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlardan tiyilish, axloq normalariga doimiy rioya qilish;
· mas’uliyat, kasbiga sadoqat va halollikni kundalik shiorga aylantirish;
· murakkab vazifalarni bajarishda hamkasblariga ko‘maklashish;
· xushmuomalalik, e’tiborlilik va hushyorlik bilan fuqarolarda davlatga nisbatan ishonch va hurmat hissini uyg‘otish;
· oilasida sog‘lom muhitni ta’minlab, oila a’zolariga doimiy g‘amxo‘r bo‘lish, farzandlarida vatanparvarlik va boshqa yuksak axloqiy fazilatlarni shakllantirish;
· fuqarolarning ijtimoiy kelib chiqishi, iqtisodiy ahvoli va boshqa omillardan qat’i nazar, ular bilan bir xil, samimiy, odob doirasida munosabatda bo‘lish.
· g‘ayriqonuniy harakatlar, har qanday ko‘rinishdagi korrupsiyaviy qilmishlarni sodir etmaslik;
· jamoatchilikda o‘ziga nisbatan salbiy fikr uyg‘otuvchi illatlarga berilmaslik;
· jamiyatda axloqning umume’tirof etilgan qoidalariga amal qilish.
Farmoyishga ko‘ra, hokimlik xodimlariga maishatbozlik, ichkilikbozlik, dabdababozlik va qimor o‘yinlariga yo‘l qo‘ymaslik talabi qo‘yildi. Bundan tashqari, davlat xizmatiga oid masalalarni rasmiy e’lon qilinmagan holda muhokama qilish, qimmatbaho sovg‘alar olish, xizmat guvohnomasi yoki xizmat avtomobilidan shaxsiy maqsadlarda foydalanish ham taqiqlanadi. Shuningdek, hokimlik xodimi tadbirkorlik faoliyati sub’yektlarini tashkil etishi mumkin emas, tashqi ko‘rinishini belgilangan me’yorlar doirasida saqlash, kamtarona kiyinish, atrofdagilarning e’tiborini o‘ziga ortiqcha jalb qiladigan tarzda kiyinmasligi ham belgilanyapti.
Qayd etilishicha, xodimlar tomonidan Odob-axloq qoidalariga rioya etmaganlik holati ularga nisbatan axloqiy va intizomiy ta’sir choralarini qo‘llash hamda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi. Xodimlar tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishi ustidan nazorat tashkiliy-kadrlar bo‘limi, Komplaens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat xizmati yoki Odob-axloq komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Mavzuga oid
12:32 / 29.10.2025
Hokimlik xodimlari samaradorligi KPI asosida baholanadi
12:20 / 22.10.2025
1 yanvardan tajriba-sinov: tuman va shahar hokimliklari yangi tartibda ishlaydi
16:24 / 17.10.2025
Toshkent shahriga kirish va chiqishdagi postlar ko‘chiriladi
22:20 / 30.09.2025