Sport | 16:00
1320
5 daqiqa o‘qiladi

«Olg‘a O‘zbekiston!»: O‘zbekiston terma jamoasini JCh–2026 ga kuzatish marosimi qanday o‘tdi?

Coca-Cola kompaniyasi O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda O‘zbekiston milliy terma jamoasini 2026 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionatiga tantanali kuzatish marosimini o‘tkazdi. Tadbir butun mamlakatdan o‘n minglab muxlislar, media vakillari, hamkorlar va futbol ishqibozlarini bir joyga jamladi.

Foto: Coca-Cola

Marosimda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev ishtirok etib, tadbirni rasman ochib berdi. Davlat rahbari milliy terma jamoani futbol bo‘yicha Jahon chempionatidagi ishtiroki oldidan shaxsan qo‘llab-quvvatlashini bildirar ekan, bu tarixiy yutuqning butun mamlakat uchun alohida ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Kelinglar, bugun hammamiz yaxshi niyat qilaylik. Jahon chempionatida futbolchilarimizni Yaratganning o‘zi qo‘llasin! Har bir o‘yinda xalqimizning duosi madadkor bo‘lsin!

Yashasin o‘zbek futboli! Yashasin Yangi O‘zbekiston yoshlari! Yashasin bunyodkor O‘zbekiston xalqi!” – deya nutqini yakunladi Shavkat Mirziyoyev.

Marosim arafasida milliy terma jamoa o‘yinchilari va murabbiylar shtabi O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev bilan uchrashdi. Bu bo‘lajak turnir oldidan jamoa uchun muhim va ruhlantiruvchi voqea bo‘ldi.

Oqshomning asosiy voqeasi O‘zbekiston milliy terma jamoasining “Bunyodkor” stadionidagi o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘ldi. Stadion o‘rindiqlari jamoani bayroqlar, hayqiriqlar va qarsaklar bilan qo‘llab-quvvatlagan muxlislar bilan to‘lib-toshdi. Bu ko‘plab mehmonlar uchun terma jamoani 2026 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionatidagi tarixiy ishtiroki oldidan aynan shu tarkibda ko‘rish uchun ajoyib imkoniyatga aylandi.

“The Coca-Cola Company uchun bugun, ana shunday tarixiy bir pallada O‘zbekiston terma jamoasi yonida turish katta sharafdir. Coca-Cola — o‘zi ishlab chiqariladigan mamlakat qalbi bilan yashaydigan jahon brendidir. Biz muhim bir voqea — O‘zbekiston milliy terma jamosini futbol bo‘yicha 2026 yilgi Jahon chempionatiga kuzatish marosimining bir qismi bo‘lganimizdan chin dildan faxrlanamiz.

O‘zbekistonning har bir g‘alabasi nafaqat millat zafari, balki butun dunyodagi Coca-Cola tizimi uchun ham iftixor manbaidir. Bugun biz shunchaki hamkor emas, balki jamoamizni butun qalbimiz bilan qo‘llab-quvvatlaydigan muxlislarmiz. Futbolchilarimizga chin yurakdan kuch-quvvat, o‘ziga ishonch va jahon arenasida ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz. Faxr bilan olg‘a — Olg‘a, O‘zbekiston!” deya ta’kidladi Coca-Cola kompaniyasining O‘zbekistondagi bosh direktori Kazumasa Mukaye.

Tadbirning asosiy qismi boshlanishidan avval mehmonlarni stadion hududida interaktiv va mavzuli fotozonalar, tanlovlar hamda ko‘ngilochar mashg‘ulotlar kutib turardi. Coca-Cola tizimining O‘zbekistondagi ko‘p yillik va ishonchli hamkori, shuningdek, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining hamkori bo‘lgan Korzinka kompaniyasi tadbir mehmonlari uchun maxsus hududlar tashkil etdi. Bu yerda mehmonlar Coca-Cola mahsulotlarini hamda milliy terma jamoaning “Oq bo‘rilar” ramzini ifodalovchi "Bek maskot"larni xarid qilish imkoniga ega bo‘ldi.

“Coca-Cola” kompaniyasi ko‘magida mamlakatning barcha hududlarida milliy terma jamoani qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Collecting Voices” nomli keng ko‘lamli flesh-mob loyihasi yo‘lga qo‘yildi. Marosim vaqtida stadion ekranlarida butun mamlakat muxlislarining ovozlarini jamlagan va milliy birlik ramziga aylangan maxsus rolik namoyish etildi.

Dastur yakunida o‘zbek estradasi yulduzi Sevara Nazarxon “Olg‘a O‘zbekiston!” sadosi ostida stadion maydoniga chiqdi va bu kechaning eng hayajonli daqiqalaridan biriga aylandi.

Mazkur marosim nafaqat muhim sport tadbiri, balki O‘zbekiston terma jamoasini qo‘llab-quvvatlash yo‘lida muxlislarni birlashtirgan chinakam milliy iftixor bayrami bo‘ldi. Mamlakatimizning FIFA 2026 Jahon chempionatiga tarixiy yo‘llanmani qo‘lga kiritishi milliy futbolimiz va butun mamlakat bo‘ylab millionlab o‘yin ishqibozlari uchun muhim bir marra bo‘ldi.

“Coca-Cola” kompaniyasi va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi ushbu esda qolarli kechaning bir qismiga aylangan barcha mehmonlar va muxlislarga minnatdorchilik bildiradi hamda milliy terma jamoamizga bo‘lajak mundialda muvaffaqiyatli ishtirok etishini tilab qoladi.

Мунира Тошниёзова
Tayyorlagan Мунира Тошниёзова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid