Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Eronliklar uzoq shatdaundan keyin internetga kirishdi. Buni ular qanday qarshi olishdi?
Majid Asgaripour / WANA / Reuters / Scanpix / LETA
26 may kuni NetBlocks monitoring tashkiloti Eronda internetga kirish tiklanganini qayd etdi. Mamlakat global tarmoqdan 88 kun yoki 2093 soat mobaynida uzilgan holatda qoldi. Bu Erondagi ilk shatdaun bo‘lmadi, ammo, NetBlocks baholariga ko‘ra, bu zamonaviy tarixdagi eng uzoq davom etgan milliy shatdaun bo‘ldi.

Eronda internet o‘chirilishi 2026 yil 8 yanvarda – hukumatga qarshi keng ko‘lamli norozilik namoyishlari fonida boshlangandi. Bir necha hafta o‘tib internetga kirish qisman tiklandi, ammo 28 fevral kuni, AQSh va Isroil Eronga qarshi hujum boshlagach, internetga kirish yana to‘liq bloklandi.
Taxminlarga ko‘ra, Eron hukumatini internetni qaytarishga majbur qilgan asosiy sabablardan biri urush tufayli zaiflashgan iqtisodiy muammolardir. Eron Savdo-sanoat palatasi vakili Afshin Kolahiy aprel oyida shatdaundan ko‘rilgan zarar kuniga 70-80 million dollarga yetganini aytgandi. Eron aloqa vaziri Sattor Hoshimiyning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatning 90 million aholisidan 10 millionga yaqinining ishi internet bilan bog‘liq.
Shatdaun ijtimoiy tarmoqlar orqali sotuvga tayangan yirik bizneslarni ham barbod qildi. Internetga cheklovlarni aylanib o‘tish juda qiyin edi: Starlink sun’iy yo‘ldosh interneti terminallari avvalboshdan qiyin matoh edi, eronliklar avvaldan ommaviy ravishda foydalanib kelgan VPN-servislarga kirish ham keskin qimmatlashib ketdi. Bundan tashqari, VPN uchun ham, Starlink uchun ham hibsga olishlari mumkin edi.
Internetning qisman qaytishini (ba’zi ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlar hali ham ochilmayapti, foydalanuvchilarning bir qismi esa oflayn) eronliklar turlicha qabul qilishdi. Ko‘pchilik yengil tortgan. Eronliklardan biri BBC muxbiriga shunday dedi: «Bu uch oylik qamoqdan so‘ng ozodlikka chiqqandek bo‘ldi. Saytni ochib, yuklanganini ko‘rganimda, baxtdan osmonga uchib ketgudek bo‘ldim. Telegram va WhatsApp orqali yana xabar yubora olishimni tushunganimdagi tuyg‘uni so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydi. Hatto hozir ham baxtiyorligimdan ko‘zlarimga yosh kelyapti».
«Men sigaret tutatdim, SoundCloud’ni yoqdim va o‘zimizning sevimli musiqamizni qo‘ydim. Biz Ali [turmush o‘rtog‘i] bilan ko‘z yoshlarimizni tiyib turdik, ammo keyin baribir yig‘lab yubordik va o‘zimizni bu faqat rejim qulagandan keyin keladigan erkinlik hissi deb ishontira boshladik... Va biz bunga haqiqatan ham ishonamiz», – deydi Tehrondan bo‘lgan rassom ayol anonimlik sharti bilan The Guardian nashriga.
Boshqalarning reaksiyasi esa alam bilan yo‘g‘rilgan edi. «G‘arb ommaviy axborot vositalari Eronda internet qisman tiklanishini go‘yo bu rejimni maqtashga arziydigan qandaydir yutuqdek nishonlayotganini ko‘rish kulgili. Internet bizning asosiy huquqimiz», – deydi Eron poytaxtida yashovchi fotograf. Uning so‘zlariga ko‘ra, shatdaun tufayli u olti hafta ishlamagan, ota-onasidan qarz olishga majbur bo‘lgan va hozir ham mobil internetga normal kirish imkoniyatiga ega emas: «Osonlashgan yagona narsa – VPN’ga ulanish, shu xolos».
«Menda ko‘rishlar va reaksiyalar soni keskin tushib ketdi. Algoritmlar meni ko‘rsatishni shunchaki to‘xtatdi», – deya shikoyat qiladi Associated Press’ga isfahonlik geymer va bloger. O‘zining aytishicha, u YouTube va Instagram’dagi auditoriyasining katta qismini yo‘qotgan, ba’zi hamkasblari esa shatdaun davrida tirikchilik qilish uchun, texnikalarini sotib, boshqa ish topishga majbur bo‘lgan.
Eronda yashovchilarning ko‘pchiligi uchun internetga qaytish yana shuning uchun ham shokka tushiruvchi holat bo‘ldiki, ular urush tufayli ro‘y bergan vayrongarchiliklarning fotosuratlari va videolarini, shuningdek, halok bo‘lganlarning dafn marosimidan olingan kadrlarni endigina ko‘rishdi.
«Ijtimoiy tarmoqlarimda dafn marosimlari aks etgan videolar to‘lib yotibdi: onalar yig‘layapti, otalar dodlayapti, bolalar ota-onalarining qabri ustida yotibdi. Ko‘nglim avvalgidan g‘ashroq. Bu urushda asosiy mag‘lublar bizmiz. AQSh ham, Isroil ham, hatto Islom Respublikasi ham emas. Biz tirikchilik manbalarimizni, yoshlarimizni va xalqaro hamjamiyatga bo‘lgan ishonchimizni yo‘qotdik», – deya tan oladi Tehronda yashovchi o‘qituvchi The Guardian bilan suhbatda. «Tarmoqqa ozodligimiz emas, qayg‘ularimiz qaytdi», – deya qo‘shimcha qildi u.
Ayrim eronliklar achchiq hazil qilishga o‘zlarida kuch topadi. Ulardan biri eronliklarga yordam va ozodlik va’da qilgan Donald Tramp haqida shunday deydi: «Eron rejimi piar-urushda yaqqol g‘alabaga erishdi, chunki hatto uni yomon ko‘radiganlar ham endi Trampdan g‘azablanmoqda». Boshqalari esa o‘z kelajagi haqida: «Salom, mahbus birodarlar. Men o‘zimni qamoqxonadan vaqtinchalik ta’tilga chiqqandek his qilyapman».
Darhaqiqat, AQSh va Isroil bilan urush natijasida yanada radikallashgan Eron rejimi internetni bundan keyin ham bloklashdan voz kechishi dargumon. Aksincha, OAV xabarlariga ko‘ra, Tehrondagilar, hozircha buning uchun yetarli texnologik quvvatga ega bo‘lmasa-da, istiqbolda milliy shatdaunlardan Xitoy namunasidagi raqamli nazorat tizimiga o‘tishga intilmoqda.
Mavzuga oid
21:07
Tramp Eronning boyitilgan urani yo‘q qilinishini aytdi
18:59
AQSh va Eron kelishuvga yaqin. Vositachilar muhokama qilayotgan 5 muhim masala tafsilotlari
12:19
“Eron Liviyaning kuni boshiga tushishidan qochyapti” - siyosatshunos
21:33 / 28.05.2026