26 may kuni NetBlocks monitoring tashkiloti Eronda internetga kirish tiklanganini qayd etdi. Mamlakat global tarmoqdan 88 kun yoki 2093 soat mobaynida uzilgan holatda qoldi. Bu Erondagi ilk shatdaun bo‘lmadi, ammo, NetBlocks baholariga ko‘ra, bu zamonaviy tarixdagi eng uzoq davom etgan milliy shatdaun bo‘ldi.

Eronda internet o‘chirilishi 2026 yil 8 yanvarda – hukumatga qarshi keng ko‘lamli norozilik namoyishlari fonida boshlangandi. Bir necha hafta o‘tib internetga kirish qisman tiklandi, ammo 28 fevral kuni, AQSh va Isroil Eronga qarshi hujum boshlagach, internetga kirish yana to‘liq bloklandi.

Taxminlarga ko‘ra, Eron hukumatini internetni qaytarishga majbur qilgan asosiy sabablardan biri urush tufayli zaiflashgan iqtisodiy muammolardir. Eron Savdo-sanoat palatasi vakili Afshin Kolahiy aprel oyida shatdaundan ko‘rilgan zarar kuniga 70-80 million dollarga yetganini aytgandi. Eron aloqa vaziri Sattor Hoshimiyning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatning 90 million aholisidan 10 millionga yaqinining ishi internet bilan bog‘liq.

Shatdaun ijtimoiy tarmoqlar orqali sotuvga tayangan yirik bizneslarni ham barbod qildi. Internetga cheklovlarni aylanib o‘tish juda qiyin edi: Starlink sun’iy yo‘ldosh interneti terminallari avvalboshdan qiyin matoh edi, eronliklar avvaldan ommaviy ravishda foydalanib kelgan VPN-servislarga kirish ham  keskin qimmatlashib ketdi. Bundan tashqari, VPN uchun ham, Starlink uchun ham hibsga olishlari mumkin edi.

Internetning qisman qaytishini (ba’zi ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlar hali ham ochilmayapti, foydalanuvchilarning bir qismi esa oflayn) eronliklar turlicha qabul qilishdi. Ko‘pchilik yengil tortgan. Eronliklardan biri BBC muxbiriga shunday dedi: «Bu uch oylik qamoqdan so‘ng ozodlikka chiqqandek bo‘ldi. Saytni ochib, yuklanganini ko‘rganimda, baxtdan osmonga uchib ketgudek bo‘ldim. Telegram va WhatsApp orqali yana xabar yubora olishimni tushunganimdagi tuyg‘uni so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydi. Hatto hozir ham baxtiyorligimdan ko‘zlarimga yosh kelyapti».

«Men sigaret tutatdim, SoundCloud’ni yoqdim va o‘zimizning sevimli musiqamizni qo‘ydim. Biz Ali [turmush o‘rtog‘i] bilan ko‘z yoshlarimizni tiyib turdik, ammo keyin baribir yig‘lab yubordik va o‘zimizni bu faqat rejim qulagandan keyin keladigan erkinlik hissi deb ishontira boshladik... Va biz bunga haqiqatan ham ishonamiz», – deydi Tehrondan bo‘lgan rassom ayol anonimlik sharti bilan The Guardian nashriga.