O‘zbekiston | 20:12 / 28.11.2023
21081
4 daqiqa o‘qiladi

Tok urishidan o‘quvchi vafot etgan maktabda 2 hafta avval boshqa o‘quvchini ham tok urgani aytilmoqda

Ikki hafta oldingi voqeada jabrlangan bola shifoxonada davolanib chiqqan, lekin hali to‘liq tuzalib ketmagan, darslarga ham qaytmagan. Oradan bir necha kun o‘tib, ayni shu yerda boshqa o‘quvchi tok urishidan vafot etmoqda. Bu holatda vazifasiga sovuqqonlik bilan qaragani uchun maktab mansabdorlari javobgarlikka tortilishi kerak, deb hisoblamoqda ota-onalar.

Ikkinchi voqeaning internetda tarqalgan videosidan kadrlar

Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 99-maktabda oldinroq ham o‘quvchini tok urishi bilan bog‘liq noxush holat sodir bo‘lgan. Maktab o‘quvchilaridan birining onasiga ko‘ra, ayni shu yerda 15 kun oldin uning o‘g‘lini tok urgan.

Bolam shifoxonada yotib, hali maktabga chiqqani yo‘q. Xudo bir asradi. Elektr toki bir minut bolamni ushlab turib, keyin otib yuborgan. Mana hozir qaysidir ona o‘zining ishiga mas’uliyatsiz qaraydigan rahbar tufayli farzand dog‘ini boshidan o‘tkazib, bolasidan ayrilib o‘tiribdi. Yana ular bolaning o‘ziga ayb qo‘yishyapti: kasal ekan, nimjon ekan deb.

Agar direktor ozgina mas’uliyatni his qilganida o‘shandayoq chora ko‘rgan bo‘lardi. Kerak bo‘lsa elektriklarni chaqirib, qayerda ochiq joy bo‘lsa yoptirib chiqishi kerak edi. Direktor o‘zini o‘sha onaning o‘rniga qo‘yib ko‘rsin”, deydi ona.

Ota-onalar 15 kunda ikki o‘quvchini tok urgan va ulardan biri vafot etgan maktabning direktori birinchi holatdayoq muammoni bartaraf qilmagani uchun javobgarlikka tortilishi kerak deb hisoblashmoqda.

Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksining 207-moddasiga ko‘ra, mansabga sovuqqonlik bilan qarash, ya’ni davlat organi yoki davlat ishtirokidagi tashkilot mansabdor shaxsining o‘z vazifalariga loqaydlik yoki vijdonsizlarcha munosabatda bo‘lishi oqibatida ularni bajarmasligi yoki lozim darajada bajarmasligi badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazilishiga sabab bo‘lsa, BHMning 100 baravaridan 300 baravarigacha miqdorda jarima yoki 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Agar o‘sha qilmishlar odam o‘lishiga sabab bo‘lsa, muayyan huquqdan mahrum qilib, 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Har ikki holatda bolalarni tok urgani tasdiqlansa, maktab mansabdorlarining harakatlari (harakatsizligi)ga yuqoridagi modda bo‘yicha baho berilishi lozim bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 99-maktabda o‘quvchi tok urishi oqibatida vafot etgani haqidagi xabarlar 28 noyabr kuni tarqaldi, holat bundan bir kun oldin taxminan soat 18:15larda bo‘lgani aytilgandi.

Keyinroq poytaxt Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi vakillari bu bo‘yicha rasmiy munosabat bildirib, bolani tok urganini rad etgan, u muassasa hovlisidagi sport maydonidan chiqib ketayotganida ahvoli yomonlashib, hushidan ketganini, Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markaziga olib ketilgani va u yerda ham o‘ziga kelmay vafot etganini qayd etgandi.

Boshqarma o‘quvchini tok urmagani, bu hududda hech qanday elektr toki kabeli uzilgan holat kuzatilmagani, maktab stadioni va uning atrofida elektr energiya uzatkichlari borligi aniqlanmaganini bildirgan. Biroq hozirda rasmiy bayonotdan bu jumlalar olib tashlanib, tahrirlab qo‘yilgan.

Keyinchalik sud tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasi 8-sinf o‘quvchisining o‘limiga elektr toki urishi sabab bo‘lganini ko‘rsatdi.

Mavzuga oid