Jahon | 16:55 / 09.03.2019
15446
3 daqiqa o‘qiladi

Shvetsiyada o‘zbekistonlik shaxs yetti yilga qamaldi. U teraktga tayyorgarlik ko‘rgani aytilmoqda

Foto: Janerik Henriksson/Reuters

Shvetsiya poytaxti yaqinidagi Solna okrug sudi O‘zbekistondan bo‘lgan 46 yoshli shaxsni teraktga tayyorgarlik ko‘rgani uchun yetti yilga ozodlikdan mahrum etdi, keyinchalik u davlatdan deportatsiya qilinadi. Shuningdek, bu ish bo‘yicha to‘rt nafar shaxs IShID terrorchilik tashkilotini moliyalashtirish aybi bilan sudlandi, deb xabar qilmoqda TASS sud instansiyasi ma'lumotiga asosan.

«O‘n ikki kun davom etgan asosiy eshituvlardan keyin Solna okrug sudi terrorchilik jinoyatlariga tayyorgarlik ko‘rish hamda IShID faoliyatini moliyalashtirish bo‘yicha ish yuzasidan qaror chiqardi. Uch kishi jinoyatga tayyorgarlik ko‘rishda ayblandi, olti nafari - IShIDni moliyalashtirishda, - deya ta'kidlanadi xabarda. - Sud bir shaxsni terrorchilik jinoyatiga tayyorgarlik ko‘rgani uchun yetti yilga ozodlikdan mahrum qildi. Boshqa ikki erkak ushbu jinoyat bo‘yicha oqlandi».

Sud fikricha, ayblov tomonida sudlanuvchi bomba tayyorlashda ishlatilishi mumkin bo‘lgan kimyoviy moddalarga ega ekani hamda «u IShID nomidan portlash sodir etishni rejalashtirgani»ga doir yetarli dalillar mavjud.

Olti ayblanuvchidan to‘rt nafari IShID faoliyatini moliyalashtirgani uchun to‘rt oydan olti oygacha bo‘lgan muddatga qamaldi, biroq ular jazo muddati tugaganidan keyin mamlakatdan chiqarib yuborilmaydi. Qolgan gumonlanuvchilarga qarshi dalillar sud tomonidan yetarli emas deb topildi, shuning uchun ular oqlandi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning yanvar oyi boshlarida Shvetsiyada O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolariga nisbatan sud boshlangandi

Tergov ma'lumotlariga ko‘ra, uch gumondor - O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolari. Ulardan kamida bir nafari 2017 yil 7 aprel kuni Shvetsiya poytaxti markaziy savdo ko‘chasida odamlar ustiga yuk mashinasini haydab borgan shaxs, O‘zbekiston fuqarosi Rahmat Oqilov bilan aloqada bo‘lgan.

2017 yili 7 aprel kuni Shvetsiya poytaxti Stokgolmda yuk mashinasi yo‘l chetidagi piyodalar ustiga katta tezlikda kelib, urilgan. Drottninggatan ko‘chasida harakatlanib kelayotgan yuk mashinasi taxminan 500 metr masofani bosib o‘tishi bilan Åhlens savdo markazi joylashgan binoga «bostirib kirgandi». Hodisa joyida 5 kishi vafot etdi, yana 15 nafar tinch aholi vakillari jarohat oldi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid