O‘zbekiston | 18:08 / 15.08.2025
8841
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonga oid noto‘g‘ri ma’lumot global iqlim tadqiqotida jiddiy xatoga olib keldi

Nature jurnalida chop etilgan tadqiqotda iqlim o‘zgarishlari sabab global yalpi ichki mahsulot 2050 yilda 19 foiz, 2100 yilga borib esa 62 foizga kamayishi keltirilgandi. Stenford universiteti mutaxassislarining ta’kidlashicha, O‘zbekiston bo‘yicha kiritilgan xato ma’lumotlar umumiy yo‘qotishni karrasiga oshirib yuborgan.

Foto: AP

O‘tgan yili Nature jurnalida chop etilgan tadqiqotda global iqlim o‘zgarishi tufayli 2050 yilga borib jahon yalpi ichki mahsuloti 19 foiz, 2100 yilga borib esa 62 foizga kamayadi, degan xulosa keltirilgandi. Ushbu tahlil xalqaro moliyaviy institutlar – jumladan, Jahon banki va AQSh hukumati tomonidan ham turli prognoz va rejalashtirishda foydalanilgan. Keltirilgan raqamlar avvalgi taxminlardan uch barobar yuqori edi va bu xavotirlarni kuchaytirdi.

The Washington Post’ning yozishicha, Stenford universiteti olimlari tomonidan olib borilgan tadqiqotlarda bunday katta yo‘qotishlar haqidagi xulosalar O‘zbekistondan olingan noto‘g‘ri ma’lumotlar tufayli yuzaga kelgan.

O‘zbekiston ma’lumotlari bazadan olib tashlangach, modeldagi yo‘qotishlar keskin qisqardi: 2100 yil uchun YaIMdagi yo‘qotish 62 foiz emas, balki 23 foizni, 2050 yil uchun esa 19 foiz o‘rniga 6 foizni tashkil etdi, deya ta’kidlagan Stenford universiteti Global siyosat laboratoriyasi direktori va sharh hammualliflaridan biri Solomon Hsiang.

Nature jurnalining amaliy va fizika fanlari bo‘yicha bosh muharriri Karl Ziyemelis elektron pochta orqali tadqiqot qayta ko‘rib chiqilayotgani va «masala hal bo‘lgach, tegishli tahririy choralar ko‘rilishi» haqida yozgan.

Mutaxassislar tadqiqotdan har bitta alohida mamlakat haqidagi ma’lumotni olib tashlab, umumiy natijani taqqoslab ko‘rishadi. Bunda raqamlar sezilarsiz darajada o‘zgarib borgan. O‘zbekiston bilan ham shu amaliyot qo‘llanganda esa umumiy natija keskin yaxshilanadi.

Shundan so‘ng olimlar O‘zbekiston bo‘yicha ma’lumotlarni batafsil o‘rgangan. Dastlabki tadqiqotga ko‘ra, mamlakat YaIM 2000 yilda deyarli 90 foizga qisqaradi, 2010 yilda esa ba’zi hududlarda 90 foizdan ortiq o‘sish kuzatilgan. Boshqa yillarda ham keskin tebranishlar qayd etilgan. Biroq Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 40 yil ichida O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishi nisbatan barqaror bo‘lib, -0,2 foizdan 7,7 foizgacha bo‘lgan oraliqda shakllangan.

Natijada harorat va yog‘ingarchilik o‘zgarishi omili iqtisodiy o‘sish bilan bog‘laydigan asosiy modelda ustunlik qilgan va yalpi ichki mahsulot iqlim o‘zgarishidan keskin zarba olishini ko‘rsatadigan umumiy natija shakllangan.

«Sizda ko‘plab ma’lumotlar bo‘lsa-da, kichik bir mamlakat natijaga shunchalik kuchli ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini tasavvur qilish qiyin. Shu sababli ma’lumotlar va natijalarni sinchkovlik bilan tekshirish muhim», degan Solomon Hsiang.

Dastlabki tadqiqot mualliflari – Germaniyaning Potsdam iqlim ta’sirini o‘rganish instituti olimlari boshqacharoq fikrda. Ular O‘zbekiston bilan bog‘liq xatolik dastlabki ma’lumotlarni qayta ishlashdagi muammolar tufayli yuzaga kelganini tushuntirib, muqobil tahlil o‘tkazgan. Takomillashtirilgan modelda 2050 yilga borib jahon YaIMning ehtimoliy zarari 19 foizdan 17 foizga pasaytirilgan.

«Muammolarni ko‘rsatishgani uchun minnatdormiz va bu ilmiy jarayonning bir qismidir. Ammo maqolaning asosiy xulosalari saqlanib qoladi va hisob-kitoblarga ozgina o‘zgarishlar kiritildi», deydi dastlabki tadqiqot hammualliflaridan biri, Berlin Texnika universiteti professori Leoni Venz.

O‘z navbatida tanqidchilar metodologiyadagi o‘zgarishlar dastlabki natijalarni shubha ostiga qo‘yishini ta’kidlayapti.

«Ilm-fan siz xohlagan natijaga erishish uchun tajriba shartlarini o‘zgartirish tamoyili bo‘yicha ishlamaydi. Bunday yondashuv ilmiy metodga ziddir», - degan Hsiang.

Nature jurnali mazkur masala yuzasidan tekshiruv boshlab, tahririyat zarur choralar ko‘rishini ma’lum qildi. Mutaxassislar bunday global tahlillarda har bir mamlakat ma’lumotlari sinchiklab tekshirilishi zarurligini ta’kidlayapti.

Mavzuga oid